Oshxona va mehmonxonalarda spirtli ichimliklarni naqd pulda sotishga ruxsat berilishi mumkin

Bugun 15:151 daqiqa

1-apreldan boshlab O‘zbekistonda ayrim xizmat turlari, jumladan alkogol va tamaki mahsulotlari savdosini elektron to‘lovlar orqali amalga oshirish tartibi joriy etilgan edi. Soliq qo‘mitasi raisi mazkur tartibga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqilgani, hozir tegishli idoralar bilan kelishilayotganini ma’lum qildi.

Oshxona va mehmonxonalarda spirtli ichimliklarni naqd pulda sotishga ruxsat berilishi mumkin © foodsafety.ru

Bugun, 22-aprel kuni umumiy ovqatlanish sohasi tadbirkorlari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxobov, Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov, Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid O‘rinov ishtirok etdi. Uchrashuvda biznesga to‘siq bo‘layotgan muammolar va ularni bartaraf etish masalalari asosiy e’tibor markazida bo‘ldi.

Tadbirkorlardan biri turistlardan ovqatlanish uchun alohida, alkogol mahsulotlari uchun alohida to‘lov qilinishi noqulayliklarga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov bunga javoban yaqin kunlarda umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogol mahsulotlarini naqd pul shaklida ham realizatsiya qilish imkoniyati yaratilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, ochiq muloqotda sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mehmonxonalarda turistik yig‘imni naqt pul ko‘rinishida qabul qilish imkoniyati yaratilgani ham qayd etildi.

Avvalroq ushbu masala Savdo-sanoat palatasi tomonidan soliq maslahatchilari, auditorlar hamda buxgalterlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ko‘tarilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid