
Yonilg‘i quyish shoxobchalarida naqd to‘lov bekor qilinadi
O‘zbekistonda 2026 yil 1-apreldan yonilg‘i quyish shoxobchalarida to‘lovlar faqat naqdsiz usulda qabul qilinadi.

O‘zbekistonda 2026 yil 1-apreldan boshlab avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida naqd pul orqali to‘lov qilish amaliyoti to‘liq bekor qilinadi. Bu talab prezidentning 2025 yil 10-dekabrda imzolangan «Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilab qo‘yilgan.
Farmonga muvofiq, avtoyo‘llarda va shahar hududlarida joylashgan yonilg‘i quyish shoxobchalari neft-gaz mahsulotlarini sotishda hamda elektromobillar uchun zaryadlash xizmatlarini ko‘rsatishda faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlarini qabul qilishi shart bo‘ladi. Naqd pulda to‘lov qilish imkoniyati qoldirilmaydi.
Maqsad yashirin iqtisodiyotni qisqartirish
Hujjatda ta’kidlanishicha, mazkur chora mamlakatda naqdsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish, to‘lov tizimlarining shaffofligini ta’minlash hamda yashirin iqtisodiyot hajmini qisqartirishga xizmat qiladi. Shu orqali soliq tushumlarini to‘liq hisobga olish va moliyaviy intizomni kuchaytirish maqsad qilingan.
Yangi tartib amalga kirishi bilan yonilg‘i quyish shoxobchalari o‘z hisob-kitob tizimlarini to‘liq raqamlashtirishi, to‘lov terminallari va elektron platformalarning uzluksiz ishlashini ta’minlashi lozim bo‘ladi. Bu jarayon iqtisodiy munosabatlarda ochiqlikni oshirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Naqd pulsiz to‘lov majburiy bo‘lgan sohalar
2026 yil aprelidan davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlar (bank kassalari orqali amalga oshirilgan to‘lovlardan tashqari) naqd pulsiz shaklda qabul qilinadi.
Yirik xaridlar uchun yangi talablar
Qiymati 25 million so‘mdan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar uchun naqd pulda to‘lash taqiqlanadi. Bundan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mustasno. Ko‘chmas mulk, ishlab chiqarilganiga 10 yil to‘lmagan avtotransport vositalarini sotishda ham to‘lov tasdiqlanmasa, bitimlar rasmiylashtirilmaydi. Banklar va notariuslar axborot tizimlari o‘zaro avtomatik ma’lumot almashadi.





