«Uzbekistan Airways» qatorida yana to‘rtta kompaniyaning IPO jarayonlari kechiktirildi
Joriy yil oxirigacha xususiylashtirilishi rejalashtirilgan beshta yirik davlat korxonasi va bankning aksiyalarini IPO orqali sotish 2027–2028-yillarga qoldirilmoqda.
© simpleflying.com2026-yilning ikkinchi yarmida IPO orqali sotilishi rejalashtirilgan «Uzbekistan Airways» aksiyalarini joylashtirish 2027-yilga ko‘chirilishi haqida avvalroq ma’lum qilingan edi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bunga kompaniyani IPO jarayoniga puxta tayyorlash va zarur transformatsiya choralarini amalga oshirish sabab bo‘layotganini bildirgan.
Endilikda boshqa to‘rtta davlat korxonasi va bank aksiyalarini ham xalqaro kapital bozoriga chiqarish muddatlari 2027–2028-yillarga belgilangan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining 5-noyabrdagi xabariga ko‘ra, IPOga tayyorlanayotgan tashkilotlar ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgan:
● «Uzbekistan Airways»;
● «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari»;
● «O‘zbekgidroenergo»;
● «O‘zbektelekom»;
● «O‘zsanoatqurilishbank».
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda ushbu tashkilotlarni transformatsiya qilish va xalqaro kapital bozorlariga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Xalqaro investorlar bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda
Vazirlikning qayd etishicha, 14-oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan Investors Day tadbirida 250 nafardan ortiq xorijiy investor ishtirok etgan. Ularning umumiy investitsiya portfellari qiymati 2,5 trln dollardan oshadi.
16-oktabr kuni esa Corporate Governance Day 2026 tadbiri tashkil etilgan. Unda davlat korxonalarida korporativ boshqaruvni takomillashtirishning oltata ustuvor yo‘nalishi muhokama qilingan:
● MHXS asosida sifatli moliyaviy hisobot yuritish;
● korporativ taqvimga rioya qilish;
● KPI tizimini qayta ko‘rib chiqish;
● uzoq muddatli moliyaviy modellarni ishlab chiqish;
● muhim korporativ funksiyalarni kuchaytirish;
● korxonalar faoliyatini rivojlantirish strategiyasini takomillashtirish.
Muddat o‘zgarishi haqida avval ham gapirilgan
Bu muddatning o‘zgarishi haqida avvalroq ham ma’lumot berilgan edi. 2026-yilning iyunida hukumat «Uzbekistan Airways» va «O‘zbektelekom» aksiyalarining xalqaro fond bozorlariga chiqishini 2027-yilga rejalashtirayotganini bildirgan. O‘sha paytda bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov davlat kompaniyalarini IPO’ga olib chiqishdan oldin ularni chuqur transformatsiya qilish zarurligini ta’kidlagan.
Eng muhim jihati, vazirning bayonotlariga qaramay prezident matbuot xizmati 15-iyulda «Uzbekistan Airways» qatorida yana to‘rtta kompaniya – «SQB», «O‘zbekgidroenergo», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va «O‘zbektelekom» bo‘yicha ishlar shu yilning o‘zida yakunlanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
O‘sha vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev «Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish va IPO’ga tayyorlash ishlarini jadallashtirish haqidagi taqdimot bilan tanishgan.
Transformatsiya dasturida 115 ta chora bor
«Uzbekistan Airways» uchun «Franklin Templeton» vakillari ishtirokida 115 ta chora-tadbirdan iborat transformatsiya dasturi ishlab chiqilgan. Prezident tanishgan taqdimotda ushbu dastur to‘liq amalga oshirilsa, aviakompaniyaning yillik operatsion daromadini 120 mln dollargacha oshirish imkoniyati borligi qayd etilgan.
Dastur doirasida marshrutlarni optimillashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvlarni ko‘paytirish, mijozlar bilan ishlash tizimini yaxshilash, parvozlar orasidagi vaqtni qisqartirish, kechikish va reyslar bekor qilinishini kamaytirish, shuningdek, keytering va texnik xizmat ko‘rsatish tizimlari samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ushbu choralar kompaniyaning bozor qiymatini 1,6 mlrd dollardan 2,3 mlrd dollargacha oshirish imkonini berishi prognoz qilinmoqda.





