Toshkentga ko‘chib kelganlar orasida qaysi viloyat yetakchi?
Toshkent shahri aholisining qariyb har beshinchisi poytaxtdan tashqarida tug‘ilgan.
© Ijtimoiy tarmoqlarO‘zbekiston poytaxtining demografik tarkibi mamlakatning boshqa hududlaridan ko‘chib kelgan aholi hisobiga shakllanmoqda. 2026 yilda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, hozir Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan 81,2 ming kishi Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mazkur viloyat poytaxtda Toshkent viloyatidan keyingi ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan jadvallarga ko‘ra, Toshkent shahrida yashayotgan, ammo boshqa hududda tug‘ilgan aholining eng katta qismi Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi — 118,9 ming kishi. Qashqadaryo viloyatida tug‘ilganlar esa 81,2 ming nafarni tashkil etgan.
Undan keyingi o‘rinlarni Samarqand, Buxoro va Surxondaryo viloyatlari band qilgan.
Poytaxtda boshqa hududlarda tug‘ilganlar qancha?
Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahri aholisi 3,22 million kishini tashkil etgan.
Ularning 2,63 million nafari bevosita poytaxtda tug‘ilgan bo‘lsa, qolgan 596,2 ming kishi (yoki shahar aholisining 18,5 foizi) Toshkentdan tashqarida dunyoga kelgan.
Aniqroq aytganda, poytaxtda yashaydigan, ammo O‘zbekistonning boshqa hududlarida tug‘ilganlar soni 544,6 ming nafarni tashkil qiladi. Yana 51,6 ming kishi xorijiy davlatlarda tug‘ilgan.
Shunday qilib, ro‘yxatga olish ma’lumotlari Toshkent shahri aholisining qariyb har beshinchisi poytaxtdan tashqarida tug‘ilganini ko‘rsatmoqda.
Toshkentda qaysi viloyatda tug‘ilganlar ko‘p?
Poytaxtda istiqomat qilayotgan aholi tug‘ilgan hududi bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan:
Tug‘ilgan hudud | Toshkentda yashovchilar |
Toshkent viloyati | 118 873 |
Qashqadaryo | 81 196 |
Samarqand | 59 027 |
Buxoro | 43 577 |
Surxondaryo | 38 132 |
Farg‘ona | 35 185 |
Andijon | 29 186 |
Xorazm | 27 224 |
Jizzax | 26 293 |
Namangan | 25 144 |
Qoraqalpog‘iston | 21 824 |
Navoiy | 21 415 |
Sirdaryo | 17 486 |
Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan jadvallarni o‘zaro taqqoslaganda O‘zbekistonda 1,25 millionga yaqin kishi (yoki mamlakat aholisining 3,2 foizi) o‘zi tug‘ilgan hududdan boshqa joyda istiqomat qilayotgani ma’lum bo‘ldi.
2026 yilgi aholi ro‘yxati nimani ko‘rsatdi?
O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni 2026 yilning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar o‘tkazildi.
Ro‘yxatga olish natijalari shuni ko‘rsatadiki, ayni shu sanada O‘zbekiston aholisi 39 million 47,3 ming kishini tashkil etgan. Shundan Toshkent shahrida 3 million 224,8 ming, Toshkent viloyatida esa 3 million 763,1 ming kishi istiqomat qilmoqda. Ikki ma’muriy hudud aholisini birga qo‘shib hisoblaganda, ularning umumiy soni qariyb 6,99 million nafarga yetadi.
Ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari nafaqat aholining umumiy sonini, balki ularning qaysi hududda tug‘ilgani va hozir qayerda yashayotganini ham taqqoslash imkonini berdi.





