Logo

TOP-9: Toshkentdagi eng qimmat va ommabop xususiy maktablar

Bugun 16:283 daqiqa

Oxirgi besh yilda O‘zbekistonda xususiy maktablar soni qariyb 4,5 barobarga oshdi. Bozorga yangi o‘yinchilar kirib kelishi va raqobat kuchayishi esa narxlarni ham keskin o‘zgartirib yubordi: bugun poytaxtda oyiga 5,6 mln so‘m oladigan maktabni ham, oylik to‘lovi hatto 32 mln so‘mdan oshadigan «elitar» maskanlarni ham uchratish mumkin. Vaqt.uz muxbiri mamlakatdagi xususiy ta’lim bozori, narx omillari va eng qimmat maktablar reytingini tahlil qiladi.

TOP-9: Toshkentdagi eng qimmat va ommabop xususiy maktablar © Foto: Prezident matbuot xizmati

So‘nggi yillarda ota-onalarning farzandlarini xususiy maktablarga berishga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda. Bu avvalo davlat maktablaridagi sinflarda bola sonining haddan tashqari ko‘pligi va ta’lim sifatiga bo‘lgan talabning ortgani bilan izohlanadi. Aynan shu kuchayib borayotgan talab xususiy ta’lim bozorining keskin kengayishiga turtki berdi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi nodavlat maktablar soni bir yilning o‘zida 21,1 foizga ko‘payib, 551 taga yetgan. Xususiy maktablarning eng katta ulushi Toshkent shahri (145 ta) va Farg‘ona viloyati (121 ta) hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu raqamlar ortida esa ta’lim sifati, sharoit va eng muhimi – narx borasida butunlay farq qiladigan ulkan bozor yotibdi.

Toshkentdagi xususiy maktablar reytingi va narxlar ko‘rsatkichi

Bozordagi takliflarni shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin: xalqaro premium-segment va milliy-chuqurlashtirilgan ommabop segment.

 

Maktab nomi

Ta’lim dasturi va xususiyati

Oylik to‘lov (so‘m)

Qo‘shimcha / yillik badal

CIS International School

Britaniya (Cambridge)

32 300 000

Canadian School of Tashkent

Kanada (Nova Scotia)

22 500 000

25 mln (qabul) + 9 mln (yillik)

International Talent Academy

IB (International Baccalaureate)

13 300 000 – 20 700 000

Invento The Uzbek International School

IB (Full Continuum, 12 yillik)

17 880 000

23 mln (ro‘yxatdan o‘tish)

Oxbridge International School

IB / Xalqaro dastur

16 000 000

Jahon School

Milliy + Xorjiiy tillar

7 000 000

Registon School

Chuqurlashtirilgan (Matematika, Eng)

6 200 000

Thompson School

Chuqurlashtirilgan (Matematika, Eng)

5 900 000

Al Jabr School

Milliy + IT / Zamonaviy fanlar

5 600 000

 

Narxlar o‘rtasidagi 6 barobarlik farq qanday shakllanadi?

Xo‘sh, reytingning yuqori pog‘onalarini egallagan maktablardagi juda yuqori narxlar (masalan, CIS’da oyiga 32,3 mln so‘m yoki Canadian School’da yiliga 20 mln so‘mdan ortiq) qanday shakllanadi? Bunda narxni oshiruvchi bir qator asosiy omillar bor.

Avvalo, bu – sertifikatsiya va litsenziya xarajatlari. Xalqaro IB (International Baccalaureate) yoki Cambridge dasturlarini olib kirish va ulardan foydalanish huquqini ushlab turish uchun maktablar yiliga o‘n minglab dollar franshiza to‘laydi.

Ikkinchidan, pedagoglar maoshi. Premium maktablarning asosiy xarajati Buyuk Britaniya, Kanada, AQSH kabi davlatlardan taklif etilgan chet ellik (native) o‘qituvchilar hisobiga shakllanadi. Ularning maoshi, yashash xarajatlari va sug‘urtasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontrakt narxiga ta’sir qiladi.

Shuningdek, kampus va ijtimoiy muhit ham muhim rol o‘ynaydi. Bunday maktablar o‘quvchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy universitetlarga kirishga tayyorlaydi. To‘lov ichida nafaqat ta’lim, balki muayyan ijtimoiy maqom (status) va atrofdagi nufuzli muhit narxi ham yashiringan bo‘ladi.

Aksincha, reytingda nisbatan arzonroq o‘rinlarni egallagan maktablar (Registon, Thompson, Al Jabr, Jahon) milliy ta’lim standartlari asosida ishlaydi. Ular narxni hamyonbop ushlab turish uchun asosiy e’tiborni ortiqcha hashamatga emas, balki aniq fanlar va ingliz tilini chuqurlashtirib o‘qitish, 3 mahal ovqatlanish hamda IT va sport to‘garaklarini tashkil etishga qaratadi.

Bu maktablarda o‘qituvchilar tarkibi asosan mahalliy tajribali mutaxassislardan iborat bo‘lgani bois, kontrakt narxlari oyiga 5,6 mln – 7 mln so‘m atrofida aylanadi.

Xulosa

Toshkentdagi xususiy maktablar bozorining bugungi holati shuni ko‘rsatadiki, ota-onalar oldida ikkita farqli tanlov turibdi:

•        Farzandini xorijga yuborish, nufuzli chet el universitetlariga kiritish va xalqaro muhitda o‘stirishni maqsad qilganlar uchun qimmatroq xalqaro maktablar (oyiga 15 mln – 32 mln so‘m).

•        Farzandiga xavfsiz va tartibli muhit, chuqurlashtirilgan fanlar va zamonaviy to‘garaklarni ta’minlashni istaganlar uchun hamyonbop muqobil maktablar (oyiga 5,6 mln – 7 mln so‘m).

Manzarani to‘liq anglash uchun yana bir jihatga e’tibor qaratish zarur: maktab to‘lovlarining, aytaylik, 6 barobar qimmatligi ta’lim sifati ham aynan 6 barobar yuqoriligini anglatmaydi. Narx bu yerda ko‘proq xalqaro sertifikat, chet ellik o‘qituvchilar maoshi va status hisobiga baland. Shu sababli, ota-onalar maktab tanlashda faqat brend yoki narxga emas, balki farzandning kelajakdagi aniq maqsadlari va shaxsiy ehtiyojlariga qarab qaror qabul qilishlari eng to‘g‘ri strategiyadir.

Diyora Xabibullayeva, jurnalist

 

 

Teglar

Mavzuga oid