Markaziy bank yangi energiya tariflarini bir necha yil oldin e’lon qilishni taklif etdi
Regulyatorga ko‘ra, tariflar o‘zgarishini oldindan e’lon qilish aholi va korxonalarga kelgusi xarajatlarini rejalashtirish imkonini beradi.
© Ijtimoiy tarmoqlarO‘zbekistonda kommunal xizmatlar uchun tariflarning kelgusi bir necha yilga mo‘ljallangan o‘zgarish jadvali va parametrlarini oldindan e’lon qilish taklif etildi. Bu haqda Markaziy bankning 2027-yil va 2028−2029-yillarga mo‘ljallangan pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasida ma’lum qilindi.
Mazkur chora aholi va korxonalarga o‘z xarajatlarini o‘rta muddatga rejalashtirish hamda inflyatsion kutilmalarni barqarorlashtirishga yordam berishi mumkinligi qayd etilgan.
Hujjatga ko‘ra, energetika sohasida tariflarni iqtisodiy asoslangan darajaga yaqinlashtirish tizimni modernizatsiya qilish uchun moliyaviy zamin yaratadi.
Biroq ta’kidlanishicha, tariflarning o‘zgarishi qisqa muddatda iste’mol narxlari va ishlab chiqarish xarajatlariga qo‘shimcha bosim ko‘rsatadi. Islohotlarning barqaror samarasi esa xizmatlar sifati, boshqaruv samaradorligi va ta’minot ishonchliligini oshirishga, shuningdek, texnologik yo‘qotishlarni kamaytirishga bog‘liq bo‘ladi.
Elektr tarmoqlarini yangilash zarurati
Markaziy bank energiyaga talab ortib borayotgan sharoitda faqat ishlab chiqarish quvvatlarini emas, balki elektr tarmoqlarini ham yangilash va ta’minot uzluksizligini oshirish zarurligini bildirmoqda.
Yangi energetika quvvatlarining ishga tushirilishi va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kengayishi ta’minot imkoniyatlarini oshirmoqda. Ammo elektr tarmoqlarining eskirishi, energiya yo‘qotishlari va ayrim hududlardagi uzilishlar mavjud quvvatlardan to‘liq foydalanishni cheklashi mumkinligi aytib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1-iyundan O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari yana oshirilgan edi. Bunda maishiy iste’molchilar uchun iste’mol hajmiga qarab tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolinib, elektr energiyasi uchun oyiga 201 dan 500 kVt⋅soatgacha bo‘lgan yangi bosqich joriy etildi.
Shuningdek, 2026-yil boshidan boshlab aholi uchun elektr energiyasi va gaz tariflarini yillik inflatsiyani hisobga olgan holda, 10 foizdan oshmagan miqdorda har yili indeksatsiya qilish mexanizmi amal qilmoqda.





