
Yagona portal xizmatlari soni 2025 yil oxirigacha 800 taga yetkaziladi
04.06.2025 | 17:4027144
O‘zbekistonda raqamli hukumatni rivojlantirish, aholi uchun qulay elektron xizmatlar yaratish va korrupsiyani kamaytirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyati kengaytirilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar portal orqali xizmatlar soni 800 taga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.

Prezident farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida mamlakatni mintaqaviy IT markaziga aylantirish va Elektron hukumat indeksi bo‘yicha dunyodagi ilg‘or 30 davlat qatoriga kiritish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston BMTning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 193 davlat orasida 63-o‘ringa ko‘tarildi va ilk bor «juda baland» rivojlangan davlatlar guruhiga kiritildi.
Hozirga qadar «Raqamli hukumat» dasturi doirasida 258 ta loyiha amalga oshirildi, 42 ta loyiha esa bajarilish jarayonida. Sog‘liqni saqlash sohasida «DMED» axborot tizimi orqali 470 ta tibbiyot muassasasi raqamlashtirilib, 32 million bemorning ma’lumotlari elektron shaklda yig‘ildi.
2023–2025 yillarda jami 300 ta ustuvor raqamli loyiha amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, buning asosiy maqsadi hujjatlar aylanmasi va davlat fuqarolik munosabatlarini to‘liq raqamli shaklga o‘tkazishdan iborat. Bu esa ariza yozish, shakl to‘ldirish va hujjat yig‘ish kabi byurokratik jarayonlarni bekor qilish imkonini beradi.
Yagona portalda joriy yil boshidan 51 ta yangi elektron xizmat joriy qilindi va umumiy soni 751 taga yetdi. Portalning mobil ilovasidagi xizmatlar soni esa 565 tagacha ko‘paydi. 2025 yil yakuniga qadar 20 ta ommabop xizmat joriy qilinishi va 10 ta xizmat turi kompozit ko‘rinishda taqdim etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bu haqda parlament quyi palatasi majlisida ma’lum qilindi. Majlisda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning parlament so‘roviga bergan javobi ko‘rib chiqilib, ma’lumot uchun qabul qilindi.





