Logo

O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘iziston chegaralarida yagona nazorat tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda

Bugun 09:012 daqiqa

O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan chegarada One Stop tizimini joriy qilmoqchi. Bu borada muzokaralar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘iziston chegaralarida yagona nazorat tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda © vaqt.uz

O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan ayrim chegara bojxona postlarida yagona nazorat («One Stop») tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda 11-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani doirasida Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov ma’lum qildi, deya yozmoqda «Spot».

Qayd etilishicha, hozirgi kunda ayrim chegara bojxona postlarida mazkur tamoyilni joriy etish vazifasi belgilangan. Bu borada Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi va Bojxona qo‘mitasi qo‘shni davlatlar — Qozog‘iston va Qirg‘iziston vakillari bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Biroq tizimning aynan qaysi shakli tanlanishi va u qachon ishga tushirilishi bo‘yicha hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan.

«One Stop» tizimining uchta shakli

Farhod Olimjonovning so‘zlariga ko‘ra, «One Stop» tamoyilini joriy etishning uch xil ko‘rinishi mavjud. Birinchi shaklga ko‘ra, ikki davlat bojxona organlari bitta tom ostida (yagona binoda) faoliyat yuritadi.

Ikkinchi shaklda esa ular alohida binolarda ishlab, biri faqat eksport, ikkinchisi esa import jarayonlarini rasmiylashtirishni o‘z zimmasiga oladi.

Uchinchi ko‘rinish esa bojxona nazorati tamoyillarini o‘zaro tan olishni nazarda tutadi. Bunda bir mamlakat bojxonasi tekshirgan yukni ikkinchi davlat bojxonachilari qayta tekshirmaydi. Bu mexanizm davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro axborot almashinuvi orqali ishlaydi.

«Masalan, bizdan ketayotgan eksportni biz tekshirgan bo‘lsak, import jarayonini qo‘shni mamlakatimiz, masalan Qozog‘iston tekshirmaydi. Yoki ularda tekshirilgan bo‘lsa, bizlarda tekshirilmaydi», — deya tushuntirish bergan Bojxona qo‘mitasi vakili.

Nashrning yozishicha, bu jarayon faqat bir tomonlama xohish bilan hal etilmaydi.

«Bu bitta O‘zbekistonning xohishi bilan hal bo‘ladigan masala emas. Muzokaralar orqali aynan qaysi shaklda «One Stop» tamoyilini ishga tushirishni kelishib olishimiz kerak», — degan Farhod Olimjonov.

Teglar

Mavzuga oid