Logo

40 trillion dollar: AQSHning kimlardan qarzi bor?

Bugun 10:306 daqiqa

Joriy yilning mart oyida 39 trillion dollarni tashkil qilgan qarz miqdoriga qo‘shimcha yana 1 trillion dollarning qo‘shilishi uchun atigi besh oydan kamroq vaqt kerak bo‘ldi.

40 trillion dollar: AQSHning kimlardan qarzi bor?

19-avgust kuni AQSH G‘aznachilik departamenti e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning umumiy qarzi tarixda ilk bor 40 trillion dollardan oshdi.

Prezident Donald Trampning o‘tgan yil yanvar oyida boshlangan ikkinchi boshqaruv muddatida qarzning shiddat bilan o‘sishi yaqinlashib kelayotgan fiskal inqiroz haqidagi xavotirlarni yanada kuchaytirmoqda. Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, katta qarz, yuqori xarajatlar va pasaytirilgan soliqlarning o‘zaro xavfli uyg‘unligi dunyoning eng yirik iqtisodiyotini inqiroz yoqasiga olib kelishi mumkin.

Garchi Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatida asosiy e’tiborni xarajatlarni qisqartirish va samaradorlikni oshirishga qaratayotgan bo‘lsa-da, AQSH qarzi hanuz tez sur’atlarda o‘smoqda. Masalan, Hukumat samaradorligi bo‘yicha departament (DOGE) o‘tgan yilning boshidan buyon 250 mingdan 350 minggacha federal ish o‘rinlarini qisqartirdi va global moliyaviy ko‘mak hajmini kamaytirdi.

Ma’lumot o‘rnida, 2023 yilning may oyida Kongressning budjet boshqarmasi (CBO) AQSH qarzi 2028 yilga boribgina 40 trillion dollarlik marraga yetishini bashorat qilgan edi.

Budjet nazorati bilan shug‘ullanuvchi qo‘mitas (CRFB) prezidenti Mayya Makguineas bu borada shunday bayonot berdi:

«40 trillion dollarlik qarz shunchaki hukumatning hisob daftarlaridagi raqam emas. U butun iqtisodiyot bo‘ylab o‘z kuchini ko‘rsatadi va u yoki bu tarzda oddiy odamlarning hamyoniga ta’sir qilmay qolmaydi».

AQSH қарзи qanchalik tez o‘smoqda?

AQSH davlat qarzining o‘sish sur’ati 2020-yillarda oldingi o‘n yilliklarga qaraganda sezilarli darajada tezlashdi.

Tashqi va ichki moliyaviy majburiyatlarni o‘z ichiga olgan umumiy davlat qarzi Donald Tramp ilk bor prezidentlik lavozimiga kirishgan 2017 yilning yanvar oyidan buyon ikki barobar ko‘paydi. O‘sha vaqtda AQSH qarzi 19,95 trillion dollarni tashkil etar edi.

·         Trampning birinchi prezidentligi davrida davlat qarzi 7,8 trillion dollarga oshdi. Buning asosiy qismi COVID-19 pandemiyasiga qarshi ko‘rilgan shoshilinch xarajatlar bilan bog‘liq bo‘ldi. U 2025 yilning yanvar oyida lavozimiga qaytganidan beri qarz yana 3,8 trillion dollarga o‘sdi. Shu tariqa, uning har ikki boshqaruv muddati davomidagi jami qarz o‘sishi 11,6 trillion dollarga yetdi.

·         Jo Bayden ma’muriyati davrida (2021–2025 yillar) ham hukumat pandemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida katta miqdorda qarz olish va xarajat qilish siyosatini davom ettirdi. Mazkur davrda davlat qarzi yana 8,4 trillion dollarga oshdi.

AQSH qarzi joriy yilning mart oyida 39 trillion dollarni tashkil qilgan edi. Bu navbatdagi qo‘shimcha 1 trillion dollarlik qarz to‘planishi uchun atigi besh oydan kamroq vaqt kifoya qilganini ko‘rsatadi.

Taqqoslash uchun, CRFB tahliliga ko‘ra, AQSH tarixida umumiy davlat qarzining ilk bor 1 trillion dollardan oshishi uchun qariyb 200 yil kerak bo‘lgan (bu ko‘rsatkich 1981 yilda qayd etilgan). Inflatsiya darajasi hisobga olinsa, o‘sha davrdagi 1 trillion dollar bugungi kun qiymatida taxminan 3,67 trillion dollarga teng.

Kongressning budjet boshqarmasi (CBO) hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSH davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbati 2026 yildagi 101 foizdan 2036 yilga borib 120 foizgacha ko‘tariladi. Bu esa Ikkinchi jahon urushidan so‘ng qayd etilgan 106 foizlik tarixiy rekorddan ham ancha yuqori.

Nega qarz bunchalik tez o‘smoqda?

Inqiroz davridagi xarajatlar

Qariyb yigirma yil ichida ikkita yirik inqiroz yuz berdi va bu davrda hukumatlar qarz olish hamda xarajatlarni oshirishga majbur bo‘ldi.

Birinchi inqiroz 2007–2009 yillardagi iqtisodiy pasayish (retsessiya) bo‘lsa, ikkinchisi 2020–2023 yillardagi COVID-19 pandemiyasi davriga to‘g‘ri keldi. Pandemiya sababli yuzaga kelgan xarajatlar 2017 yildan beri to‘plangan qarzning taxminan uchdan bir qismini tashkil etadi. Chunki ham Tramp, ham Jo Bayden boshqaruvi davrida qarz olish sur’ati sezilarli darajada tezlashgan edi.

Soliq tushumlarining o‘ta pastligi

Tahlilchilarga ko‘ra, qarz olish ko‘payishining yana bir sababi shundaki, soliq va boshqa tushumlar xarajatlarni qoplay olmayapti. Ayniqsa, AQSH keksayib borayotgan aholining pensiyalari va sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish uchun tobora ko‘proq mablag‘ sarflayotgan bir paytda bu yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, demokrat va respublikachi ma’muriyatlar bu kamomadni yopish uchun xarajatlarni jilovlash yoki soliqlarni oshirishning uddasidan chiqa olmadi.

AQSH hukumati har yili o‘rtacha 7 trillion dollar sarflaydi. Bu mablag‘ning qariyb 60 foizi Ijtimoiy ta’minot boshqarmasi (SSA) to‘lovlariga, xususan, «Medicare» va «Medicaid» sog‘liqni saqlash sug‘urtasi hamda faxriylarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Biroq daromadlar bu xarajatlarni qoplashga yetmayapti. Masalan, G‘aznachilik departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida AQSH jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urta, korporativ soliqlar va boshqa manbalardan jami 334 milliard dollar daromad ko‘rgan.

Ammo xuddi shu davrda hukumat ijtimoiy ta’minot, tibbiy sug‘urta, milliy mudofaa va qarz foizlarini to‘lash uchun o‘z daromadidan qariyb ikki barobar ko‘p — 766 milliard dollar sarflagan.

Foiz stavkalarining ko‘tarilishi

Foiz stavkalari pandemiya boshlanguniga qadar past darajada saqlanib kelayotgan edi. Biroq keyinchalik Federal zaxira tizimi inflatsiyaga qarshi kurashish maqsadida stavkalarni oshirishga majbur bo‘ldi.

Ayni paytda AQSH o‘z qarzini yopish bo‘yicha foiz to‘lovlari uchun yiliga taxminan 1,1 trillion dollar to‘lamoqda. Bu mamlakatning mudofaa sohasiga ajratadigan mablag‘idan ham ko‘proq. 2026 yilgi moliya yilining dastlabki 10 oyida foiz to‘lovlari xarajatlari tibbiy sug‘urta xarajatlaridan ham oshib ketdi.

«USA Facts» tahliliy guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, federal pensiya nafaqalari hamda shtat va mahalliy davlat pensiyalari uchun yiliga jami 1,8 trilliondan 2 trillion dollargacha mablag‘ sarflanmoqda.

Tramp qanday soliq imtiyozlarini joriy qilgan?

O‘sib borayotgan xarajatlarga qaramay, Tramp o‘zining birinchi boshqaruv davrida — 2017 yilda qabul qilingan «Soliqlarni qisqartirish va ish o‘rinlari to‘g‘risida»gi qonuni orqali biznes uchun soliqlarni keskin kamaytirishni boshladi. Mazkur qonun korporativ soliq stavkasini 35 foizdan 21 foizgacha tushirdi.

2025 yilda esa u 2017 yilgi qonunni doimiy asosda mustahkamlovchi «One Beautiful Bill Act»ni qabul qilib, bu siyosatni davom ettirdi. Ushbu qonun «Medicaid» tibbiy sug‘urta dasturi xarajatlarini 12 foizga qisqartirdi. Biroq bunga erishish maqsadida davlat qarzi chegarasi qariyb 5 trillion dollarga oshirildi.

Hozirgi kunda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i federal budjet tushumlarining qariyb yarmini tashkil qilsa-da, korporativ daromad solig‘ining ulushi atigi 9 foizga teng.

Trampning ikki prezidentlik muddati oralig‘ida faoliyat yuritgan Bayden ma’muriyati ham infratuzilmaga sarmoya kiritish va toza energiya subsidiyalari uchun katta miqdorda mablag‘ sarfladi.

AQSH kimlardan qarzdor?

G‘aznachilik departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy va xorijiy investorlardan olingan qarzlar yalpi qarzning 80 foizini — taxminan 32 trillion dollarni tashkil etadi.

«Peter G. Peterson Foundation» jamg‘armasi tahliliga ko‘ra, mazkur qarzning qariyb 21 trillion dollari mahalliy kreditorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, buning 4,528 trillion dollari federal foiz stavkalariga ta’sir o‘tkazish va pul massasini boshqarish maqsadida G‘aznachilik qimmatli qog‘ozlari bilan savdo qiluvchi Federal zaxira tizimiga tegishli.

Boshqa mahalliy kreditorlar qatoridan investitsiya fondlari (5,195 trillion dollar), pensiya fondlari (1,135 trillion dollar), shtat va mahalliy hukumatlar (1,636 trillion dollar), tijorat banklari hamda depozitar muassasalar (2,083 trillion dollar), shuningdek, boshqa korporativ va yakka tartibdagi kreditorlar (6,660 trillion dollar) o‘rin olgan.

Xalqaro miqyosda esa AQSH bir qancha davlatlar va xususiy investorlardan qarzdor hisoblanadi. 1970 yilda xorijiy kreditorlar yalpi qarzning bor-yo‘g‘i 5 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 32 foizga yetgan. Bu, o‘z navbatida, mamlakat daromadining kattagina qismi foiz to‘lovlari ko‘rinishida xorijga chiqib ketayotganini anglatadi.

2025 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH Yaponiyadan 1,203 trillion dollar, Buyuk Britaniyadan 889 milliard dollar, Xitoydan 683 milliard dollar, shuningdek, 30 dan ortiq boshqa subyektlardan qarzdor.

Bundan tashqari, yalpi milliy qarzning yana 20 foizi, ya’ni taxminan 8 trillion dollari hukumatning ichki qarzi hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid