Logo

Toshkentda onlayn qimor va firibgarlik bilan shug‘ullangan 72 kishi ushlandi

Bugun 18:532 daqiqa

Poytaxtda yashirin faoliyat yuritgan ikkita koll-markaz fosh etildi. Tekshiruvlarda 576 ming dollarlik kriptoaktivlar aylanmasi aniqlangan.

Toshkentda onlayn qimor va firibgarlik bilan shug‘ullangan 72 kishi ushlandi © Videodan kadr

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari ikkita yashirin koll-markaz faoliyatiga chek qo‘ydi. Tezkor tadbirlar davomida jami 72 nafar fuqaro qo‘lga olingan.

Birinchi holat Mirobod tumani Farg‘ona yo‘li 1-tor ko‘chasidagi xonadonda aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, 52 nafar fuqaro binoni oyiga 9 ming dollarga ijaraga olib, yashirin faoliyat yuritgan.

Ular noqonuniy onlayn qimor va bukmekerlik o‘yinlari uchun pul mablag‘larini qabul qilish, shuningdek, tranzaksiyalarni bank kartalari orqali o‘tkazish bilan shug‘ullangan.

Xonadonni ko‘zdan kechirish davomida 110 ming dollar naqd pul, 71 ta noutbuk, 278 ta telefon va uchta Starlink sun’iy yo‘ldosh internet qurilmasi musodara qilingan.

Yana bir yashirin koll-markaz fosh etildi

Tezkor tadbirlar Katta Mirobod ko‘chasidagi boshqa manzilda davom ettirilib, yana bir yashirin koll-markaz aniqlangan. Bu yerda oyiga 2 ming dollar evaziga ijarada yashab kelgan 20 nafar fuqaro ushlangan.

Mazkur guruh internet orqali soxta ishqiy munosabatlarni taklif qilish bilan shug‘ullangan. Ular o‘zlarini ayol kishi sifatida tanishtirib, fuqarolar bilan ishonchli munosabat o‘rnatgan va ularni aldash orqali pullarini o‘zlashtirgan.

Ushbu manzildan 24 ta noutbuk, bitta planshet, 52 ta telefon va to‘rtta Wi-Fi qurilmasi olib qo‘yilgan.

Ikkala guruhda ham vazifalar o‘zaro taqsimlangan bo‘lib, ular rahbarlar, ish boshqaruvchilar, operatorlar va qo‘riqchilardan iborat bo‘lgan.

Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, ushbu guruhlar faoliyatida jami 576 ming AQSH dollari miqdoridagi kriptoaktivlar aylanmasi aniqlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid