Okeanga chiqish uchun yangi yo‘llar: O‘zbekiston Yevropa va Yaqin Sharq bozorlariga qaysi yo‘laklar orqali chiqmoqchi?
Markaziy Osiyoning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirish uchun yangi transport yo‘laklari rivojlantirilmoqda. O‘rta yo‘lakning o‘ziga $55 mlrd zarur.
© Uza.uzMarkaziy Osiyo mamlakatlari Yevropa, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga jiddiy harakat qilmoqda. Bu jarayonda Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan O‘rta yo‘lak, Turkmaniston va Eron bilan bog‘langan temir yo‘l tarmoqlari, shuningdek, Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga chiqish loyihalariga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Toshkentda «Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz: o‘zaro bog‘liqlik va rivojlanish istiqbollari» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Mazkur tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Gruziyaning Strategik va xalqaro tadqiqotlar jamg‘armasi (Rondeli jamg‘armasi) hamda Fridrix Ebert jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Yevropa, AQSH, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlaridan ekspertlar, tadqiqotchilar, siyosatchilar va sohaviy mutaxassislar ishtirok etdi.
Konferensiyada Turkmaniston va Eron orqali o‘tadigan transport yo‘nalishlari, Afg‘oniston orqali Pokiston bozoriga chiqish loyihalari hamda Janubiy Kavkazda yangi transport aloqalarini shakllantirish masalalari chuqur tahlil qilindi.
Ishtirokchilar transport yo‘laklarini tanlashda faqatgina geografik yaqinlikka emas, balki yuk yetkazib berish muddati, logistika xarajatlari, chegaralardagi kutish vaqti, tashishning ishonchliligi va mahalliy iqtisodiyotda qoladigan qo‘shilgan qiymatga ham alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Nega mintaqada yangi transport yo‘laklariga ehtiyoj bor?
Markaziy Osiyo mamlakatlarining xalqaro savdodagi asosiy to‘siqlaridan biri — dunyo okeaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatining yo‘qligidir. Xususan, O‘zbekiston dengizga chiqish uchun kamida ikkita davlat hududini kesib o‘tishga majbur bo‘lgan dunyodagi ikki mamlakatdan biri hisoblanadi. Bu holat eksport va import operatsiyalarida qo‘shimcha transport, bojxona va logistika xarajatlarini yuzaga keltiradi. Shu bois, mintaqa davlatlari temir yo‘l, avtomobil va dengiz portlarini o‘zaro bog‘lovchi ko‘p tarmoqli (multimodal) yo‘nalishlarni rivojlantirishga intilmoqda.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning Markaziy Osiyodagi transport yo‘laklari raqobatbardoshligiga oid tahlilida mintaqani kesib o‘tuvchi bir nechta xalqaro yo‘nalishlar qayd etilgan. Ular qatorida Rossiya orqali o‘tadigan Shimoliy yo‘lak, Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi O‘rta yo‘lak, Eron orqali Janubiy yo‘lak, shuningdek, Janub–Shimol va Transafg‘on yo‘laklari bor. Tashkilotning ta’kidlashicha, mintaqaning transport imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga infratuzilma yetishmovchiligi, yuqori logistika xarajatlari, davlatlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishdagi muammolar va murakkab bojxona tartib-qoidalari to‘sqinlik qilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, yangi yo‘laklar nafaqat tovarlarni tezkor yetkazib berish, balki tashqi savdoda muqobil yo‘nalishlardan erkin foydalanish imkoniyatini ham kengaytiradi.
O‘rta yo‘lak: Kaspiy orqali Yevropaga chiqish
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi transport hamkorligida eng ustuvor yo‘nalishlardan biri — Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi yoki O‘rta yo‘lakdir. U Xitoy va Markaziy Osiyodan boshlanib, Qozog‘iston temir yo‘llari orqali Kaspiy dengiziga, so‘ngra Ozarboyjon va Gruziya hududidan o‘tib, Turkiya yoki Qora dengiz portlari orqali Yevropa bozorlariga chiqadi.
O‘zbekistondan jo‘natilgan yuklar ushbu yo‘lakka Qozog‘iston yoki Turkmaniston orqali ulanishi mumkin. Kaspiy dengizidagi Aqtau va Quriq portlari, Ozarboyjondagi Alat porti, Gruziyadagi Poti porti va Boku–Tbilisi–Kars temir yo‘li mazkur marshrutning eng muhim infratuzilmaviy bo‘g‘inlari hisoblanadi.
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining rasmiy investitsiya portalida Toshkentdan Bolgariyaning Burgas portigacha bo‘lgan O‘rta yo‘lak marshruti bo‘yicha yuk yetkazib berish muddati o‘rtacha 25–30 kunni tashkil etishi ko‘rsatilgan.
Mazkur yo‘lakning so‘nggi yillardagi shiddatli rivoji xalqaro savdo statistikasida ham o‘z aksini topmoqda. OECD ma’lumotlariga ko‘ra, Transkaspiy yo‘lagi orqali tashilgan yuklar hajmi 2024 yilda 62 foizga o‘sib, 4,5 million tonnaga yetgan. Ammo tashkilot bu yo‘nalishning o‘tkazish imkoniyatlari Shimoliy yo‘lak bilan solishtirganda hali ham cheklanganini ta’kidlaydi.
Qozog‘iston Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yetti yil ichida Transkaspiy yo‘nalishi orqali yuk tashish hajmi besh barobarga ortib, yiliga 4,5 million tonnaga yetgan. 2025 yilda konteyner tashish hajmi qariyb 77 ming TEU (20 futlik standart konteyner ekvivalenti)ni tashkil qilgan bo‘lsa, Qozog‘iston 2029 yilgacha bu ko‘rsatkichni 300 ming TEUga yetkazishni maqsad qilgan.
Biroq O‘rta yo‘lakning salohiyatini oshirish uchun faqat infratuzilmani kengaytirishning o‘zi kifoya qilmaydi. Kaspiydagi portlarning o‘tkazish quvvati, kemalar soni, temir yo‘llar imkoniyati, yuklarni qayta ortish jarayoni va chegara tartib-qoidalarini o‘zaro muvofiqlashtirish talab etiladi.
Jahon bankining 2026 yil 28-sentabrda e’lon qilingan hisobotida aynan shu muammolarga urg‘u berilgan. Unda O‘rta yo‘lakning temir yo‘l uchastkalari, dengiz portlari va kemalar qatnovi bilan bog‘liq infratuzilmaviy cheklovlar qayd etiladi. Bankning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2040 yilgacha mazkur jismoniy to‘siqlarni bartaraf etish uchun kamida 25 milliard dollarlik investitsiya kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, logistika markazlari, ichki terminallar, tutashtiruvchi avtomobil va temir yo‘llar, shuningdek, yuk tashish uskunalari uchun yana qariyb 30 milliard dollar sarflanishi zarur.
Turkmaniston va Eron orqali Janubiy bozorlarga chiqish
Hozirda diqqat markazida bo‘lgan yana bir muhim yo‘nalish — Turkmaniston va Eron orqali xalqaro bozorlarga chiqish masalasidir.
O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Ummon ishtirokida imzolangan Ashxobod bitimi mazkur yo‘nalishning asosiy huquqiy poydevori hisoblanadi. Bu bitim xalqaro transport-tranzit aloqalarini rivojlantirish va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Fors ko‘rfazi portlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishni maqsad qilgan.
2026 yil 16-fevralda O‘zbekiston va Ummon transport vazirliklari vakillari uchrashuvida mazkur kelishuv doirasidagi hamkorlik atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar Ummonning Salala, Sohar va Duqm portlari orqali yuk tashish ko‘lamini kengaytirish, multimodal logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Bu yo‘nalishdagi transport harakati avtomobil va temir yo‘l orqali Turkmaniston hamda Eronga, u yerdan esa Eronning dengiz portlariga chiqishni nazarda tutadi.
O‘z navbatida, Turkmaniston ham Eron bilan temir yo‘l sohasidagi aloqalarni kuchaytirishga intilmoqda. 2025 yil sentabr oyida ikki davlat vakillari Xitoy–Qozog‘iston–Turkmaniston–Eron temir yo‘l yo‘nalishini faollashtirish hamda Ashxobod bitimi doirasida tranzit tashuvlarini ko‘paytirishni kelishib olgan edi.
Ushbu yo‘nalishning o‘ziga xos ahamiyati shundaki, u O‘zbekistonga Janubiy bozorlarga chiqishda faqatgina bitta transport yo‘lagiga bog‘lanib qolmaslik imkonini beradi. Biroq tashishning raqobatbardoshligi chegaradan o‘tish tartibi, tranzit to‘lovlari, temir yo‘l tariflari va portlardagi xizmatlar narxiga bevosita bog‘liq.
Masalan, 2026 yil avgust oyida O‘zbekiston Transport vazirligi Turkmaniston bilan Farob–Olot chegara o‘tkazish punktidagi navbatlarni qisqartirish, haydovchilar uchun elektron vizalarni rasmiylashtirish va tez buziladigan yuklar uchun alohida «yashil yo‘lak» tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Transafg‘on yo‘lagi: Pokiston portlariga chiqish rejasi
Konferensiyada ko‘rib chiqilgan uchinchi yirik yo‘nalish — Afg‘oniston orqali Pokistonning dengiz portlariga chiqish istiqbollaridir.
Transafg‘on temir yo‘li loyihasi O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokistonni o‘zaro temir yo‘l orqali bog‘lashni nazarda tutadi. Rejaga muvofiq, mazkur marshrut Termizdan boshlanib, Afg‘onistonning Noybobod, Maydonshahr va Logar viloyatlari orqali Pokistonning Xorlachi chegara punktiga qadar davom etadi.
2025 yil 17-iyulda mazkur uch mamlakatning transport idoralari o‘rtasida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha bitim imzolangan edi. O‘zbekiston prezidenti 2026 yil fevral oyida ushbu bitimni tasdiqladi. Keyinroq, 2026 yil 1-oktabrda Qozog‘iston, O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari transport idoralari «CASA» (Qozog‘iston–O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston) temir yo‘l loyihasi doirasida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzoladi. Tomonlar zarur infratuzilmani barpo etish imkoniyatlarini texnik, iqtisodiy va moliyaviy jihatdan chuqur o‘rganishga kelishib oldi.
Transafg‘on temir yo‘lining bosh maqsadi — Markaziy Osiyo davlatlariga Pokistonning Karachi va Gvadar kabi dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l orqali chiqish imkonini yaratishdir. Bu Janubiy Osiyo bozorlari bilan savdo aloqalarini kengaytirishda ulkan turtki bo‘lishi kutilmoqda.
Biroq loyihaning real hayotga ko‘chishi uchun temir yo‘lning texnik-iqtisodiy asoslari puxta ishlab chiqilishi, qurilish xarajatlari va moliyalashtirish manbalari topilishi, shuningdek, Afg‘oniston hududidagi xavfsizlik va tranzit kafolatlari hal etilishi lozim. Hozirgi bosqichda ushbu muammolar yuzasidan yakuniy qarorlar qabul qilingani bo‘yicha ochiq ma’lumotlar mavjud emas.
Jahon banki: 2040 yilgacha 55 mlrd dollargacha investitsiya kerak
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi transport aloqalarini kuchaytirishning iqtisodiy ahamiyati xalqaro moliya tashkilotlarining hisobotlarida ham o‘z aksini topmoqda.
Jahon bankining 2026 yil sentabr oyidagi tahliliga ko‘ra, Transkaspiy transport yo‘lagi to‘liq rivojlantirilsa, 2040 yilga borib quyidagi natijalarga erishish mumkin:
· Yo‘lak orqali tovar tashish hajmi uch barobardan ko‘proqqa oshadi;
· Yetkazib berish vaqti ikki barobarga qisqaradi;
· Yo‘lak atrofidagi mamlakatlarning YAIMi 3,3 foizga ko‘tariladi;
· 2 millionta yangi qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi.
Agar infratuzilmaviy investitsiyalar bilan bir qatorda bojxona, logistika va transport xizmatlari samaradorligini oshiruvchi tizimli islohotlar ham o‘tkazilsa, tovar tashish hajmi to‘rt barobargacha o‘sishi, yetkazib berish vaqti esa 2023 yilga nisbatan uchdan ikki qismga qisqarishi mumkinligi prognoz qilinmoqda.
Ushbu hisobot Armaniston, Ozarboyjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekistonni qamrab oladi. Armaniston kelajakda ushbu yo‘lakka to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanishi kutilayotgan mamlakat sifatida tahlilga kiritilgan.
Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, 2040 yilgacha temir yo‘llar, portlar va dengiz tashuvlari infratuzilmasiga kamida 25 milliard dollar yo‘naltirilishi kerak. Qo‘shimcha 30 milliard dollar esa logistika markazlari, ichki terminallar, bog‘lovchi avtomobil va temir yo‘llar, shuningdek, yuk tashish texnikalari uchun talab etiladi. Bundan tashqari, Jahon banki transport yo‘lagini shunchaki tranzit hududi sifatida rivojlantirish yetarli emasligini uqtiradi. Yo‘lak atrofida zamonaviy omborlar, ishlab chiqarish korxonalari, logistika markazlari va boshqa xizmatlarni rivojlantirish orqali mahalliy iqtisodiyotda ham real qo‘shimcha qiymat yaratish zarur.





