Logo

Asoschisiz qolgan gigant: «Apple»ning tarixiy xatosi «Nvidia»da takrorlanadimi?

Kecha 19:106 daqiqa

«Nvidia» rahbari Jensen Xuangning iste’fosi ortidan kompaniya o‘z qiymatining 30 foizini yo‘qotishi mumkin, deya ogohlantirmoqda tahlilchilar.

Asoschisiz qolgan gigant: «Apple»ning tarixiy xatosi «Nvidia»da takrorlanadimi? © Foto: Jonathan Brady/AP Photo

Sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lgan «Nvidia» kompaniyasining bosh direktori Jensen Xuang iste’foga chiqqanidan so‘ng, uning o‘rniga 2013 yildan beri kompaniyada ishlab kelayotgan Kolett Kress vaqtinchalik rahbar etib tayinlandi. Kress bilan bir qatorda, kompaniya o‘z tarixida ilk bor direktorlar kengashi raisi lavozimini ham joriy qildi. Bu lavozim texnologiya sohasida o‘ttiz yillik katta tajribaga ega venchur sarmoyador Harvi Jonsga nasib etdi.

Bunday o‘zgarishlar 1993 yilda sun’iy intellekt chiplarini ishlab chiqaruvchi korxonaga asos solinganidan buyon uni boshqarib kelgan Xuang davridagi «Nvidia» korporativ tuzilmasi va rahbariyatida keskin yangilanish yuz berganidan dalolat bermoqda. Silikon vodiysida juda katta nufuzga ega bo‘lgan Jensen Xuang payshanba kuni o‘z lavozimini tark etdi. Bunga uning xitoylik ayg‘oqchi ekani gumon qilinayotgan shaxs hamda ikki nafar xodimi bilan aloqadorligi haqida tarqalgan xabarlar sabab bo‘ldi. Mazkur holat darhol AQSH qonunchilari, kompaniya direktorlar kengashi hamda aksiyadorlarining e’tiborini tortdi.

Rahbariyatdagi keskin o‘zgarishlarga qaramay, «Nvidia»ning qariyb 4 trillion dollarlik ulkan qiymati uning uzoq yillik rahbari bilan qay darajada bog‘liq ekani hozircha ochiq qolmoqda. Zero, uning nomi kompaniyaning shiddat bilan o‘sishi va jahon bozorida yetakchiga aylanishi bilan uzviy bog‘lanib ketgan edi. «Yorkville Ives» tahlilchisi Den Ayvsning prognozlariga ko‘ra, Xuang boshqaruvida bo‘lmasa, «Nvidia» o‘z qiymatining 25-30 foizini yo‘qotishi mumkin.

Tarixan olib qaraganda, AQSH korporativ olamida rahbarlar har doim aksiyadorlar oldida hisobdor bo‘lib kelgan va aynan ularning nazorati ostida faoliyat yuritgan. Biroq Silikon vodiysidagi texnologik kompaniyalar ko‘pincha mustaqil va kuchli asoschilarining g‘oyasi atrofida quriladi. «Nvidia» bilan ham aynan shunday holat yuz bergan.

Nega texnologiya kompaniyalari o‘z asoschilariga shunchalik ishonishadi?

Tahlilchilarning uzoq vaqtdan beri ta’kidlashicha, «Nvidia» kabi kompaniyalarning muvaffaqiyati ularning asoschisi erishgan yutuqlar va uning uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati bilan chambarchas bog‘liq. «Bain and Company» hisobotiga ko‘ra, 2015-2025 yillar oralig‘ida asoschilar tomonidan boshqariladigan kompaniyalar boshqa korxonalarga nisbatan 2,1 barobar yaxshiroq natija ko‘rsatgan. Texnologiyalar sohasida esa bu ko‘rsatkich 2,6 barobargacha oshgan.

«Boshqaruvni topshirish masalasiga keladigan bo‘lsak, ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bu asoschilar qanchalik katta bo‘lmasin, ularning o‘rnini bosuvchi yangi rahbarlar asl asoschi kabi yaxshi ishlay olishi juda kam uchraydigan holatdir. Shuning uchun buni shunchaki tavakkalchilik, deb bo‘lmaydi. Bu — kompaniya qurishning tabiiy va evolyutsion jarayoni hisoblanadi», — dedi «Founders 100 ETF» portfel menejeri Maykl Monaxan «Al Jazeera» nashriga bergan intervyusida.

Silikon vodiysi uzoq vaqtdan beri aynan ushbu modelni qo‘llab-quvvatlab keladi. Jumladan, «Facebook» va «Instagram»ning bosh kompaniyasi sanalmish «Meta», shuningdek, «Tesla» kabi gigant kompaniyalar ham bevosita o‘z asoschilarining dunyoqarashi, irodasi va kuchli shaxsiyati atrofida qurilgan.

«Bu holat texnologiya gigantlari orasida juda keng tarqalgan. O‘zingizga savol berib ko‘ring: Ilon Mask bo‘lmasa «SpaceX» qanday ko‘rinishda bo‘lar edi? Mark Sukerbergsiz «Meta»-chi? Fikrimcha, ayniqsa hozirgidek favqulodda vaziyatda bu yerda ham xuddi shunday tamoyil ishlaydi», — dedi Yevroosiyo guruhining geotexnologiyalar bo‘yicha direktori Syaomen Lu «Al Jazeera» nashriga bergan intervyusida.

Elektr avtomobillar ishlab chiqaruvchi «Tesla» kompaniyasida Maskning e’tibori kundan-kunga kengayib borayotgan boshqa loyihalarga tobora ko‘proq chalg‘igani sababli, u direktorlar kengashining keskin nazorati ostiga tushib qoldi. Bu holat, o‘z navbatida, uning e’tiborini kompaniyaning asosiy ishlaridan ham uzoqlashtirardi. Qolaversa, Maskning AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan tobora ochiq tus olayotgan siyosiy aloqalari «Tesla» uchun jiddiy ziddiyatlar o‘chog‘iga aylandi. Kompaniyaning brend imiji pasayib, avtomobillar savdosi tushib ketgan bir paytda uning ko‘rgazma zallari oldida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. 2025 yilning birinchi choragida «Tesla» avtomobillarini yetkazib berish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga pasayib, so‘nggi uch yil ichidagi eng quyi darajani qayd etdi.

Yakunda «Tesla» direktorlar kengashi uni o‘z lavozimidan chetlashtirmaslikka qaror qildi. Biroq «SpaceX» joriy yil boshida ommaviy aksiyadorlik kompaniyasiga aylanishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, Mask o‘zining ushbu kompaniyasi boshqaruv tuzilmasiga shunday o‘zgartirishlar kiritdiki, natijada direktorlar kengashi uni ishdan bo‘shatishi amalda imkonsiz bo‘lib qoldi.

 «Nvidia» boshqaruvi kimning qo‘lida?

«Nvidia»ning korporativ boshqaruv tuzilmasi asosan Jensen Xuang atrofida markazlashgan edi. An’anaviy iyerarxik boshqaruv zanjirida ishlashdan ko‘ra, o‘nlab yuqori darajali rahbarlar bevosita uning o‘ziga hisobdor edi.

«Nvidia» nizomiga ko‘ra, 11 kishidan iborat direktorlar kengashi ovozlarning ko‘pchiligiga ega bo‘lgani uchun Xuangni «sababli yoki sababsiz» o‘z lavozimidan ozod qilish vakolatiga ega edi. Boshqa yirik texnologiya gigantlaridan farqli o‘laroq, Xuangda cheklanmagan nazorat vakolati yo‘q edi. U kompaniyaning taxminan 3,6 foiz aksiyasiga egalik qilgan va ko‘pchilik ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan.

«Nvidia»ning bunday tuzilmasi Silikon vodiysidagi yirik kompaniyalar orasida juda noyob sanaladi. Masalan, «Meta» va «Alphabet» kabi kompaniyalarda muassislarga ularning amaldagi ulushidan ko‘ra ko‘proq ovoz berish huquqini kafolatlaydigan maxsus aksiyalar tizimi mavjud. Natijada, Mark Sukerberg kabi rahbarlar direktorlar kengashida aynan kimlar o‘tirishini to‘liq nazorat qila oladi. Bu esa oddiy aksiyadorlar uchun rahbariyat qarorlariga e’tiroz bildirishni yoki ularni o‘zgartirishni deyarli imkonsiz qilib qo‘yadi.

Bu shuni anglatadiki, Xuang «Nvidia»ning rivojlanishiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, boshqa yirik texnologik kompaniyalar asoschilariga xos bo‘lgan rasmiy ovoz berish nazoratiga ega bo‘lmagan.

Hozirda kompaniya Kolett Kressni vaqtinchalik bosh direktor etib tayinladi. U bunga qadar «Nvidia»ning bosh moliyaviy direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Muassis ketganda nima bo‘ladi?

Tarixan olib qaraganda, asoschining ketishi kompaniya yo‘nalishiga jiddiy zarar yetkazishi va uning bozordagi raqobatbardoshligini pasaytirib yuborishi mumkin. Korporativ tarixda bunday holatlar bir necha bor kuzatilgan.

1980 yillarda «Apple» asoschisi Stiv Jobs va o‘sha vaqtdagi bosh direktor Jon Skalli o‘rtasida kechgan hokimiyat uchun kurashdan so‘ng, kompaniya qariyb o‘n yil davomida tinimsiz qiyinchiliklarga duch keldi. 1997 yilga kelib, ushbu texnologiya giganti bir yilning o‘zida taxminan 1 milliard dollar zarar ko‘rib, bankrotlik yoqasiga kelib qolgan edi.

«Apple» asoschisi Stiv Jobs kompaniyani birinchi marta tark etganida, «Apple» jiddiy pasayishni boshdan kechirdi va oxir-oqibat direktorlar kengashi uni yana ortga qaytarishga majbur bo‘ldi», — deydi Lu.

Jobs kompaniyaga qaytgach, Kaliforniyaning Kupertino shahrida joylashgan texnologiya gigantining omadi yana chopa boshladi. Bu qadam «iMac» va «iPhone» kabi jahonga eng mashhur mahsulotlarning yaratilishi va ishlab chiqarilishiga olib keldi.

«Starbucks» ham 2000 yilda asoschisi Govard Shuls bosh direktorlikdan ketganidan so‘ng xuddi shunday muammoga duch keldi. U rahbarlikni kompaniyaning o‘sha paytdagi prezidenti va bosh operatsion direktori Orin Smitga topshirgan edi.

Sietlda joylashgan mashhur qahvaxonalar tarmog‘i Smit davrida ham o‘sishda davom etdi. Biroq u 2005 yilda nafaqaga chiqib, o‘rniga Jim Donald kelganidan so‘ng jiddiy qiyinchiliklar boshlandi. Savdo hajmining tushib ketishi va raqobatning keskin kuchayishi fonida «Starbucks» o‘z qiymatining 80 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi.

Natijada, 2008 yilning yanvar oyida Shuls yana bosh direktor sifatida qaytib keldi hamda yuzlab zarar ko‘rayotgan filiallarni yopishni ko‘zda tutuvchi inqirozdan chiqish dasturini amalga oshirdi.

Biroq, muassislar tomonidan boshqariladigan kompaniyalar rahbar ketganidan so‘ng albatta tanazzulga yuz tutadi, degan qat’iy qoida yo‘q.

1985 yilda kompaniyani tark etgan Jobs 1997 yilda qaytib keldi va 2011 yilda rahbarlikni sobiq bosh operatsion direktor Tim Kukka topshirgunga qadar inqirozdan chiqish jarayoniga bevosita boshchilik qildi. Kuk davrida esa «Apple» gurkirab o‘sishda davom etdi va 2026 yilning iyul oyida uning bozor kapitalizatsiyasi qisqa muddatga 5 trillion dollardan ham oshdi.

«Microsoft»da esa Bill Geyts 2000 yilda bosh direktorlikdan ketdi va uning o‘rnini Stiv Balmer egalladi. Balmer 2014 yilda nafaqaga chiqqach, rahbarlik tizgini Satya Nadella qo‘liga o‘tdi.

Nadella Vashington shtatining Redmond shahrida joylashgan texnologiya gigantining e’tiborini bulutli texnologiyalar va korporativ dasturiy ta’minotlarni rivojlantirishga qaratdi. Bu strategik qadam kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasini 2014 yildagi taxminan 302 milliard dollardan 2026 yilning noyabr oyida 3,88 trillion dollargacha oshirishga yordam berdi.

Teglar

Mavzuga oid

Asoschisiz qolgan gigant: «Apple»ning tarixiy xatosi «Nvidia»da takrorlanadimi? | Vaqt.uz