Logo

O‘zbekistonda muomaladagi naqd pullar bir yilda 14 trln so‘mga ko‘paydi

Bugun 15:252 daqiqa

2026-yil noyabr boshida aholi va iqtisodiyot muomalasidagi naqd pullar hajmi 93,1 trln so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,8 foizga ko‘p.

O‘zbekistonda muomaladagi naqd pullar bir yilda 14 trln so‘mga ko‘paydi © Ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil 1-noyabr holatida O‘zbekiston Markaziy bankining pul bazasi 120,5 trln so‘mga yetdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 18,4 trln so‘m yoki qariyb 18 foizga ko‘p. Bir oy ichida esa pul bazasi 2,3 foizga oshgan.

Pul bazasi tarkibining asosiy qismini Markaziy bankdan tashqaridagi naqd pullar tashkil etmoqda. Ularning hajmi 93,1 trln so‘mga yetib, bir yil ichida 17,8 foizga oshgan. 2025-yil 1-noyabrda bu ko‘rsatkich 79,1 trln so‘m bo‘lgan.

Qolgan asosiy qism boshqa depozit tashkilotlar, jumladan, tijorat banklarining Markaziy bankdagi vakillik hisobvaraqlaridagi mablag‘lariga to‘g‘ri keladi. Ularning hajmi 25,7 trln so‘mni tashkil etib, yillik hisobda 15,5 foizga ko‘paygan.

Markaziy bankning oltin aktivlari 700 trln so‘mdan oshdi

Hisobotda Markaziy bankning sof tashqi aktivlari 763 trln so‘mni tashkil etgani ko‘rsatilgan. Bu bir yil avvalgiga nisbatan 7,5 foizga ko‘p.

Ushbu aktivlarning asosiy qismini monetar oltin tashkil etadi. Uning qiymati 700,4 trln so‘mga yetgan. Bir yil davomida monetar oltin qiymati 21,7 foizga oshgan.

Shu bilan birga, norezidentlarga bo‘lgan talablar 69,4 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 50,8 foizga kam. Norezidentlar oldidagi majburiyatlar esa 6,8 trln so‘mga teng bo‘lgan.

Markaziy bankning boshqa sektorlarga, jumladan, davlat tashkilotlariga bo‘lgan kredit va boshqa moliyaviy aktivlari 1,4 trln so‘mni tashkil etgan. Bu bir yil avvalgiga nisbatan 55 foizga ko‘p.

Pul bazasi va pul massasi bir xil emas

Pul bazasining o‘sishini iqtisodiyotdagi jami pul hajmining aynan shuncha ko‘payishi sifatida talqin qilish to‘g‘ri emas. Pul bazasi Markaziy bank tomonidan shakllantiriladigan monetar ko‘rsatkich bo‘lib, muomaladagi naqd pullar va banklarning Markaziy bankdagi ayrim mablag‘larini qamrab oladi.

Keng ma’nodagi pul massasi esa bunga qo‘shimcha ravishda tijorat banklaridagi depozitlarni ham o‘z ichiga oladi. Shu sababli pul bazasidagi o‘zgarishlar bilan birga bank kreditlari, depozitlar va iqtisodiyotdagi pul aylanishini ham hisobga olish lozim.

2026-yil 1-noyabr holatiga O‘zbekistonda keng ma’nodagi pul massasi 474,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bir oy ichida esa ko‘rsatkich 2,8 foizga oshgan. Jami pul massasining 400,5 trln so‘mi milliy valutadagi mablag‘larga to‘g‘ri keladi.

Teglar

Mavzuga oid