2027-yilgi budjet xarajatlari daromadlardan 48 trln so‘mga ko‘p bo‘ladi
Budjet loyihasi iqtisodiy o‘sishning 7 foizlik prognozi asosida shakllantirilmoqda. Asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz saqlash ko‘zda tutilmoqda. Yalpi ichki mahsulot hajmi 2027-yilda 232 mlrd dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Inflatsiya darajasini 2027-yilda 6 foizga, 2028–2029-yillarda esa 5 foizgacha pasaytirish reja qilingan.
© Foto: president.uzO‘zbekistonda 2027-yilgi davlat budjeti daromadlari 416 trillion so‘m, xarajatlari esa 464 trillion so‘m bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Ya’ni xarajatlar daromadlardan 48 trillion so‘mga ko‘p bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytildi.
Qayd etilishicha, joriy yil yakunida mamlakatimiz iqtisodiyoti kamida 8 foizga o‘sishi, yalpi ichki mahsulot hajmi 200 milliard dollardan, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad esa 5,2 ming dollardan oshishi kutilmoqda. 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga, kelgusi o‘n yilda aholi jon boshiga daromadni 10 ming dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Davlat budjetining ijtimoiy yo‘naltirilgani kelgusi yilda ham saqlab qolinishi aynan shu ustuvor maqsadlarga xizmat qilishi aytildi. Jumladan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni moliyalashtirish uchun jami 176 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Ta’limga 114,3 trillion so‘m (o‘tgan yildan 14 trillion so‘m ko‘p), tibbiyotga 61,4 trillion so‘m (o‘tgan yildan 12 trillion so‘m ko‘p) ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, hududlar va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish uchun 70 trillion so‘m ajratilishi belgilanmoqda.
Ijtimoiy majburiyatlarni barqaror moliyalashtirish uchun iqtisodiyotning yillik o‘sish sur’atlarini kamida 7 foiz darajasida ta’minlash, mavjud zaxiralar va yangi texnologik omillarni ishga solish zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda kelgusi yildan iqtisodiy o‘sishning yangi modeliga o‘tish, har bir tarmoqda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, mehnat unumdorligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish asosiy vazifalar etib belgilanmoqda.
Yig‘ilishda uzoq muddatli yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan yangi yondashuvlar ko‘rib chiqildi. Iqtisodiy o‘sishning yangi modeli asosini zamonaviy sanoat siyosati tashkil etishi belgilanmoqda. Ushbu siyosat yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlashga o‘tish, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, milliy korxonalarning xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyasini kuchaytirish va eksport tarkibini diversifikatsiya qilishga qaratilgan.
Xususan, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa istiqbolli sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqilmoqda.
Yangi sanoat siyosati doirasida har bir ustuvor tarmoqqa yirik xalqaro kompaniyalar va brend investorlarni jalb qilish, zamonaviy sanoat zonalarini shakllantirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish hamda korxonalarning texnologik salohiyatini oshirish rejalashtirilmoqda. 2027-yilda har bir istiqbolli tarmoqqa kamida 2–3 tadan yirik investorni jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, yarimo‘tkazgichlar, robototexnika, biotexnologiyalar, elektromobillar uchun yuqori texnologik butlovchi qismlar va akkumulatorlar ishlab chiqarish kabi yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun xalqaro brendlarni jalb qilish, ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash hamda raqobatbardosh milliy ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirishning yangi rag‘batlantirish mexanizmlari ko‘zda tutilmoqda.
Iqtisodiy o‘sishning davomiyligini ta’minlash uchun tarkibiy islohotlarni izchil davom ettirish ham muhim ahamiyatga egaligi, bu borada davlat korxonalari va banklarini transformatsiya qilish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, energetika va transport infratuzilmasini takomillashtirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash ustuvor vazifalar sifatida ko‘rsatildi.
Bunda davlat investitsiyalarini xususiy kapital uchun qulay sharoit yaratishga yo‘naltirish, iqtisodiy o‘sishni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini shakllantirish va investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
2027-yilga mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy prognozlar
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot hajmi 2027-yilda 232 milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, inflatsiya darajasini 2027-yilda 6 foizga, 2028–2029-yillarda esa 5 foizgacha pasaytirish, oltinsiz eksport hajmini 2027-yilda qariyb 40 milliard dollarga yetkazish nazarda tutilmoqda.
Taqdimotda 2027-yil uchun davlat budjeti daromadlarini 416 trillion so‘m, xarajatlarini esa 464 trillion so‘m miqdorida belgilash nazarda tutilayotgani ma’lum qilindi. Budjet loyihasi iqtisodiy o‘sishning 7 foizlik prognozi asosida shakllantirilmoqda.
Jahondagi geosiyosiy va iqtisodiy noaniqliklar sharoitida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, kelgusi yilda inflatsiyani 6 foizdan oshirmaslik, umumiy fiskal taqchillikni yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz doirasida saqlash muhim vazifa etib belgilandi.
2027-yilda ham asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz saqlash ko‘zda tutilmoqda. Bunday sharoitda budjet daromadlarini ko‘paytirishning asosiy manbai iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish, soliq bazasini kengaytirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish hamda soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish bo‘lishi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali soliq va bojxona tushumlarini qo‘shimcha oshirish, tadbirkorlar uchun qulay va shaffof muhit yaratish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Prezident budjet xarajatlarining har bir so‘mi aniq natija berishi lozimligini ta’kidladi. Shu bois, mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish, samarasiz xarajatlarni qisqartirish, davlat investitsiyalari va subsidiyalarining natijadorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, investitsiya dasturi doirasidagi qurilish loyihalarida budjet mablag‘larining sarflanishini to‘liq kuzatib borish imkonini beradigan raqamli nazorat tizimini sinov tariqasida joriy etish vazifasi qo‘yildi. Yig‘ilishda iqtisodiy o‘sishni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari ham muhokama qilindi. Bank tizimida xususiy kapital ishtirokini kengaytirish, kredit resurslarini ko‘paytirish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanish va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga 2027-yilda 65 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha tarmoqlar hamda hududlar kesimida aniq rejalar ishlab chiqish topshirildi. Yig‘ilishda bildirilgan fikr va takliflar asosida 2027-yil uchun davlat budjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.





