
Ukrainaning Rossiyadagi yadroviy samolyotlarga hujumi ortidan xavf darajasi oshib bormoqda
04.06.2025 | 21:3023683
AQSHning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Ukraina dronlari Rossiya hududidagi yadroviy qudratga ega samolyotlarga zarba berganidan so‘ng, urushda eskalatsiya xavfi oshib borayotganini bildirdi. Bu haqda u Fox News telekanaliga bergan intervyusida ta’kidladi.

Ukraina o‘tgan hafta oxirida Sibir va Rossiyaning shimolidagi bir nechta aerodromlarga hujum qilganini ma’lum qildi. Ayrim nishonlar front chizig‘idan 4 300 km uzoqlikda joylashgani qayd etildi.
Kellogg bu hujumlarning texnik zararidan ko‘ra, Rossiya uchun psixologik ta’siri katta bo‘lganini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi hujumlar yadroviy uchlik (bombardimonchi samolyotlar, qit’alararo ballistik raketalar va suvosti kemalari) kabi milliy xavfsizlik tizimiga taalluqli bo‘lgan qismlarga qaratilganida, javob choralari noaniq bo‘lib qoladi.
AQSH va Rossiya jahondagi yadroviy qurollarning taxminan 88 foizini nazorat qiladi. Har ikkala davlatda yadroviy zarbalarni amalga oshirishning uch xil asosiy usuli bor: strategik bombardimonchilar, yer orqali uchiriladigan raketalar va suvosti kemalari.
Keloggning aytishicha, ayniqsa, Ukraina Rossiya shimolidagi harbiy-dengiz bazasiga ham hujum qilgani haqidagi tasdiqlanmagan xabarlar jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit esa seshanba kuni Tramp mazkur hujumlar haqida oldindan xabardor bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, dushanba kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Biroq ular sezilarli natija bermadi. Kelogg Ukraina taklifini «juda oqilona» deb baholadi, Rossiya pozitsiyasini esa «maksimalistik» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, ayni damda maqsad — ikki tomon o‘rtasidagi farqni qisqartirishdan iborat.





