Logo

Bolalarga zo‘ravonlik qilgan pedagoglar jazolanadi

Bugun 15:042 daqiqa

O‘zbekistonda bolalarni himoya qilishga qaratilgan yangi qonun ma’qullandi.

Bolalarga zo‘ravonlik qilgan pedagoglar jazolanadi © sputnik

Senatning 17-yalpi majlisida «Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ma’qullandi.

Qonun bilan 6 ta kodeks va 13 ta qonunga o‘zgartirish kiritilishi nazarda tutilgan. Asosiy yangiliklardan biri — ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Xususan, ta’lim va tarbiya jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qilish, bolani kamsitish, xo‘rlash yoki tahqirlash kabi harakatlar uchun javobgarlik choralari qo‘llaniladi. Bu normalar bolalarning ta’lim muhitidagi xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan.

Pedagoglarga cheklov kiritiladi

Yangi tartibga ko‘ra, pedagogik faoliyat davomida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir etib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslarga cheklov belgilanadi.

Bunday shaxslar bir yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.

Shuningdek, qonun bilan davlat yoki nodavlat muassasasining to‘liq ta’minotida bo‘lgan bolalar uchun ham ota yoki onani aliment to‘lash majburiyatidan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyaga berish tartibi ham o‘zgarmoqda.

Bolalar himoyasi kuchaytiriladi

Yangi qoidalarga muvofiq, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar faqat ularning qarindoshlari oilasiga tarbiyaga berilishi belgilanmoqda.

Senatorlarga ko‘ra, ushbu qonun bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ta’lim muassasalarida ularning qadr-qimmati va daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha huquqiy kafolatlarni kuchaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi xususiy bog‘chada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilingani aniqlangandi.

Teglar

Mavzuga oid

Bolalarga zo‘ravonlik qilgan pedagoglar jazolanadi | Vaqt.uz