41 ta xorijiy atamaning o‘zbek tilidagi muqobili tasdiqlandi
Endi «brend» so‘zi «xosnom», «breket» so‘zi «tishsim», «emoji» esa «hisbelgi» deb yuritiladi.
© wikipedia.uzVazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi tomonidan o‘zbek tili qoidalari va me’yorlari asosida shakllantirilgan hamda rasmiy muomalaga, qonunchilik hujjatlariga va rasmiy ish yuritishga kiritiladigan yangi so‘z va atamalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, jami 41 ta chet tilidan o‘zlashgan so‘z o‘zbekcha muqobillari bilan almashtiriladi. Xususan, endi rasmiy doiralarda quyidagi atamalardan foydalaniladi:
San’at va madaniyat sohasida: Akkompanement o‘rniga jo‘rnavoz, antrakt o‘rniga tanafsus, arersena o‘rniga sahnaorti, dekoratsiya o‘rniga sahnabezak, suflyor o‘rniga shivirchi.
Axborot texnologiyalari va ijtimoiy tarmoqlarda: Vebinar o‘rniga vebyig‘in, kommentariy o‘rniga izoh, emoji o‘rniga hisbelgi, xeshteg o‘rniga kalitso‘z, probel o‘rniga bo‘shliq.
Shuningdek, datchik o‘rniga sezgich, mikser o‘rniga qorg‘ich, penoplast o‘rniga po‘kak, penoblok o‘rniga po‘kak g‘isht, rakovina o‘rniga chanoq, rubilnik o‘rniga uzgich, bashmak o‘rniga boshmoq so‘zlari ishlatiladi.
Kundalik hayot, mehnat va turizmda: Banket o‘rniga ziyofat, breketlar o‘rniga tishsim, brend o‘rniga xosnom, dedlayn o‘rniga so‘ngmuddat, inventarizatsiya o‘rniga xatlov, interaktiv o‘rniga interfaol, palatka o‘rniga chodir, negativ o‘rniga salbiy, rasprodaja o‘rniga arzonsotuv, simptom o‘rniga belgi, alomat, trening o‘rniga mashg‘ulot, fitosanitariya o‘rniga fitohimoya, frilanser o‘rniga erkin ishchi, shpaler o‘rniga tokustun hamda xostel o‘rniga qo‘noquy atamalari kiritilmoqda.
Quyidagi havola orqali yangi atamalarning ma’nosi bilan to‘liq tanishib chiqishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 66 ta xorijiy atamaning o‘zbek tilidagi muqobili tasdiqlangani haqida xabar bergan edik. Bundan tashqari, 7-iyul kuni o‘zbek alifbosiga ham o‘zgartirishlar kiritilgan edi.





