Logo

«BYD» O‘zbekistonda elektromobillar uchun tezkor zaryadlash stansiyalari tarmog‘ini yaratishni rejalashtirmoqda

Bugun 14:321 daqiqa

Xitoyning «BYD» kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini yanada kengaytirmoqchi. Kompaniya ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha ham yangi rejalarni ko‘rib chiqmoqda.

«BYD» O‘zbekistonda elektromobillar uchun tezkor zaryadlash stansiyalari tarmog‘ini yaratishni rejalashtirmoqda © energyinstitute.jhu.edu

Xitoyning «BYD» avtomobil ishlab chiqaruvchisi O‘zbekistonda elektromobillar uchun tezkor zaryadlash stansiyalari tarmog‘ini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi.

8-iyul kuni vazir Laziz Qudratov «BYD» kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Cao Shuang bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyati va keyingi rejalari muhokama qilindi.

Tomonlar elektromobillar ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahalliylashtirish darajasini ko‘tarish hamda korxonaning eksport imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, respublika bo‘ylab zaryadlash infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.

Ishlab chiqarish rejalari

Muzokaralarda «BYD» loyihasining keyingi bosqichlari, jumladan, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazib berish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Kompaniya O‘zbekistonda elektromobillar bozori o‘sib borayotgan sharoitda mahalliy ishlab chiqarishni kuchaytirishga e’tibor qaratmoqda. Bunda ichki talab bilan birga mintaqaviy eksport yo‘nalishlari ham muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.

Tomonlar ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, yangi texnologik yechimlarni joriy etish va elektromobil ekotizimini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq elektromobillar importi 2025 yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 4 barobar oshganligi haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid