Zararli ilovalar orqali 21 fuqaroning 336 mln so‘mini o‘g‘irlaganlar ushlandi
Ular fuqarolarga zararli APK-ilovani yuborgan. Ushbu ilova orqali odamlarning shaxsiy ma’lumotlari qo‘lga kiritilgan.

Respublika bo‘ylab 21 nafar fuqaroning jami 336 million so‘m mablag‘i kiberfiribgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirildi. Bu haqda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, fuqarolarga noma’lum shaxs tomonidan zararli APK ilovalari yuborilgan va shu orqali ularning shaxsiy ma’lumotlari qo‘lga kiritilgan.
Shundan so‘ng gumondorlar fuqarolarning, jumladan Termizda doimiy istiqomat qiluvchi hamda Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi shaxslarning «E-auksion» platformasida ro‘yxatdan o‘tganidan va akkauntidan foydalanib, bank kartalaridagi pullarni yechib olgan.
Xususan, jabrlanuvchilardan birining bank kartasida mavjud bo‘lgan 230 million so‘m pul mablag‘i shu yo‘l bilan o‘zlashtirilgan.
Tezkor tadbir va jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor profilaktik oyligi doirasida tashkil etilgan tezkor tadbir davomida firibgarlikda gumon qilingan uch nafar shaxs qo‘lga olindi. Ularning jinoyat sxemalari o‘rganilganda, respublika bo‘ylab 21 nafar fuqaroning mablag‘lari xuddi shu usulda talon-toroj qilingani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruhga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi (O‘g‘rilik, qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.





