add

Ukraina dronlari talafoti tufayli Rossiya benzin sotib olish uchun Osiyo tomon yuzlandi

01.10.2025 | 17:059793

Ukraina neftni qayta ishlash zavodlarining 40 foiz quvvatiga zarar yetkazgach, Rossiyada yoqilg‘i yetishmovchiligi kuchaydi. Kreml Xitoy, Janubiy Koreya va Singapurdan benzin import qilish rejasini ishga tushirmoqda.

Ukraina dronlari talafoti tufayli Rossiya benzin sotib olish uchun Osiyo tomon yuzlandi
«Kommersant’» nashrining yozishicha, benzin import qilish uchun hukumat maxsus paket tayyorladi. Uzoq Sharq orqali kirib keladigan yoqilg‘ilarga bojxona to‘lovlari bekor qilinadi, importyorlarga esa davlat narxlar farqini byudjetdan qoplab beradi. Yoqilg‘i yetkazib berish huquqini «Rosneft», NNK va «Promsiryoimport» kompaniyalari oladi. Bu markaziy Rossiyaga har oy 150 ming tonna Sibir benzini yo‘naltirish imkonini beradi. Shu bilan birga, hukumat Belarusdan importni ko‘paytirish hamda 2016 yildan beri taqiqlangan monometilanilin (MMA) qo‘shimchasidan foydalanishga ruxsat berishni rejalashtirmoqda. Sentyabr oyi oxiriga kelib, mamlakatda rekord darajada — 38 foiz NQIZ quvvatlari to‘xtab qoldi. Bunga asosan Ukraina dronlari hujumlari sabab bo‘ldi. Faqat avgustdan buyon 20 dan ortiq yirik zavod ishdan chiqarildi. So‘nggi haftada «Kinef», Ryazan, Novokuybishev va Astraxan zavodlari ham to‘xtab qoldi. Bugun ertalab kattaligi bo‘yicha Rossiyada beshinchi o‘rinda turuvchi Yaroslavl NQIZga ham hujum uyushtirilgan va kata yong‘in kelib chiqqan. Bunday hujumlar natijasida, Saxalindan tortib Qrimgacha bo‘lgan hududlarda yoqilg‘i taqchilligi yuzaga keldi. Masalan, Qrimda bir qo‘lga 30 litrdan ortiq benzin sotib olishi taqiqlandi. Rossiya hukumati Osiyo va Belarusdan import, shuningdek ekologik talablarni yumshatish orqali ichki bozorga qo‘shimcha 350 ming tonna benzin va 100 ming tonna dizel olib kirish rejasini ko‘rib chiqmoqda.

Teglar

Mavzuga oid