Logo

Omon qolish uchun 72 soat: Nega 33 davlat hukumati aholiga oziq-ovqat va suv g‘amlashni buyurmoqda?

Kecha 21:305 daqiqa

Oktyabr oyining oxiridan buyon jahon ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda turli mamlakatlarning fuqaro muhofazasi vazirliklari tomonidan e’lon qilingan rasmiy ko‘rsatmalar qizg‘in muhokama qilinmoqda. Kamida 33 ta davlat hukumati o‘z fuqarolariga favqulodda vaziyatlar uchun oziq-ovqat, suv va dori-darmon zaxirasini to‘plashni tavsiya qilmoqda.

Omon qolish uchun 72 soat: Nega 33 davlat hukumati aholiga oziq-ovqat va suv g‘amlashni buyurmoqda? © haqqin.az

Ekspertlarning ta’kidlashicha, bu yerda gap qandaydir muqarrar halokat oldidagi vahimali safarbarlik haqida emas, balki jamiyatning gibrid tahdidlar, iqlim inqirozlari va kiberhujumlarga qarshi bardoshliligini tizimli ravishda oshirish haqida bormoqda. Yevropaning ko‘plab mamlakatlaridagi tavsiyalarga Yevrokomissiya tomonidan 2025 yilda taqdim etilgan «Tayyorgarlik ittifoqi strategiyasi» asos bo‘ldi. Unda inqirozning dastlabki 72 soatida aholining mustaqil jon saqlash standarti belgilangan. Hukumatlar tomonidan fuqarolarga tavsiya etilayotgan mustaqil omon qolish muddati esa mintaqaga qarab turlicha.

1

Buyuk Britaniyada «Be Ready» (Tayyor bo‘l) davlat kampaniyasi ishga tushirildi. Hukumat har bir oilani 3 kunlik oziq-ovqat va ichimlik suvi (bir kishi uchun kamida 9 litr), shuningdek, fonar, radiopriyomnik, birinchi yordam qutisi va naqd pul zaxirasini g‘amlab qo‘yishga chaqirmoqda. Fransiyada ham uyda uch kunlik oziq-ovqat va suvning eng zarur zaxirasi bo‘lishi tavsiya etilmoqda. Niderlandiya va Irlandiyada fuqarolarga 3 kunlik zaxira tayyorlash maslahat berilgan. Germaniya hukumati esa aholiga oziq-ovqat va birinchi galdagi ehtiyoj tovarlarining 10 kungacha yetadigan mustaqil zaxirasini saqlashni tavsiya qilmoqda. Shvetsiya va Norvegiyada aholiga zaxiralarni taxminan bir haftaga (7 kun) mo‘ljallash uqtirilmoqda. AQSH va Kanadada, shuningdek, boshqa qator mamlakatlarda aholiga shtat yoki hududga qarab bir necha kunlik favqulodda to‘plam hamda oziq-ovqat va suv zaxirasiga ega bo‘lish tavsiya etiladi. Yaponiyada esa an’anaviy tarzda fuqarolarni tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar uchun 3 kundan 7-10 kungacha yetadigan zaxiralarni saqlab turishga chaqirishadi.

Asosiy sabablar: infratuzilmaga qaratilgan yirik kiberhujumlar xavfi, elektr ta’minotidagi uzilishlar, kuchli bo‘ron va suv toshqinlari, geosiyosiy xavf-xatarlar va «yalpi mudofaa» zarurati, shuningdek, keng ko‘lamli blekautlar (elektr uzilishlari) yoki ta’minot zanjiridagi ehtimoliy uzilishlardir.

2

Tavsiya etilgan «favqulodda to‘plam»ga nimalar kiradi?

Ko‘pchilik mamlakatlarning vazirliklari oilaviy zaxiralarni yaratish uchun bir-biriga o‘xshash ro‘yxatlarni e’lon qilmoqda. Xususan:

·         Ichimlik suvi kuniga bir kishi uchun taxminan uch litr hisobida g‘amlanadi (masalan, Buyuk Britaniyada oilaning har bir a’zosi uchun 3 kunga kamida 9 litr qadoqlangan suv saqlash maslahat beriladi).

·         Oziq-ovqat: Pishirishni talab qilmaydigan va uzoq saqlanadigan mahsulotlar (konservalar, yormalar, quruq mevalar, yong‘oqlar).

·         Aloqa va yorug‘lik vositalari: Fonarlar, batareykalar va, albatta, radiopriyomnik. Internet va uyali aloqa uzilib qolgan taqdirda, rasmiy favqulodda xabarlar faqat radio orqali uzatiladi.

·         Dori-darmonlar: Uydagi birinchi yordam qutisi va retsept asosida beriladigan hayotiy muhim dorilar zaxirasi.

·         Shuningdek, oz miqdorda naqd pul (chunki blekaut yoki kiberhujum vaqtida bank kartalari ishlamaydi), muhim hujjatlarning nusxalari va issiq kiyimlar.

Ijtimoiy tarmoqlardagi axborot xurujlari Yevropaning ayrim mamlakatlarida qadoqlangan suv taqchilligiga, fonar va konservalar savdosining keskin o‘sishiga olib keldi. Bunga parallel ravishda, internetda go‘yoki muvofiqlashtirilgan «raqamli apokalipsis» (xususan, 2026 yil 17-noyabr sanasi atrofida) haqidagi fitna nazariyalari tarqala boshladi. Biroq mutaxassislarning tushuntirishicha, 17-noyabr kuni AQSHda favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish tizimining (FEMA/FCC) odatiy rejali sinovi o‘tkaziladi va bu global internetga hech qanday ta’sir qilmaydi.

Nemis siyosatshunosi va xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert, Dunay mintaqasi va Markaziy Yevropa instituti (IDM, Vena) direktori Sebastian Shafferning ta’kidlashicha, batareykali radiopriyomnik va naqd pul tarmoqsiz ishlaydigan eng zarur vositalardir.

«Elektr energiyasi uzilgan yoki kiberhujum sodir bo‘lgan paytda mobil tarmoqlar, naqd pulsiz to‘lovlar va hatto rasmiy ogohlantirish ilovalari bir vaqtning o‘zida ishdan chiqadi. Bu esa endi shunchaki taxminiy ssenariy emas. 1-noyabr kuni Ukraina va Rossiyadagi favqulodda vaziyatlardan ogohlantiruvchi ilovalar xakerlar hujumiga uchradi va millionlab odamlar yadroviy tahdid haqida soxta xabarlarni qabul qilib oldi. Bundan bor-yo‘g‘i bir necha kun avval Yevropa Ittifoqi oziq-ovqat do‘konlariga uyushtirilgan kiberhujumlar to‘lqinini ta’minot zanjiriga putur yetkazishga qaratilgan qasddan qilingan harakat deb baholagan edi. Gibrid inqirozlar sharoitida to‘lov va ogohlantirish tizimlari endilikda bevosita nishonga aylanmoqda. Shunday vaziyatda ananaviy (raqamli bo‘lmagan) zaxiralar arzon sug‘urta polisi vazifasini o‘taydi».

3

Yevropaning ayrim hududlaridagi taqchillik kutilgan holat edi. Bir qancha davlat hukumatlari ketma-ket, bir necha hafta orasida bunday tavsiyalarni e’lon qilgach, fuqarolar tabiiy va oqilona tarzda xavf-xatarlarga nisbatan o‘z munosabatini qayta ko‘rib chiqmoqda. So‘ngra, ijtimoiy tarmoqlar bo‘shab qolgan peshtaxtalar suratlarini davlatning har qanday rasmiy xabaridan ko‘ra tezroq, chegaralar osha tarqatib yubordi.

«72 soatlik muddat — mas’uliyatni kimgadir yuklab qo‘yish emas, balki uni o‘zaro taqsimlashdir. Hech qanday favqulodda xizmat bir vaqtning o‘zida hammaga yordam berishga qodir emas. Oilalarning o‘z aravasini o‘zi tortishi davlatga vaqtdan yutish va resurslarni eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlarga yo‘naltirish imkonini beradi. Bu model Skandinaviya mamlakatlaridagi «yalpi mudofaa» an’anasiga borib taqaladi. U yerda inqirozlarga tayyor turish davlatning vazifasini o‘z bo‘yniga olish emas, balki fuqarolik mas’uliyatining bir qismi hisoblanadi. Bu o‘rinda ma’lumotning qanday taqdim etilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Agar hukumat «72 soat» konsepsiyasini go‘yoki odamlarni o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirayotgandek talqin qilsa, bu faqatgina fitna nazariyalariga asos bo‘luvchi ishonchsizlikni yanada kuchaytiradi. Mintaqamiz uchun bunda hech qanday yangilik yo‘q: Ukraina, shuningdek, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi xonadonlar kamida 2022 yildan buyon shunga o‘xshash zaxiralarni shakllantirib kelmoqda», — dedi Shaffer.

Teglar

Mavzuga oid