Logo

Jahon neft bozorida ortiqcha taklif davri boshlanmoqda

Bugun 17:304 daqiqa

Xalqaro energetika agentligi IV chorakda dunyo bo‘ylab neft taklifi talabdan kuniga 1,7 million barrelga oshib ketishini prognoz qilmoqda. Bunga Fors ko‘rfazidan eksportning tiklanishi va global iste’molning pasayishi sabab bo‘lyapti.

Jahon neft bozorida ortiqcha taklif davri boshlanmoqda © Reuters

Jahon neft bozorida burilish yuz bermoqda. Oylab ta’minot taqchilligi xavfi ostida yashagan bozor endi ortiqcha taklif davriga qadam qo‘yishi mumkin. Xalqaro energetika agentligi (XEA) o‘zining so‘nggi hisobotida yilning to‘rtinchi choragida global neft taklifi talabni ortda qoldirishini bashorat qildi.

Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yil oktabr–dekabr oylarida jahon bo‘yicha neft taklifi kuniga o‘rtacha 105 million barrelni tashkil etadi va bu prognoz qilingan talabdan 1,7 million barrelga ko‘p demakdir. Vaholanki, XEA avvalgi hisobotida aynan shu davr uchun taqchillikni bashorat qilgan edi.

Bu keskin o‘zgarishning uchta asosiy sababi bor: Yaqin Sharqdan neft eksportining qayta tiklanishi, ayrim ishlab chiqaruvchilarning yetkazib berish hajmini oshirishi hamda yuqori narxlar fonida iste’molning qisqarishi.

Ta’minot qanday tiklandi?

Vaziyatni tushunish uchun 2026 yilning birinchi yarmiga qaytish kerak. Fevral oyi oxirida Eron bilan bog‘liq harbiy mojaroning boshlanishi Yaqin Sharqdan neft yetkazib berish zanjiriga jiddiy zarba berdi. Ayniqsa, neft eksportining asosiy «qon tomiri» bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi xavfsizlik muammosi tankerlar harakatini keskin cheklab qo‘ydi.

Natijada bozorda taklif qisqardi, ayrim ishlab chiqaruvchilar qazib olishni kamaytirishga majbur bo‘ldi va taqchillik xavfi narxlarni ko‘tardi. XEA ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida Yaqin Sharqda neft qazib olishning to‘xtab qolgan hajmi kuniga 10,9 million barrelga yetgan edi. Biroq, oktabr oyiga kelib bu ko‘rsatkich 2,5 million barrelgacha tushdi. Bu mintaqada ishlab chiqarish va logistika asta-sekin o‘nglanayotganini anglatadi.

Shu bilan birga, Fors ko‘rfazi mamlakatlari eksportni tiklash uchun muqobil, ammo xavfliroq usullarni ham qo‘llamoqda. Masalan, ayrim tankerlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotganda kuzatuv signallarini o‘chirib qo‘ymoqda, bu esa ularning joylashuvini kuzatishni qiyinlashtiradi.

Ishlab chiqarish ikki oy ichida keskin oshdi

Bozorda taklifning tiklanishi faqat Yaqin Sharq bilan cheklanmaydi. Boshqa yirik davlatlar ham bozorga ko‘proq neft chiqarmoqda. XEA hisob-kitobiga ko‘ra, sentabrda global taklif kuniga 3 million barrelga, oktabrda esa yana 2,3 million barrelga ko‘payib, kuniga 105,4 million barrelga yetgan.

Bu jarayonda OPEK+ mamlakatlarining roli katta. Oktyabr oyida tashkilot va uning hamkorlari kuniga 41,23 million barrel (sentabrga nisbatan +2,04 mln barrel) neft qazib oldi. Bu urushgacha bo‘lgan fevral darajasining 97 foiziga teng.

Qolaversa, AQSH, Kanada, Braziliya, Argentina va Gayana bozorga qo‘shimcha taklif bermoqda. XEA ushbu besh davlatda joriy yilda ishlab chiqarish birgalikda kuniga 1,6 million barrelga oshishini, 2027 yilda ham bu sur’at saqlanib qolishini prognoz qilmoqda.

2027 yilda taklif yanada oshib ketishi mumkin

XEAning bashoratiga ko‘ra, garchi 2026 yil yakunida yillik hisobda taklif 4,8 million barrelga qisqarsa-da, 2027 yilda vaziyat butunlay o‘zgaradi. Yaqin Sharq va Amerika qit’asidagi o‘sish hisobiga kelasi yili ishlab chiqarish kuniga 6,6 million barrelga ko‘payib, o‘rtacha 108,1 million barrelga yetishi mumkin.

Agentlik 2027 yilda bozorda kuniga qariyb 3,8 million barrellik ortiqcha taklif yuzaga kelishini taxmin qilmoqda. Talabdan ortgan bu neft zaxiralarni to‘ldirishi yoki narxlarga katta bosim o‘tkazishi mumkin. Ammo, bu bashorat Yaqin Sharqda xavfsizlikning to‘liq ta’minlanishi va eksportning uzluksizligiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Narxlar tushmoqda, lekin xavflar saqlanib qolgan

Oktyabr oyi boshida bir barreli 136 dollargacha ko‘tarilgan «North Sea Dated» nefti hisobot e’lon qilingan vaqtda 93 dollargacha (32 foizga) pasaydi. «Reuters» xabariga ko‘ra, 13-noyabr holatiga «Brent» markasi 95,84 dollar, AQSHning «WTI» nefti esa 88,56 dollardan sotilmoqda. Narxlar ketma-ket ikki haftadan buyon pasayish dinamikasini ko‘rsatmoqda.

Tahlilchi Fil Flinnning fikricha, bozordagi xavotir taqchillik qo‘rquvidan ortiqcha taklif xavfiga ko‘chgan. Ammo narxlarning tushishi geosiyosiy xavflar barham topganini bildirmaydi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi beqarorlik, Eron mojarosi va Saudiyadagi infratuzilmaga qilingan hujumlar bozordagi noaniqlikni ushlab turibdi.

Neft zaxiralari tiklanyaptimi?

Ortiqcha taklifga qaramay, jahon neft zaxiralari hali to‘liq tiklangani yo‘q. Oktyabr oyida global zaxiralar 52 million barrelga ko‘payib, iyundan buyon ilk o‘sishni qayd etdi. Biroq bu o‘sish asosan okeanlarda suzib yurgan tankerlardagi neft hisobiga bo‘ldi (dengiz zaxiralari bir oyda 86 million barrelga ko‘paydi).

Aksincha, quruqlikdagi zaxiralar kamayishda davom etmoqda va XEA bahosiga ko‘ra, 2016 yildan buyon eng past darajada qolmoqda. Urush boshlanganidan beri global zaxiralar jami 462 million barrelga kamaygan.

Neft ko‘paysa ham, dizel tanqisligi davom etishi mumkin

Rossiya energetika infratuzilmasiga qilingan hujumlar hamda Yaqin Sharqdan eksportdagi uzilishlar butun dunyoda dizel taqchilligini keltirib chiqardi. Qolaversa, global neftni qayta ishlash hajmi oktabr oyida kuniga 1,3 million barrelga tushib ketib (81,3 mln), mavsumiy antirekordni qayd etdi.

Yevropada dizel narxi oktabr boshidan beri 11 foizga pasaygan bo‘lsa-da, hali ham barreliga 180 dollar atrofida (urushgacha bo‘lgan davrdan 77 foizga qimmat) saqlanmoqda.

Taqchillikni yumshatish uchun XEAga a’zo davlatlar 2027 yil fevralga qadar bozorga 420 million barrel miqdoridagi o‘z strategik zaxiralarini chiqarishni rejalashtirmoqda.

Barcha prognozlar bir xil emas

XEA iste’mol pasayishini kutayotgan bir vaqtda, boshqa yirik tashkilotlar bunga qo‘shilmaydi.

Masalan, Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK) 2026 yil noyabr oyidagi hisobotida jahon neft talabini XEAdan ancha optimistik baholagan. OPEK ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda global neft talabi kuniga 0,2 mln barrelga, 2027 yilda esa 2,6 mln barrelga o‘sishi kutilmoqda.

XEAesa 2026 yilda talab kuniga 2,7 mln barrelga qisqarishini, 2027 yilda 2 mln barrelga oshishini prognoz qilgan.

AQSH Energetika axboroti boshqarmasi ham o‘zining 10-noyabrdagi hisobotida jahonda suyuq yoqilg‘ilar iste’moli 2026 yilda kuniga 2 mln barrelga kamayishini, 2027 yilda esa 2 mln barrelga oshishini kutmoqda.

Teglar

Mavzuga oid