AQSHda dahshatli voqea: 4 yil davomida kichik bir xonada yashirib saqlangan 16 nafar bola qutqarildi
Ular so‘nggi to‘rt yilning asosiy qismini odam axlatiga to‘la, dahshatli sharoitdagi bitta kichik xonada o‘tkazgan.

AQSHning Ogayo shtatidagi Hamden qishlog‘ida bitta oilaga mansub 16 nafar bola qutqarildi. Ular so‘nggi to‘rt yilning asosiy qismini odam axlatiga to‘la, dahshatli sharoitdagi bitta kichik xonada o‘tkazgan.
Mazkur holat boshqa bir jinoyat ishi doirasidagi tintuv vaqtida tasodifan aniqlangan. Bolalarning ota-onasi va ikki nafar bobo-buvisiga (Gari Sayders kichik, Gari Sayders katta, Kristina Sayders va Elizabet Sayders) nisbatan og‘ir jismoniy zarar yetkazishni o‘z ichiga olgan, bolalarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish jinoyati bo‘yicha ayblov e’lon qilindi.
«Ular deyarli yovvoyi hayvonlarga o‘xshab qolgan edi. Bu juda dahshatli», – dedi Ogayo shtati bosh prokurori Endi Uilson matbuot anjumanida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yoshi 1,5 dan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar asosiy vaqtini taxminan 3,5 ga 3,5 metr (12x12 fut) o‘lchamdagi xonada o‘tkazgan. Ular maktabga bormagan, topilgan vaqtda ayrimlari umuman gapira olmagan. Hatto 18 yoshli rivojlanishdan orqada qolgan nogiron qiz o‘z ismini ham yozishni bilmagan.
Qo‘shnilarning ta’kidlashicha, ular bu uyda bolalar borligini umuman ko‘rmagan va bilmagan.
«Bu odamlar bolalarni yashirishda juda ustasi farang bo‘lgan. Bu Amerikada biz ko‘rishga odatlanmagan holatdir», – deya ta’kidladi Endi Uilson.
Vinton okrugi sherifi Rayan Keyn holatni tasvirlar ekan, vaziyat qanchalik og‘ir ekanini aytib o‘tdi:
«Bizda hatto chorva mollari ham bu bolalardan ko‘ra yaxshiroq sharoitda saqlanadi. Bu shunchaki jirkanch manzara».
Qutqarilgan bolalarning yetti nafari Kolumbusdagi shifoxonalarga yotqizilgan, ulardan ikkitasi vertolyotda olib ketilgan. Bolalardan birining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda. Hozirda ular Ogayo shtati Ish va oilaviy xizmatlar departamentining vaqtinchalik vasiyligiga olingan.
Sudda to‘rt nafar ayblanuvchining har biri uchun 300 ming dollardan garov puli belgilandi.





