Logo

Yangi Toshkent shahri hokimligi tashkil etiladi

Yangi hokimlikning boshqaruv apparati jami 14 nafar xodimdan iborat bo‘ladi. Shahar hokimini prezident lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi.

Yangi Toshkent shahri hokimligi tashkil etiladi © presidentuz

Yangi Toshkent shahri uchun alohida hokimlik tashkil etiladi. Bu haqda Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF–243-son farmonida belgilandi. Hujjat 11-noyabrdan kuchga kirdi.

Yangi Toshkent hokimligi boshqaruv apparati 14 nafar xodimdan iborat bo‘ladi. Uning tarkibiga hokimning birinchi o‘rinbosari va yana ikki o‘rinbosari, yordamchi, axborot xizmati rahbari, tashkiliy-nazorat guruhi hamda boshqa mas’ul xodimlar kiradi.

Shuningdek, shaharda davlat organlari va tashkilotlarining 16 ta bo‘linmasi tashkil etiladi. Ularda jami 30 ta shtat birligi ajratiladi. Mazkur shtatlar tegishli idoralarning amaldagi umumiy shtatlari doirasida shakllantiriladi.

Hokimlik tegishli ma’muriy-hududiy birlik tashkil etilguniga qadar faoliyat yuritadi. Uning faoliyati respublika budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

Idoralar bir oyda tashkil etiladi

Farmonga muvofiq, Yangi Toshkent hokimligi va davlat idoralarining hududiy bo‘linmalariga direksiya tomonidan doimiy foydalanish uchun berilgan hududlarda mustaqil qaror qabul qilish vakolati beriladi. Bu vakolat Toshkent viloyati va tumanlaridagi tegishli davlat organlari vakolatiga kiradigan masalalarga taalluqli bo‘ladi.

Hokimlik hamda davlat idoralarining bo‘linmalari vaqtincha sobiq «Yangi Toshkent» loyihasi ofisi binosiga joylashtiriladi. Bino ularga tekin foydalanish huquqi asosida beriladi.

Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bir oy muddatda Yangi Toshkentda o‘z tuzilmalarini tashkil etish topshirilgan.

Ma’muriy maqom belgilanadi

Farmonda Vazirlar Mahkamasiga hokimlikni tashkil etish bo‘yicha tashkiliy-texnik choralarni ko‘rish vazifasi ham yuklatilgan. Hukumat bu ishlarni o‘n kun ichida amalga oshirishi kerak.

Shuningdek, uch oy muddatda Yangi Toshkentning ma’muriy-hududiy maqomi bo‘yicha takliflar kiritilishi belgilangan.

Hokimlik va davlat idoralari bo‘linmalarining vakolatlari esa tegishli ma’muriy-hududiy birlik tashkil etilguniga qadar amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Toshkentda investorlar 20 yilgacha soliqdan ozod qilinishi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid