2026-yilgi Afrika kuni: Qit’a haqiqiy ozodlikka erishganmi?

Bugun 20:005 daqiqa

Afrikaliklar «suverenitet» tushunchasini qayta anglayotgan bir paytda, 2026-yilgi Afrika kuni hokimiyat, tashqi qarz va raqamli nazorat masalalarini yana kun tartibiga olib chiqmoqda.

2026-yilgi Afrika kuni: Qit’a haqiqiy ozodlikka erishganmi? © aljazeera.com

1963-yilning 25-mayida qit’a yetakchilari Afrika Birligi Tashkilotiga (OAU) asos solish uchun Addis-Abebada jamlanganida, bu voqea qit’a ozodligining yorqin ramziga aylangan edi. Ko‘pchilik ushbu sanani hanuzgacha «Afrikani ozod qilish kuni» deb ataydi.

«Al Jazeera» 2026-yilgi Afrika kuni munosabati bilan qit’adagi iqtisodiy va raqamli holat haqida o‘z tahlilini e’lon qildi. Quyida ushbu maqolani e’tiboringizga havola qilamiz.

Oradan oltmish uch yil o‘tib, 2026-yilgi Afrika kuni nishonlanayotgan bir paytda, «haqiqiy ozodlik o‘zi nima?» degan savol hamon dolzarbligini yo‘qotmagan. Bir vaqtlar faqat mustaqil davlat bayrog‘i va madhiyasi bilan o‘lchangan bu tushuncha bugungi kunda boylik, texnologiya va global ta’sir doiralarini kim nazorat qilayotgani hamda bu nazorat butun qit’a aholisining kundalik hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqidagi qizg‘in bahs-munozaralarga borib taqalmoqda.

Keksa avlod uchun Afrika kuni — qit’a tarixini tubdan o‘zgartirgan mustamlakachilik tuzumi va siyosiy zulm ustidan qozonilgan mashaqqatli g‘alabani eslatuvchi, chuqur hissiy ahamiyatga ega tarixiy sana.

«Biz o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash huquqi uchun kurashdik. Bu siyosiy ozodlikni shunchaki o‘z-o‘zidan kelgan narsa sifatida qabul qilib bo‘lmaydi», — deydi Keniyaning Machakos shahrida yashovchi 74 yoshli nafaqadagi davlat xizmatchisi Mze Josfat Kimanti «Al-Jazira» bilan suhbatda.

Avlodlar o‘rtasidagi tafovut

Biroq Kimanti avlodlar o‘rtasidagi tafovut tobora kengayib borayotganini, «mustaqillik davridagi va’dalar bugungi voqelikda o‘zini oqlamadi» degan qarashlar kuchayib borayotganini ham tan oldi.

«Biz siyosiy erkinlik o‘z-o‘zidan iqtisodiy erkinlikni ham olib keladi, deb o‘ylagan edik. Buning o‘rniga, bugun nabiralarimning biz rozi bo‘lmagan tashqi qarzlar yuki ostida, qimmatchilik va hayotning og‘irligidan qiynalayotganini kuzatib turibman», — deydi u.

Ko‘plab tahlilchilar va yosh afrikaliklar uchun bugungi kunda «ozodlik» tushunchasining markazida pul, ish o‘rinlari va iqtisodiy nazorat masalalari turibdi. Endi munozaralar bayroq, chegara yoki madhiya kabi ramzlardan ko‘ra, ko‘proq «Iqtisodiyotni kim nazorat qilyapti?», «Moliyaviy qarorlarni kim qabul qilmoqda?» va «Oxir-oqibat qit’adagi iqtisodiy o‘sishdan kim manfaat ko‘ryapti?» qabilidagi chuqurroq savollar atrofida aylanmoqda.

Afrikaning qator davlatlarida o‘sib borayotgan tashqi qarz yuki eng asosiy muammoga aylandi. Oqibatda hukumatlar o‘z budjet xarajatlarini taqsimlashda tobora ko‘proq cheklovlarga duch kelmoqda. Ko‘p hollarda davlatning fiskal siyosati xalqaro moliya institutlari bilan olib boriladigan muzokaralar orqali belgilanmoqda va bu mahalliy hukumatlarga mustaqil qaror qabul qilish uchun juda kam imkoniyat qoldirmoqda.

Shu bilan birga, qit’a hukumatlari G‘arb davlatlari, Xitoy, rivojlanayotgan yirik iqtisodiyotlar hamda BRIKS kabi bloklar o‘rtasidagi munosabatlarda muvozanatni saqlashga urinmoqda. Bu yirik o‘yinchilarning har biri o‘z manfaatlari va ta’sir doirasini ko‘zlagan holda, qit’a davlatlariga turli sarmoyalar, kreditlar yoki strategik hamkorlik loyihalarini taklif etmoqda.

Tashqi qarz bosimi va raqamli qaramlik

Keniya Multimedia universitetining Ijtimoiy fanlar fakulteti professori Pol Mbatia «Al-Jazira» bilan suhbatda bu holatni shunday izohladi: «Toki qit’a o‘zi iste’mol qilmaydigan mahsulotni ishlab chiqarar ekan va o‘zi ishlab chiqarmaydigan mahsulotni iste’mol qilar ekan, bu yerda haqiqiy ozodlik haqida gap bo‘lishi mumkin emas».

Bir vaqtlar keng imkoniyatlar, inklyuzivlik va iqtisodiy o‘sishga olib boruvchi yagona yo‘l sifatida qaralgan raqamli texnologiyalar bugungi kunga kelib egalik huquqi, nazorat va uzoq muddatli qaramlik kabi murakkab masalalarni ham kun tartibiga olib chiqmoqda. Bu borada asosiy e’tibor «Raqamli tizimlarni kim yaratyapti?», «Ma’lumotlar bazasiga kim egalik qilyapti?» va «Raqamli iqtisodiyotdan aslida kim ko‘proq foyda ko‘rmoqda?» degan muammoli savollarga qaratilmoqda.

Ko‘plab siyosatchilarning ta’kidlashicha, Afrika taraqqiyotining keyingi bosqichi quruq siyosiy ideologiyaga emas, balki aniq iqtisodiy qadamlarga bog‘liq. Ya’ni, mintaqa davlatlari o‘z tabiiy resurslari, mehnat kuchi va innovatsiyalaridan foydalangan holda, boyliklarni xorijga tashib ketmasdan, ularni qit’aning o‘zida saqlab qoluvchi haqiqiy sanoat tarmoqlarini yarata oladimi yoki yo‘q — barchasi shunga borib taqaladi.

Ularning fikricha, bu boradagi haqiqiy sinov shundaki: ushbu intilishlar Afrika iqtisodiyotida jiddiy tarkibiy o‘zgarishlarni yasaydimi yoki shunchaki siyosiy minbarlardagi balandparvoz va’dalarligicha qolib, real hayotda hech qanday natija bermaydimi — buni vaqt ko‘rsatadi.

Raqamli jang maydoni

Ta’sir doirasi uchun kurashning yangi frontiga aylangan raqamli iqtisodiyotda ham bu o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Mobil to‘lov tizimlari, sun’iy intellekt va raqamli infratuzilma Nayrobi, Lagos va Kigali kabi shaharlarda jadal rivojlanib, ularni qit’aning eng yirik texnologiya xablariga va tez o‘zgarayotgan raqamli landshaftning asosiy ramzlariga aylantirmoqda.

Biroq tanqidchilarning ogohlantirishicha, bunday jadal o‘sishga qaramay, bazaviy raqamli infratuzilmaning katta qismi hamon Afrika tashqarisidan nazorat qilinmoqda. Suvosti kabellari, ma’lumotlar markazlari va bulutli texnologiyalar ko‘pincha transmilliy texnologik korporatsiyalar tomonidan moliyalashtiriladi, quriladi va aynan ularning egaligida qoladi.

Akkradagi Afrika raqamli boshqaruv markazining texnologiya siyosati bo‘yicha tahlilchisi Amina Oseyning fikricha: «Raqamli ekspluatatsiya — bu neokolonializmning (yangi mustamlakachilikning) yangi chegarasidir».

«Agar Afrikaning raqamli ma’lumotlari tashqariga tashib ketilsa, xorijiy serverlarda qayta ishlanib, so‘ngra o‘zimiz pul to‘lab foydalanadigan tizimlar ko‘rinishida o‘zimizga qayta sotilsa, demak, biz shunchaki eski mustamlakachilik nazoratini raqamli qaramlikka almashtirgan bo‘lamiz. Bugungi kundagi haqiqiy erkinlik — bu o‘z texnologiyamizga egalik qilish, ma’lumotlarimizni himoya qilish va milliy platformalarimizni yaratish salohiyatiga ega bo‘lish demakdir», — deydi u.

Tarixiy g‘urur va bugungi umidsizlik o‘rtasidagi bu ziddiyat Afrika kunining mohiyatini anglashda avlodlar o‘rtasidagi tafovutni yanada chuqurlashtirdi. Bugungi kunda qit’a aholisining 60 foizdan ortig‘ini 25 yoshga to‘lmagan yoshlar tashkil etadi. Ularning ko‘pchiligi 1960-yillardagi mustamlakachilikka qarshi kurash shiorlari bugungi kundalik hayotdagi ishsizlik, oshib borayotgan xarajatlar va iqtisodiy noaniqlik kabi real muammolarni aks ettira olmasligini ta’kidlamoqda.

Ozodlikka endi allaqachon tugallangan tarixiy lahza sifatida emas, balki hamon davom etayotgan murakkab jarayon sifatida qaralmoqda. Siyosiy mustaqillik faqatgina poydevor yaratib berdi, xolos. Ko‘pchilikning fikricha, taraqqiyotning keyingi bosqichi haqiqiy iqtisodiy mustaqillikni, raqamli suverenitetni va kuchli jamoatchilik nazoratini talab qiladi.

Teglar

Mavzuga oid