1,8 mlrd so‘mlik ko‘prik, metan «zapravka»larga yana cheklov va Belarusning AES qurilishidagi yordam taklifi — 10-mart dayjesti

10.03.2026 | 23:403 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

1,8 mlrd so‘mlik ko‘prik, metan «zapravka»larga yana cheklov va Belarusning AES qurilishidagi yordam taklifi — 10-mart dayjesti

Navro‘z bayrami dasturi tasdiqlandi

Prezident qarori bilan O‘zbekistonda Navro‘z bayramini munosib nishonlash bo‘yicha «Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!» degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot tadbirlari dasturi tasdiqlanadi.

Qaror bilan 2026-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (Tashkiliy qo‘mita) tarkibi tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, bu yilgi Navro‘z muborak Ramazon hayiti bayrami bilan hamohang tarzda nishonlanishi uning insonparvarlik tamoyillarini yanada kuchaytirishini inobatga olib, «Mehribonlik», «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yashayotgan shaxslar, holidan xabar olish tashkil etiladi.

«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida belgilangan tadbirlar amalga oshiriladi, «Men ham ko‘chat ekaman» aksiyalari, umumxalq hasharlari tashkil etiladi. Toshkent shahridagi «Yangi O‘zbekiston» majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillari tashkil etiladi.

Toshkent hokimi Sergelida ko‘prik qurish uchun 1,8 mlrd so‘m ajratdi

Toshkent shahri Sergeli tumanida kanal ustidan o‘tgan ko‘prik olib tashlangani sababli bolalar maktabga borish uchun quvur orqali o‘tayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Shu holatdan so‘ng Toshkent shahar hokimi qarori bilan Yuqori Darxon mahallasi hududidagi Jo‘n kanali ustida yangi ko‘prik qurish uchun 1 mlrd 860 mln so‘m ajratildi.

Ma’lum qilinishicha, yangi ko‘prik «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi tomonidan barpo etiladi. Quvur o‘z joyida qoladi, ammo undan taxminan 50 metr masofada avtomobillar va piyodalar uchun mo‘ljallangan yangi ko‘prik quriladi. Avvalgi ko‘prik hashar usulida qurilgan bo‘lib, avariyaviy holatda ekani sabab buzib tashlangan.

Belarus O‘zbekistonga AES qurilishida texnologiya va kadrlar bilan yordam bermoqchi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonga atom elektr stansiyasi qurishda texnologiyalar taqdim etish va mahalliy mutaxassislarni tayyorlashda yordam berishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda u Minskda O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov bilan uchrashuvda ma’lum qildi. Lukashenkoning ta’kidlashicha, belaruslik mutaxassislar Rossiya bilan hamkorlikda atom energiya bloklarini qurish jarayonida katta tajriba to‘plagan.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida atom energetikasi, qishloq xo‘jaligi va mashinasozlik sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Lukashenko O‘zbekiston delegatsiyasini Belarusga tashrif buyurib, mutaxassislar bilan muzokaralar o‘tkazishga taklif qildi. Shuningdek, u ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasini kelgusi yillarda 2 mlrd dollarga yetkazish imkoniyati borligini ta’kidladi.

O‘zbekistonda kripto-aktivlar reklamasi tartibga solinadi

O‘zbekistonda kripto-aktivlar bilan bog‘liq xizmatlar reklamasiga qo‘yiladigan talablar yangilandi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi buyrug‘iga ko‘ra, reklamada kriptoaktivlar O‘zbekistonda to‘lov vositasi hisoblanmasligi alohida ko‘rsatilishi shart. Shuningdek, kriptovalyuta operatsiyalari yuqori tavakkalchilikka ega ekani, mablag‘larni to‘liq yo‘qotish ehtimoli mavjudligi va ular davlat tomonidan kafolatlanmasligi haqida ogohlantirishlar saqlanib qoladi. Kriptoinvestitsiyalar orqali oson boyishni va’da qilish yoki bonus va chegirmalar taklif etish taqiqlanadi.

Hujjatda «asoslantirilgan mulohaza» tushunchasi ham joriy etilgan. Unga ko‘ra, litsenziyalovchi organ qonunchilik talablaridan tashqari holatlarni ham baholab, kripto-xizmatlar provayderlariga litsenziya berishni rad etishi mumkin. Shuningdek, kriptobirja, kriptodo‘kon, kriptodepozitariy va mayning-pul xizmatlarini faqat O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar alohida litsenziya asosida ko‘rsata oladi; serverlar mamlakat hududida joylashtirilib, tranzaksiya va mijozlar haqidagi ma’lumotlar kamida 5 yil saqlanishi talab qilinadi.

Metan «zapravka»lar faoliyatiga yana cheklov kiritildi


O‘zbekistonda 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab metan gaz quyish stansiyalari faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Sovuq va nam havo massalarining kirib kelishi tufayli mamlakatda tabiiy gaz iste’moli keskin ortgan. Natijada magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilmoqda.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bunday sharoitda asosiy maqsad aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz gaz bilan ta’minlashdan iborat. Shu bois, gaz resurslari birinchi navbatda uy xo‘jaliklari, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy muassasalar ehtiyojlariga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalari va jamoat transporti uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz davom ettirilishi ta’kidlandi.

Теглар

Мавзуга оид