Logo

Qishda gaz kimlarga birinchi navbatda yetkazib berilishi belgilandi

Bugun 13:592 daqiqa

Hukumat qarori bilan kuz-qish mavsumida gaz taqsimlash tartibi belgilandi. Harorat keskin pasaysa, ayrim iste’molchilarga vaqtinchalik cheklovlar qo‘llanishi mumkin.

Qishda gaz kimlarga birinchi navbatda yetkazib berilishi belgilandi © Ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil 1-oktabrdan 2027-yil 31-martgacha aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, mavjud gaz resurslari birinchi navbatda aholi xonadonlari, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltiriladi.

Gaz yetkazib berish hajmlari mavjud resurslar va ob-havo sharoitidan kelib chiqib belgilanadi. Bu jarayonda aholi hamda ijtimoiy obyektlarning uzluksiz ta’minoti asosiy ustuvorlik bo‘lib qoladi.

Gaz taqsimoti qanday belgilanadi?


Energetika vazirligi «O‘ztransgaz», «Hududgazta’minot» va boshqa mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda gaz resurslari hamda ob-havo sharoitini hisobga olgan holda 10 kunlik va kunlik yetkazib berish jadvallarini ishlab chiqadi.

Ushbu jadvallar har oyning 25-sanasigacha kuz-qish mavsumini betalafat o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritiladi.

Respublika komissiyasi esa har oyning oxirgi kunigacha keyingi oy uchun hududlar va yirik ulgurji iste’molchilar kesimida gaz yetkazib berish jadvallarini tasdiqlaydi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari «Hududgazta’minot»ning hududiy filiallari bilan birgalikda tasdiqlangan jadvallar asosida tuman va shaharlar kesimida gaz taqsimotini tashkil etadi.

Sovuqda cheklovlar bo‘lishi mumkin

Magistral quvurlarda bosim pasayishi yoki gaz resurslari hajmi kutilmaganda o‘zgargan taqdirda, gaz taqsimoti tezkor ravishda qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini gaz bilan ta’minlash ustuvorligi saqlanadi.

Havo harorati keskin pasaygan davrda xonadonlar, maktablar, bog‘chalar va shifoxonalarga gaz yetkazib berish barqarorligini saqlash maqsadida boshqa toifadagi iste’molchilarga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq havo haroratining pasayishi sababli metan-shoxobchalar faoliyati cheklanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid