Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalarga hujum qilmoqda, AQSH javob zarbasi berishi mumkin — «Axios»
Bu hujumlarga qadar, prezident Tramp Qo‘shma Shtatlar Eron bilan yo kelishuvga erishishi, yoki «ishni oxirigacha yetkazishi»ni ta’kidlab, Tehronga harbiy harakatlar bilan tahdid qilgan.
© Foto: AnadoluEron Islom inqilobi posbonlari korpusi 7 iyulga o‘tar kechasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan savdo kemalariga qarata kamida ikkita raketa uchirdi. Bu haqda ikki nafar yuqori lavozimli amerikalik manbaga tayanib, «Axios» nashri xabar bermoqda.
Bu hodisa xuddi iyun oyi oxiridagi keskinlashuv vaqtida bo‘lgani kabi, AQSH tomonidan javob zarbalari berilishi xavfini tug‘diradi. Qolaversa, mazkur vaziyat AQSH va Eron o‘rtasida qariyb uch hafta oldin imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga ham putur yetkazishi mumkin. Vaholanki, ushbu hujjat doirasidagi asosiy masalalar muhokamasida shu paytgacha hech qanday ijobiy siljish kuzatilmagan edi.
«Axios» nashriga ma’lumot bergan ikki amerikalik mulozimning ta’kidlashicha, 6-iyul oqshomida Eron harbiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan savdo kemalariga kamida ikki bor raketa zarbasi bergan.

7-iyul kuni «Axios» tarqatgan ma’lumotdan tashqari, Britaniyaning Dengiz savdosi operatsiyalarini boshqarish boshqarmasi (UKMTO) ham voqea yuzasidan xabar berdi. Unga ko‘ra, Ummon qirg‘oqlari yaqinida, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali janubga harakatlanayotgan tankerga noma’lum snaryad kelib tushgan va buning oqibatida yong‘in chiqqan.
«UKMTO Ummondagi Lima shahridan sakkiz dengiz mili (taxminan 15 km) sharqda yuz bergan hodisa haqida xabar topdi. Ma’lum bo‘lishicha, janubga yo‘l olgan tankerning chap tomoniga noma’lum snaryad tegib, yong‘inga sabab bo‘lgan. Qurbonlar yoki ekologiyaga zarar yetgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q», — deyiladi boshqarmaning X tarmog‘idagi sahifasida.

«Axios» manbalariga ko‘ra, hujumga uchragan har ikkala kema ham jiddiy shikastlangan, ammo insonlar orasida qurbonlar yo‘q.
«Reuters» agentligi esa UKMTO xabarida tilga olingan kema «Axios» nashri aytayotgan kemalardan biri ekanini hozircha tasdiqlay olmasligini bildirgan.
«Wall Street Journal» nashrining yozishicha, hujumga uchragan kemalardan biri «Nakilat» (shuningdek, «Qatar Gas Transport Company Ltd» nomi bilan ham tanilgan) kompaniyasiga qarashli «Al Rekayyat» suyultirilgan tabiiy gaz (STG) tashuvchi tankeri bo‘lishi mumkin. Ushbu kompaniya STG tashish bo‘yicha dunyodagi eng yirik flotlardan biriga egalik qiladi. WSJ xabariga ko‘ra, kemaning chap tomoniga, aynan mashina bo‘limining yuqori qismiga zarba berilgan. Hujum kema Ummon ko‘rfazida, bo‘g‘ozga kirish qismida harakatlanayotgan paytda sodir etilgan.
Jurnalist Barak Ravidning yozishicha, AQSH bunga javoban zarba berishi ehtimoli bor. Biroq u suhbatlashgan mulozimlar ham xuddi shunday xavotirda ekani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritilmagan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ham, Oq uy ham hozircha ushbu hodisa yuzasidan birorta rasmiy munosabat bildirmagan.
«Reuters» agentligining eslatishicha, bu hujumlar qayta boshlangani ma’lum bo‘lguniga qadar, prezident Tramp Qo‘shma Shtatlar Eron bilan yo kelishuvga erishishi, yoki «ishni oxirigacha yetkazishi»ni yana bir bor ta’kidlab, Tehronga harbiy harakatlar bilan tahdid qilgan edi. O‘sha paytda Tehronda oliy rahnamo oyatulloh Ali Xamaneiyning bir necha kun davom etgan dafn marosimida AQSH sha’niga tahdid va la’natlar yangrayotgandi.
«Biz yo kelishuv tuzamiz, yoki ishni oxirigacha yetkazamiz. Ishni oxirigacha yetkazish esa qiyin bo‘lmaydi. Men baribir kelishuv tuzishni ma’qul ko‘rgan bo‘lardim, chunki bu holat 91 million insonga daxl qilishini istamayman», — dedi Tramp Eron aholisini nazarda tutib.
U so‘zida davom etib: «Biz ularning ko‘priklarini bir soatda vayron qilishimiz, energiya ta’minotini uzib qo‘yishimiz mumkin... Hozir ularda pul yo‘q. Biz ularga pul berganimiz yo‘q», – deb qo‘shimcha qildi.
Bunga javoban Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy X tarmog‘ida AQSH va Eron o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumiga to‘xtaldi. U hujjatning bandlaridan birida «agar tahdidlar davom etsa, yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralar boshlanmasligi aniq ko‘rsatilganini» eslatib, AQSHni o‘z prezidenti imzolagan hujjat shartlariga rioya qilishga chaqirdi.
29-iyun kuni «Axios» nashri AQSH va Eron o‘zaro zarba almashishni to‘xtatishga hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalarning erkin harakatlanishini muhokama qilish uchun dastlab Qatarda texnik uchrashuv o‘tkazishga kelishib olganini xabar qilgan edi.
Memorandum yana xavf ostida
Zarbalarning qayta tiklanishi memorandum taqdirini yana so‘roq ostida qoldirmoqda. 17-iyun kuni Eron va AQSH 60 kunlik muddatga mo‘ljallangan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi.

Mazkur hujjat barcha frontlarda, jumladan Livanda harbiy harakatlarni to‘xtatishni, shuningdek, Tehrondan sanksiyalarni olib tashlash va Eronni qayta tiklash fondini yaratishni ko‘zda tutadi.
Memorandum keng qamrovli kun tartibi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni taqozo etadi, biroq tomonlar hozircha faqat bo‘g‘oz orqali savdo kemalarining erkin harakatlanishi masalasini muhokama qilishgacha yetib kelgan, xolos.
«Axios» eslatishicha, o‘tgan seshanba kuni Dohada Qatar va Pokiston vositachilari orqali bilvosita o‘tkazilgan muzokaralar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kema qatnovi masalasida hech qanday sezilarli siljishsiz yakunlangan.





