Logo

Sun’iy intellekt sizning o‘rningizga xarid qilsa, pulni kim nazorat qiladi?

Bugun 14:306 daqiqa

Sun’iy intellekt endi faqat maslahatchi emas — u sizning o‘rningizga pul ham sarflaydi. Meta va OpenAI kabi gigantlar Stripe va Visa bilan hamkorlikda AI-agentlarga mustaqil xarid qilish vakolatini bermoqda. Biroq firibgarlik va xavfsizlik xatarlari sababli JPMorgan banki, Amazon hamda United Airlines kabi yirik kompaniyalar bunday «aqlli xaridorlar»ga qarshi cheklovlar o‘rnatmoqda.

Sun’iy intellekt sizning o‘rningizga xarid qilsa, pulni kim nazorat qiladi?

Tasavvur qiling: sun’iy intellektga yangi komputer sotib olish kerakligini aytasiz. U internet-do‘konlarni ko‘rib chiqadi, narxlarni taqqoslaydi, texnik xususiyatlarni o‘rganadi, eng maqbul taklifni tanlab, to‘lovni ham amalga oshiradi. Buning uchun har bir saytga kirib chiqish, bank kartasi ma’lumotlarini kiritish yoki «Sotib olish» tugmasini bosishga hojat qolmaydi.

Bunday ssenariy endi texnologik kompaniyalarning shunchaki kelajakdagi rejasi emas. Muse, Grok Bot va Instinct kabi sun’iy intellekt yordamchilari foydalanuvchilar nomidan xaridlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa banklar, to‘lov tizimlari va internet-do‘konlar o‘rtasida yangi raqobatni boshlab berdi.

«The Wall Street Journal» nashriga ko‘ra, AQSHdagi Bank of America, Capital One va Citigroup mijozlari ruxsat bergan taqdirda, ularning kartalari orqali AI-agentlar yordamida to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

AI endi faqat maslahat bermaydi, pul ham sarflaydi

Hozirgacha sun’iy intellekt asosan savollarga javob berish, ma’lumot izlash, mahsulotlarni taqqoslash va tavsiya berish uchun ishlatilardi. Yangi avlod AI-agentlari esa keyingi bosqichga o‘tmoqda. Xalqaro texnologiya bozorida bu yo‘nalish «agentic commerce» (agentlar ishtirokidagi savdo) deb ataladi.

Visa ta’rifiga ko‘ra, bu shunday savdo modeliki, unda sun’iy intellekt yordamchilari iste’molchilar yoki kompaniyalarga mahsulot va xizmatlarni topish, qaror qabul qilish hamda xarid jarayonining ayrim yoki barcha bosqichlarini bajarishda ko‘maklashadi. Shuningdek, agent foydalanuvchining ruxsati bilan to‘lovni ham amalga oshira oladi.

Masalan, foydalanuvchi AI-agentga 1000 dollardan oshmaydigan noutbuk sotib olish vazifasini yuklaydi. Agent bir nechta internet-do‘kondagi takliflarni o‘rganadi, narx, quvvat va yetkazib berish shartlarini taqqoslaydi. Keyin esa xaridni amalga oshirish uchun to‘lov jarayoniga o‘tadi.

Stripe va Meta AI-agentlarga bank kartasi bilan xarid qilish imkonini bermoqda

Ushbu yo‘nalishdagi eng muhim hamkorliklardan biri Meta va Stripe o‘rtasida yo‘lga qo‘yildi. Meta 2026 yil 8-sentabrda Muse nomli shaxsiy AI-agentini taqdim etdi. Kompaniyaga ko‘ra, Muse faqat savollarga javob beribgina qolmay, brauzerni ochishi, saytlarda ma’lumot to‘ldirishi, foydalanuvchi nomidan muzokara olib borishi va xaridlarni amalga oshirishi mumkin.

Xarid jarayonida Meta Stripe’ning Link elektron hamyonidan foydalanadi. Ushbu tizim orqali AQSHdagi foydalanuvchilar o‘zlarining Link hisoblarini Muse’ga bog‘lab, unga internet-do‘konlardan mahsulot sotib olish huquqini berishlari mumkin.

Stripe ma’lumotlariga ko‘ra, Link orqali to‘lov qabul qiladigan 1 milliondan ortiq savdo platformasida Muse foydalanuvchining saqlangan to‘lov usuli orqali xaridni amalga oshira oladi. Boshqa internet-do‘konlarda esa Link tasdiqlangan xarid uchun bir martalik virtual karta raqamini yaratib beradi.

Jarayon quyidagicha ishlaydi:

  1. Foydalanuvchi Muse’ga qanday mahsulot sotib olish kerakligini aytadi.

  2. AI-agent internet-do‘konlarni ko‘rib chiqib, mahsulotni tanlaydi va narxini aniqlaydi.

  3. To‘lov bosqichida Link orqali virtual to‘lov kartasi ishga tushadi.

  4. Foydalanuvchi chat interfeysida xaridning yakuniy summasini ko‘rib, uni tasdiqlaydi.

  5. Tasdiqdan so‘ng to‘lov amalga oshiriladi.

Stripe’ning ta’kidlashicha, Muse foydalanuvchining haqiqiy bank kartasi ma’lumotlarini ko‘ra olmaydi. Bir martalik virtual karta esa faqat tasdiqlangan xaridga bog‘lanadi. Bu mexanizmning asosiy maqsadi — sun’iy intellektga to‘lovni amalga oshirish imkoniyatini berish, biroq uning haqiqiy bank kartasi ma’lumotlarini qo‘lga kiritishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.

AI orqali xaridlar 38 barobarga oshgan

Stripe sun’iy intellektning savdo jarayoniga kirib kelishiga oid yana bir muhim ko‘rsatkichni e’lon qildi. Kompaniyaning 2026 yil 29-sentabrdagi ma’lumotiga ko‘ra, Link orqali AI-agentlar amalga oshirgan xaridlar soni bir oy ichida 38 barobarga oshgan.

Kompaniya bu o‘sish uchun aniq operatsiyalar sonini ochiqlamagan. «The Wall Street Journal»ning 12-noyabrdagi maqolasida ham iste’molchilar kartalari orqali AI-agentlar amalga oshirayotgan operatsiyalar hozircha u qadar ko‘p emasligi, ammo to‘lov sohasi vakillari kelajakda bu ko‘rsatkich sezilarli darajada oshishini kutayotgani qayd etilgan.

Hozircha bozorning dastlabki bosqichi kuzatilmoqda. Lekin to‘lov kompaniyalari bu yo‘nalishni kelajakdagi asosiy raqobat maydonlaridan biri sifatida ko‘rmoqda.

OpenAI ham AI-agentlar uchun to‘lov hamyonini ishga tushirdi

2026 yil 13-noyabr kuni OpenAI «ChatGPT Wallet» nomli yangi to‘lov yechimini taqdim etdi. Bu texnologiya AI-agentlarga foydalanuvchilar nomidan xaridlarni amalga oshirish imkonini beradi. Yangi hamyon American Express, Mastercard va Visa bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

OpenAI e’lon qilgan tartibga ko‘ra, foydalanuvchi bank kartasini Wallet’ga bir marta bog‘laydi. Keyin AI-agent mahsulotni tanlab, to‘lovga tayyorlaganda, foydalanuvchi xarid qilinayotgan tovarlar, umumiy summa va qaysi kartadan pul yechilishini ko‘radi. To‘lovni tasdiqlash uchun Face ID yoki barmoq izi kabi biometrik tekshiruvdan o‘tish talab qilinadi.

Shundan so‘ng to‘lov tarmog‘i haqiqiy karta ma’lumotlari o‘rniga maxsus to‘lov tokenini taqdim etadi. Ushbu token karta raqami, xavfsizlik kodi va amal qilish muddati kabi rekvizitlar o‘rnini bosuvchi muqobil to‘lov ma’lumotidir. Natijada AI-agent ham, internet-do‘kon ham foydalanuvchining asl karta ma’lumotlarini olmaydi.

OpenAI ma’lum qilishicha, hozirgi bosqichda har bir xarid foydalanuvchining alohida tasdig‘idan o‘tadi. Kelajakda esa foydalanuvchilar AI-agentlarga oldindan belgilangan mablag‘ limiti, mahsulot toifasi yoki vaqt oralig‘i doirasida mustaqil xarid qilish vakolatini berishlari mumkin bo‘ladi.

«ChatGPT Wallet» 13-noyabrdan boshlab, dastlab AQSHdagi 18 yoshdan katta ChatGPT Pro obunachilari uchun bosqichma-bosqich joriy etila boshladi. Buning uchun AQSHda chiqarilgan bank kartasi va AQSHdagi billing (to‘lov) manzili talab qilinadi.

Banklar AI-agentlarga nisbatan ikki xil pozitsiyada

To‘lov bozorida texnologik kompaniyalar AI-agentlarga ko‘proq vakolat berishga intilayotgan bir vaqtda, banklarning bunga nisbatan pozitsiyasi turlicha.

WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Bank of America, Capital One va Citigroup kartalaridan iste’molchilar ruxsat bergan taqdirda AI-agentlar foydalanishi mumkin. JPMorgan Chase esa bu jarayonga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Nashr manbalarining aytishicha, JPMorgan mijoz o‘z kartasi ma’lumotlarini bevosita AI-botga taqdim etgan holatlarda agentlarni to‘sib qo‘ymoqda. Bank Stripe va boshqa kompaniyalar taklif qilayotgan tokenlarga asoslangan muqobil to‘lov yechimlarini joriy qilishda ham raqiblariga nisbatan sekinroq harakat qilmoqda.

Buning asosiy sabablaridan biri — banklarning mijozlar mablag‘lari va shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligidan xavotirda ekanidir. Shuningdek, JPMorgan, Citigroup, Bank of America va Capital One kabi yirik banklar AI-agentlarning depozit hisoblariga kirishini cheklash yo‘llarini ham ko‘rib chiqmoqda. Bunga shaxsiy moliyaviy ma’lumotlarni himoya qilish bilan bog‘liq xatarlar sabab bo‘lgan.

Savdo kompaniyalari uchun ham yangi muammolar paydo bo‘lmoqda

AI-agentlarning xaridlarni amalga oshirishi faqat banklar emas, balki internet-do‘konlar uchun ham yangi xavf va xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Birinchidan, firibgarlik xavfi mavjud. To‘lov sohasi rahbarlarining ta’kidlashicha, AI-agentlar orqali xaridlarda tovarni qaytarish (voz kechish) holatlari ko‘proq kuzatilmoqda. Shuningdek, mahsulotni yetkazib bermaydigan soxta internet-do‘konlardan xarid qilish kabi firibgarliklar ham uchramoqda.

Ikkinchidan, do‘konlar o‘z mijozlari haqida kamroq ma’lumotga ega bo‘lib qoladi. Odatda internet-do‘konlar xaridorning qaysi mahsulotlarni ko‘rganini, nimalarga qiziqqanini va qaysi takliflarni solishtirganini tahlil qilib, kelgusidagi reklama va shaxsiy takliflarni shakllantiradi. Agar mahsulotlarni tanlash va sotib olishni AI-agent bajarsa, savdo maydonchasi foydalanuvchining xarid odatlari haqida avvalgidek ma’lumot ololmaydi.

Uchinchidan, to‘lov komissiyalari va pulni qaytarish jarayonlarida muammolar kelib chiqmoqda. Masalan, Stripe Link foydalanadigan bir martalik virtual kartalar ayrim hollarda iste’molchi kartasi emas, balki tijorat kartasi sifatida tasniflanmoqda. Shu sababli, savdo kompaniyalaridan olinadigan komissiya oddiy iste’molchi kartasiga qaraganda yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Bunday kartalar orqali qilingan operatsiyalarni bekor qilish va pulni qaytarish ham qo‘shimcha bosh og‘rig‘iga aylanmoqda.

Shu sababli, barcha savdo platformalari ham AI-agentlarga bir xil munosabatda emas. Masalan, Amazon sentabr oyida Meta’ning Muse agentiga o‘z platformasi orqali xarid qilish imkonini bermadi. United Airlines esa noyabr oyida shaxsiy AI-yordamchilarning o‘z tizimlariga kirib, aviachiptalarni band qilishining oldini olishini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid