Keshbek o‘rniga taklif qilinayotgan lotereya, 1 sotixi 301 mln so‘mga tushgan poytaxt yerlari va bojdan ozod qilingan yuk mashinalari — 8-iyul dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«AKFA Aluminium» ilk marta xalqaro bozorda obligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda
«AKFA Aluminium Group» o‘z tarixida ilk bor xalqaro bozorda obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya 13-iyul kuni Londonda investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun «Citigroup» va «JPMorgan»ni jalb qilgan.
Shu bilan birga, «AKFA Aluminium» aksiyalarni dastlabki joylashtirish to‘g‘risidagi qarorni ham e’lon qildi. Kompaniya bu korporativ shaffoflikni oshirish, boshqaruv tizimini takomillashtirish va axborotni oshkor etish amaliyotini mustahkamlashga qaratilganini ta’kidlamoqda.
O‘zbekistonda zargarlik buyumlari raqamli markirovkalanishi mumkin
O‘zbekistonda qimmatbaho metall va toshlardan tayyorlangan zargarlik hamda boshqa buyumlarni bosqichma-bosqich majburiy raqamli markirovkalash taklif qilinmoqda. Tizim zargarlik buyumlari aylanmasini nazorat qilish, noqonuniy savdoni cheklash va har bir mahsulot harakatini kuzatish imkonini beradi.
Loyihaga ko‘ra, tajriba-sinov bosqichi 2027 yil oxirigacha davom etadi. 2029 yil 1-yanvardan ishlab chiqaruvchi va importchilar, 1-apreldan esa chakana savdo subyektlari uchun raqamli markirovka majburiy bo‘lishi mumkin. Xaridorlar «Asl belgisi» va «Soliq» ilovalari orqali mahsulotning haqiqiyligini, kelib chiqishi haqidagi ma’lumotlarni tekshirish imkoniga ega bo‘ladi.
1 sotix yer 301 mln so‘m: Toshkentda yer narxlari pasaymoqda
2026 yil I chorak yakuniga ko‘ra, Toshkent shahrida 1 sotix yerning o‘rtacha narxi 301 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga pasaydi. Markaziy bank buni shahar markazidan uzoqroq hududlarda yer taklifining oshib borayotgani bilan izohlamoqda.
Shu bilan birga, I chorakda ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 110,1 mingtaga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 48,4 foizga ko‘paydi. Biroq 1-apreldan eskrou tizimi joriy etilgach, aprel oyida bitimlar soni martdagi 43,6 mingtadan 23,3 mingtagacha kamaygan.
O‘zbekistonda ayrim yuk mashinalari importi boj va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilindi
2027 yil 31-dekabrgacha ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan ayrim yuk transport vositalarini import qilishda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imining nol stavkalari qo‘llaniladi.
Imtiyozlar quyidagi transport vositalariga tatbiq etiladi:
— Yevro-5 va undan yuqori ekologik standartlarga javob beradigan yuk avtomobillari va tortuvchi transport vositalari;
— to‘la vazni 15 tonnadan ortiq yoki yukxonasining ichki hajmi kamida 76 kub metr bo‘lgan yarim tirkamalar.
Bunda imtiyozlardan foydalangan holda import qilingan transport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kundan boshlab uch yil ichida eksport qilinsa yoki yoqilg‘i turini o‘zgartirishdan tashqari qayta jihozlanib, TIF TN kodi o‘zgarsa, berilgan imtiyozlar bekor qilinadi. Bu holatda tegishli bojxona to‘lovlari belgilangan tartibda undiriladi.
O‘zbekistonda 1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinib, davlat lotereyalariga o‘tilishi mumkin
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi institut Soliq ilovasida cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun beriladigan 1 foizlik keshbekni to‘xtatishni taklif qildi. Bunga budjet xarajatlari oshib borayotgani sabab sifatida keltirilmoqda — keshbek to‘lovlari 2022 yilda 820 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda 1,8 trln so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda.
Ommaviy keshbek o‘rniga tushumlarni yashirish xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazgan xaridorlar o‘rtasida davlat lotereyalarini tashkil etish taklif qilinmoqda. Bunda avtomobillar, turistik yo‘llanmalar va 5 mln so‘mdan yuqori qiymatdagi sovrinlar o‘ynalishi mumkin. Ijtimoiy reyestrga kiritilganlar uchun 12 foizlik QQS keshbeki saqlab qolinadi.





