
Xotinlarda — millionlar, amaldorlarda — nol: To‘qayev ma’muriyatidagilarning qancha topayotgani e’lon qilindi
Qozog‘iston Prezident ma’muriyati 2024 yil uchun daromad deklaratsiyalarini e’lon qildi. Ayrim amaldorlar nol daromad, turmush o‘rtoqlari esa millionlab tenge ko‘rsatgan.

Qozog‘iston Prezident ma’muriyati 2024 yil uchun yuqori lavozimli amaldorlar va ularning oila a’zolari daromadlari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Bu haqda Aqorda nashri xabar berdi.
Hujjatlarda ayrim holatlarda davlat xizmatchilari o‘zlariga nisbatan nol daromad ko‘rsatib, barcha asosiy moliyaviy tushumlar turmush o‘rtoqlari nomi bilan qayd etilgani e’tiborni tortdi.
E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ma’muriyat rahbari o‘rinbosari, sobiq Olmaota hokimi Erbolat Do‘sayev 14 million tenge (taxminan 27,4 ming dollar) daromad qayd etgan. Uning turmush o‘rtog‘i esa 2,3 milliard tengelik daromad ko‘rsatgan bo‘lib, bu taxminan 4,5 million dollarga teng.
Xavfsizlik kengashi kotibi Gizat Nurdauletov o‘z deklaratsiyasida nol daromad ko‘rsatgan, uning turmush o‘rtog‘i esa 24,9 million tenge daromadga ega ekani ma’lum qilingan. Prezident yordamchisi Quvanshbek Esekeyeyev ham xuddi shu kabi holatni ko‘rsatib, barcha daromadlar uning rafiqasi — 48 million tenge (taxminan 94,6 ming dollar) miqdorida qayd etilgan.
Prezident maslahatchisi Aleksey Soy deklaratsiyada nol ko‘rsatkich bergan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i 1 million tenge daromad ko‘rsatgan. Shuningdek, ma’muriyat davlat inspektori Batыrjan Bayjumanov ham shaxsiy daromad sifatida nol ko‘rsatib, rafiqasi 2,6 million tenge (taxminan 5,1 ming dollar) daromad olgani ma’lum qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 2025 yildan davlat xizmatchilari uchun daromad deklaratsiyalarini ochiq e’lon qilish majburiyati joriy etilgan.





