Logo

Toshkentdagi umumta’lim maktablariga bepul velosipedlar tarqatiladi

Kecha 22:102 daqiqa

Ushbu amaliyot 2029 yildan boshlab bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etilishi rejalashtirilgan.

Toshkentdagi umumta’lim maktablariga bepul velosipedlar tarqatiladi © Foto: graduateprogram.org

2027 yilning martidan boshlab Toshkent shahridagi zarur infratuzilmaga ega bo‘lgan umumta’lim maktablari bosqichma-bosqich velosipedlar bilan ta’minlanadi. Ushbu tajriba o‘zini oqlasa, 2029 yildan boshlab butun O‘zbekiston bo‘ylab tatbiq etiladi. Bu haqda Prezidentning 2026 yil 11-noyabrdagi PQ-394-son qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi tomonidan mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 2027-2028 yillarda yangi amaliyot — «Toshkent tajribasi» tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi. Ushbu dastur doirasida poytaxtdagi sport infratuzilmasi mavjud bo‘lgan har bir tanlab olingan umumta’lim maktabiga 4 tadan ommaviy va 1 tadan professional velosiped bepul yetkazib beriladi. Bu orqali o‘quvchilarni velosportga keng jalb qilish va kelgusida professional sport uchun iqtidorli yoshlarni saralab olish (seleksiya) bazasini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Maktablarga ajratiladigan velosipedlardan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash hamda iqtidorli o‘quvchilarni tanlab olish uchun hududlardagi sport maktablarining ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksionerlari tegishli umumta’lim maktablariga biriktiriladi. Ular maktab o‘quvchilari bilan bevosita hamkorlikda ishlaydi.

Shuningdek, 2027/2028 o‘quv yiliga qadar Respublika velosport mahorat maktab-internati va O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi hamkorligida maktab o‘quvchilari foydalanishi uchun velosportga oid maxsus videomahsulotlar ishlab chiqiladi va amaliyotga tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, hujjatda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan maktablarda velosport turlarini ommalashtirish maqsadida «Maktab uchun velosport» chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi, shuningdek, zarur infratuzilmaga ega maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida an’anaviy «Direktor kubogi» velosport musobaqasi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Qarorda qayd etilishicha, 2027-2028 yillar davomida poytaxtda o‘tkaziladigan «Toshkent tajribasi»ning natijalari chuqur tahlil qilinadi. Ushbu tahlillarga asoslanib, 2029 yilning yanvaridan boshlab mazkur velosiped tarqatish va maktablarda velosportni rivojlantirish amaliyotini bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etish rejalashtirilgan. Buning uchun Sport vazirligi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli asoslangan takliflar kiritiladi.

Teglar

Mavzuga oid