Vazir san’atkorlarni tanqid qildi, «Ravshan Zolotoy» Londonda paydo bo‘ldi, Haj uchun 26 ming$—hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.
Madaniyat vaziri soliq to‘lashdan bosh tortgan san’atkorlarni «savodsiz» deb atadi. Xalqaro qidiruvga berilgan «Ravshan Zolotoy» Londonda ko‘rinish berdi. Taniqli tadbirkor O‘zbekistondagi bizneslarini sotuvga qo‘ydi. Haj ziyorati uchun 26 ming AQSH dollari talab qilgan firibgar ushlandi. O‘zbekistonlik ayol turkiyalik erkakni 20 ming dollarga «uxlatdimi»?.
Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan VAQT.UZ dayjestida batafsil tanishing.
Soliq to‘lamayman deyishga or qilish kerak – Ozodbek Nazarbekov
Bu hafta ijtimoiy tarmoqlarda san’atkorlar va boshlovchilar uchun to‘y hamda konsertlardan alohida soliq undirilishi ko‘zda tutilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mazkur masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, ba’zi san’atkorlarning e’tirozlarini «savodsizlik» deb atadi.
Vazirning ta’kidlashicha, san’atkorlar hozirda ham soliq to‘lab kelmoqda, biroq ko‘pchiligi bu tizimning mohiyatini tushunmaydi. Nazarbekov amaldagi soliq turini «sog‘lom emas» deb baholab, yangi loyiha sohani tartibga solish va tizimni soddalashtirishga qaratilganini tushuntirdi.
Muloqot davomida vazir soliq to‘lash har bir fuqaroning burchi ekanini eslatib o‘tdi:
«Soliq to‘lamayman deyishga or qilish kerak. Bugungi tinchlik, ta’lim va xavfsizlik aynan mana shu mablag‘lar hisobiga ta’minlanmoqda», dedi vazir.
Madaniyat vazirligi avvalroq mazkur loyihaning ayrim bandlari bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirgan bo‘lsa-da, hujjat Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.
Timur Musin bizneslarini sotuvga qo‘ydi
Shu hafta «Caravan Group» tarmog‘i asoschisi Timur Musin Toshkent va Toshkent viloyatidagi eng mashhur maskanlarini sotuvga chiqargani jamoatchilik o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tadbirkor poytaxtdagi «Palov muzeyi» (150 mlrd so‘m), «Caravan» restorani (45 mlrd so‘m) va Bo‘stonliq tumanidagi «Cinara’s» majmuasini (99 mlrd so‘m) sotish bo‘yicha e’lonlarni joylashtirgan.
Mazkur qarorga asosiy sabab sifatida tadbirkor quyidagi omillarni keltirmoqda:
• Ma’muriy to‘siqlar va investitsiya xavfi: Musinning ta’kidlashicha, keng ko‘lamli etnografik loyiha murakkab investitsiya muhiti va «yashirin to‘siqlar» tufayli to‘xtab qolgan. Buning natijasida bir necha million dollar mablag‘ va vaqt boy berilgan.
• Yer muzokaralari va kompensatsiya muammosi: Nizo Bo‘stonliq tumanidagi yo‘l rekonstruksiyasi uchun yer uchastkasining olib qo‘yilishi bilan bog‘liq. Sud hokimlik zimmasiga 12,5 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lash majburiyatini yuklagan bo‘lsa-da, bu qaror yuqori instansiyalar tomonidan bir necha bor bekor qilingan.
• Mulk huquqining buzilishi: 2026 yil boshida Biznes-ombudsman 15 yil avval berilgan kadastr hujjatlarining bekor qilinishiga qarshi chiqib, mulk huquqi buzilganini bildirgan. Hozirda obyektlarning huquqiy maqomi noaniqligi sababli kompaniya xorijiy hamkorlar bilan aloqani uzgan va 10 mln dollarlik investitsiyalar muzlab qolgan.
Tadbirkor mavjud muhit xususiy investitsiyalarni «noqonuniy tajovuzlar va reyderlikdan» himoya qilishga tayyor emasligini alam bilan qayd etgan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda.
Jizzaxda noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi fosh etildi
Yakunlanayotgan hafta davomida Jizzaxda 2 mlrd so‘mlik noqonuniy kripto-operatsiyalar bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushlangan shaxs iPhone 12 mobil qurilmasi orqali «Bitget» kriptobirjasining mobil ilovasidan foydalangan holda elektron hamyon tashkil etgan. U 2025–2026 yillar davomida jami 2 milliard 50 million so‘mdan ortiq mablag‘ga teng kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278⁸-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar kripto-aktivlar bilan bog‘liq faoliyat qat’iy huquqiy tartibga solinganini, bunday operatsiyalar faqat rasmiy va litsenziyalangan platformalar orqali amalga oshirilishi lozimligini ta’kidladi.
O‘zbekistonlik ayol va turk erkak o‘rtasidagi mojaro
Yakunlanayotgan haftada Turkiyaning «ATV» telekanali orqali berilgan malumot sababli o‘zbekistonlik 36 yoshli Gulbahor ismli ayol va 56 yoshli Rajab O‘nder o‘rtasidagi moliyaviy mojaro jamoatchilik diqqat markaziga tushdi. Ko‘rsatuv davomida boshlovchining ayolga nisbatan kamsituvchi fikrlari keskin e’tirozlarni keltirib chiqardi.
Rajab O‘nderning iddao qilishicha, ayol uni nikoh va’dasi bilan aldab, jami 20 ming AQSH dollarini o‘zlashtirgan. U ayolning farzandlariga yordam berganini, uyi va telefoni uchun to‘lovlar qilganini, biroq Gulbahor mablag‘larni qaytarmay aloqani uzganini ta’kidladi.
Bunga javoban ayol ayblovlarni inkor etib, pullar ixtiyoriy yordam sifatida berilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘nder uni tungi klublarda ishlashga undagan va farzandlarini haqorat qilgan; shu sababli ayol munosabatlarni yakunlagan. Shuningdek, u O‘zbekistonda uy sotib olgani haqidagi da’volarni rad etib, hozirda Turkiyada uy tozalovchi bo‘lib ishlayotganini ma’lum qildi.
Efir davomida boshlovchining ayollar huquqlarini kamsituvchi va professionallikka zid chiqishlari yuzasidan jamoatchilik faollari diplomatlarni vatandoshlarimiz sha’nini himoya qilishga chaqirmoqda.
Xalqaro qidiruvdagi «Ravshan Zolotoy» Londonda paydo bo‘ldi
Xalqaro qidiruvga berilgan jinoyat olami Vakili va taniqli tadbirkor G‘ofur Rahimovning jiyani Ravshan Zolotoy Londonda ko‘rinish berdi. Bu hafta u o‘zining Instagram sahifasida post e’lon qildi. Unda Ravshan Muhitdionov shunday post yozib qoldirgan.
“Yigit boshiga kulfat tushsa, u yigitlik qilayotgan paytida tushsin. Vatanni sotib, do‘stlarini xiyonat bilan sotayotgan paytda emas.”
Qayd etish joiz, 37 yoshdagi Ravshan Muhitdinov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 173-moddasi Mulkni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash 3-qismi 242-modda Jinoiy uyushma tashkil etish 2-qismi, 277-moddasi Bezorilik 3-qismi bilan ayblanib, Interpol qidiruviga berilgan.
Muhitdinov tog‘asi G‘afur Rahimovga nisbatan tazyiqlar kuchaygan davrda og‘ir jinoyatlarda ayblangan va mamlakatni tark etgan. OAVda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2007-yil 18 yoshda bo‘lgan Ravshan Muhitdinov Jinoyat Kodeksining 242-moddasi (Uyushgan jinoiy guruh tuzish va unga bevosita rahbarlik qilish)da ayblanib, qidiruvga berilgan. U asosan Turkiyaning Istanbul va Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shaharlarida istiqomat qilgan.
Haj uchun 26 ming $
Yakunlanayotgan hafta davomida muqaddas Haj ziyorati bilan bog‘liq navbatdagi firibgarlik holati aniqlandi. Namangan shahrida yashovchi shaxs to‘rt nafar fuqaroni «Haj-2026» mavsumida Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilib, ulardan jami 26 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ushbu shaxs so‘ralgan mablag‘dan 6 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni hukumati ruxsatnomasiz Haj ziyoratini amalga oshirishga uringanlarga nisbatan qat’iy jazo choralarini e’lon qilgan. Qoidabuzarlik uchun yirik miqdordagi jarima, deportatsiya qilish va mamlakatga kirishni 10 yil muddatga taqiqlash kabi choralar ko‘rilishi mumkin.
Alkogol mahsulotlari naqdda sotiladimi?
Umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlarida naqd puldagi to‘lovlarga yengillik berilishi mumkin. Bu hafta umumiy ovqatlanish sohasi tadbirkorlari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda tadbirkorlar turistlar uchun ovqatlanish va alkogol to‘lovlarining alohida bo‘lishi noqulaylik tug‘dirayotganini bildirishdi.
1-apreldan O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlarini faqat elektron to‘lov orqali sotish tartibi joriy etilgan edi. Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov mazkur tartibga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, yaqin kunlarda umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogol mahsulotlarini naqd pul shaklida ham realizatsiya qilish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.
Shuningdek, muloqot davomida sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mehmonxonalarda turistik yig‘imni naqd pul ko‘rinishida qabul qilish imkoniyati yaratilgani ham qayd etildi.
Damas haydovchisi o‘quvchini urib, qochib ketdi
Shu hafta poytaxtning Olmazor tumanida 19 yoshli Damas haydovchisi piyodalar o‘tish joyi yaqinida maktab o‘quvchisini urib yuborib, voqea joyidan qochib ketdi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘l-transport hodisasi 20-aprel kuni Keles yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Tezkor tadbirlar natijasida aniqlangan haydovchi o‘z harakatini voqeadan so‘ng sarosimaga tushib qolgani va shok holati bilan izohlagan. Uning ta’kidlashicha, bolalarni payqagach signal chalgan, biroq o‘quvchilardan biri yo‘lga yugurib chiqqan va to‘qnashuvning oldini olish imkoni bo‘lmagan.
Hozirda haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 133 va 137-moddalari bilan tegishli bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Jabrlanuvchining jarohati jiddiy bo‘lsa, holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin.
Teglar






