Sadir Japarov qirg‘iz-o‘zbek munosabatlariga putur yetkazmoqchi bo‘lgan ig‘vogarlarga keskin chora ko‘rilishini aytdi
Unga ko‘ra, «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishiga to‘sqinlik qilish va bo‘lajak saylovlarni barbod qilish maqsadida ayrim siyosatchilar qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasiga nizo solishni rejalashtirmoqda.
© president.kgQirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat janubida qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida sun’iy nizo chiqarish orqali kelasi yilgi prezidentlik saylovlarini barbod qilishni rejalashtirayotgan siyosatchilar borligini ma’lum qildi. U davlat har qanday provokatsiyani bostirishga qodirligini ta’kidlab, ikki xalqni yolg‘on xabarlarga ishonmaslikka chaqirdi.
Prezidentning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozishicha, mazkur ma’lumotlar unga «bir qator manbalardan» kelib tushgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha bular faqat muhokama darajasida bo‘lsa-da, amalga oshish ehtimoli yo‘q emas. Buning uchun odamlarning his-tuyg‘ulari bilan o‘ynashadigan va milliy g‘ururiga tegadigan yolg‘on mish-mishlarni tarqatishning o‘zi kifoya qiladi.
Japarov mamlakat tarixidagi 1990 va 2010 yillardagi fojialarni yodga olib, o‘sha vaqtda ko‘plab tinch aholi vakillari halok bo‘lganini, ammo buni uyushtirganlar hech qanday jazo olmaganini ta’kidladi.
«Ular o‘zaro adovatni avj oldirib, o‘zlari chetda tomoshabin bo‘lib, jarayonni mamnuniyat bilan kuzatib turadi. Buning ustiga, o‘sha voqealardan keyin oddiy oilalarning farzandlarigina umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan», — deydi Qirg‘iziston rahbari.
Shu munosabat bilan u har ikki millat vakillarini ig‘volarga berilmaslikka, oqsoqollarni esa bunday voqealarni ko‘rmagan 20–25 yoshdagi qiziqqon yoshlarni millatlararo to‘qnashuvlarning ayanchli oqibatlaridan ogohlantirishga chaqirdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, bugungi Qirg‘iziston avvalgidek ojiz davlat emas. Agar xavfli vaziyat yuzaga kelsa, «davlatning bir-ikki kun ichida tartibsizliklarga chek qo‘yishga kuchi ham, imkoniyati ham yetadi».
Shuningdek, Japarov ayrim kuchlar xalqni «Xitoy mavzusi» bilan chalg‘ita olmagach, endi qirg‘izlar va o‘zbeklarni bir-biriga qayrash rejasiga o‘tganini bildirdi. U g‘animlar safida «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi yakunlanishidan xavfsirayotganlar ham borligini qo‘shimcha qilib, ularni «uzoqni ko‘ra olmaydigan, tor fikrlaydigan va niyati buzuq odamlar» deb atadi.
Muxoliflarini ogohlantirar ekan, prezident bugungi kunda huquq-tartibot idoralarining texnik imkoniyatlari kengligini, mamlakat bo‘ylab o‘n minglab videokameralar ishlayotganini va har qanday jinoiy reja 40 daqiqa ichida fosh etilishini eslatdi.
«Tegishli organlar sizni javobgarlikka tortayotganida panjara ortida o‘tirib olib: «Men mutlaqo begunohman, meni faqat siyosiy sabablarga ko‘ra hibsga olishdi, nohaq sud qilishyapti», deb baqirib yurmang. Hali kech emas ekan, aqlingizni yig‘ing va noqonuniy harakatlaringizni to‘xtating! 30 yil davomida tartibsizliklar girdobidan chiqa olmay, oxir-oqibat botqoqqa botib qolganimizni xalq hali unutgani yo‘q», — deya xulosa qildi Sadir Japarov.





