Logo

Banklarda bir oyda salkam 4 mln shubhali holat aniqlandi

Bugun 16:152 daqiqa

Oktyabr oyida banklarning antifrod tizimlari orqali 1,69 trln so‘mlik shubhali operatsiyalar cheklangan. Shuningdek, 257 mingdan ortiq qurilma zararli dasturlardan tozalangan.

Banklarda bir oyda salkam 4 mln shubhali holat aniqlandi © Vaqt.uz

O‘zbekistonda 2026-yilning oktabr oyida banklarning antifrod tizimlari orqali 3,86 milliondan ortiq yuqori xavfli sessiya aniqlanib, 1,69 trillion so‘mlik shubhali operatsiyalar cheklangan. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, xavfli sessiyalarning yarmidan ko‘pi «Xalq banki» hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bankda bir oy davomida 2,03 millionta shunday holat bo‘lgan. Bu umumiy ko‘rsatkichning 52,5 foizini tashkil etadi.

Keyingi o‘rinlarda «Biznesni rivojlantirish banki» (874,3 ming) va «Ipak yo‘li banki» (161,1 ming) joylashgan.

Shubhali operatsiyalar bo‘yicha cheklangan mablag‘lar hajmida esa «Orient Finans bank» birinchi o‘rinda turibdi. Ushbu bankda 636 milliard so‘mlik operatsiyalar cheklangan. «O‘zsanaotqurilishbank»da bu ko‘rsatkich 613,7 milliard so‘mni, «Xalq banki»da esa 241,6 milliard so‘mni tashkil etgan.

Рисунок1

 

Banklar zararli dasturlarga qarshi qanday choralar ko‘rdi?

Oktyabr oyida banklarning antivirus tizimlari orqali yuborilgan ogohlantirishlardan so‘ng 257 ming 10 ta qurilma zararli fayllardan tozalangan.

Bu yerda ham «Xalq banki» yetakchilik qilgan. Bank mijozlariga tegishli 80 mingta qurilma tozalangan. «Uzum bank»da 45,4 mingta, «Aloqabank»da esa 35,4 mingta qurilmada zararli fayllar bartaraf etilgan.

Bundan tashqari, zararli dasturlar aniqlangani sababli jami 220 ming 316 foydalanuvchining bank mobil ilovalaridan foydalanishi cheklangan.

Eng ko‘p cheklov «Hamkorbank»da qayd etilgan — 69 ming 567 nafar. «Mikrokreditbank»da 30 ming, «Xalq banki»da esa 24 ming 709 foydalanuvchining ilovadan foydalanishi cheklangan.

 

Рисунок2

Sentyabr oyida Markaziy bank tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarida shubhali operatsiyalarni aniqlash bo‘yicha yangi talablarni joriy etishni taklif qilgan edi. Loyihaga ko‘ra, antifrod tizimlari tun-u kun ishlashi, operatsiyalarni real vaqt rejimida tekshirishi va zarur hollarda mijozdan qo‘shimcha tasdiq olishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank oktabr oyida 6 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgandi.

Teglar

Mavzuga oid