O‘zbekiston 2026 yilda Rossiyadan 10 mlrd kub metrdan ortiq gaz import qilishi mumkin
Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning O‘zbekistonga gaz eksporti yil davomida qariyb 50% ga oshadi. Bu ichki ishlab chiqarish hajmi so‘nggi yillarda ketma-ket kamayishi fonida yuz bermoqda.

O‘zbekiston 2026 yilda Rossiyadan quvur orqali olinadigan tabiiy gaz hajmini qariyb 50% ga oshirishi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, kelgusi yilda import hajmi 10 mlrd kub metrdan oshadi.
Xalqaro energetika agentligi (XEA) gaz bozori bo‘yicha hisobotida Rossiya Qozog‘iston orqali “Markaziy Osiyo — Markaz” quvur tizimi yordamida O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni bosqichma-bosqich oshirayotgani qayd etildi.
«Rossiya gazini quvur orqali O‘zbekistonga yetkazib berish hajmi 2025 yildagi 7 mlrd kub metrdan 2026 yilda 10 mlrd kub metrdan oshishi kutilmoqda», — deyiladi hisobotda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonning Rossiya va Turkmanistondan gaz importi qiymati $1,65 mlrdni tashkil etgan. Bu avvalgi yilga nisbatan 1,2% ga kam.
Biroq pul ko‘rinishidagi pasayishga qaramay, Rossiyadan xarid qilingan gaz hajmi oshgan. Import 14,9% ga ko‘payib, 5,64 mlrd kub metrdan 6,48 mlrd kub metrga yetgan.
Vaqt.uz avvalroq yanvar–may oylarida gaz xaridlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 84,1% ga oshib, $724,7 mlnni tashkil qilgani haqida xabar bergandi. Shundan $68,2 mln propan importi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Propan xaridi esa 3,3 barobarga ko‘paygan.
Oylar kesimida eng katta import hajmi may oyida $216,4 mln qiymatida qayd etildi. Yanvarda bu ko‘rsatkich $167,6 mln bo‘lgan bo‘lsa, fevralda $34,6 mlngacha pasaydi. Mart va aprel oylarida esa mos ravishda $158,3 mln hamda $147,8 mlnlik gaz xarid qilingan.

Bundan tashqari, Xitoyga gaz yetkazib beruvchi davlatlar orasida Rossiya yetakchilik qilmoqda — $3,8 mlrd. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston ($3,32 mlrd), Myanma ($624,4 mln), Qozog‘iston ($309,4 mln) va O‘zbekiston ($139,6 mln) joylashgan.
Gaz eksporti kamaymoqda
Tabiiy gaz eksportida esa aksincha pasayish kuzatilmoqda. 2026 yilning dastlabki besh oyida eksport hajmi 29,6% ga qisqarib, $202,9 mlnni tashkil etdi.
Yanvar oyida gaz eksporti amalga oshirilmagan. Fevralda yetkazib berish qayta tiklanib, $7,1 mlnni tashkil qilgan. Mart oyida eksport $29,4 mlnga, aprelda esa $92,7 mlngacha oshgan. May oyida ko‘rsatkich $73,5 mln atrofida bo‘lgan.
Rejaga ko‘ra, 2026 yildan keyin gaz qazib olish yana o‘sish bosqichiga o‘tadi va 2030 yilga kelib 48,5 mlrd kub metrga yetadi.
Kelgusi yillarda gaz qazib olish hajmi quyidagicha bo‘lishi prognoz qilinmoqda:
— 2027 yil — 42,9 mlrd kub metr (+6,7%);
— 2028 yil — 44,5 mlrd kub metr (+3,7%);
— 2029 yil — 45,5 mlrd kub metr (+2,2%);
— 2030 yil — 48,5 mlrd kub metr (+6,6%).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmi kelgusi yillarda qariyb 70% ga oshishi mumkinligi ma’lum qilingandi. Tomonlar yillik import hajmini 11 mlrd kub metrgacha yetkazish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu 2025 yildagi taxminan 7 mlrd kub metrlik ko‘rsatkichdan 4 mlrd kub metrga ko‘p.
Hajmlarni oshirish amaldagi quvurlar imkoniyatiga bog‘liq bo‘lib, Qozog‘iston o‘z hududidagi tranzit infratuzilmasini tayyorlaganini bildirgan. Ostona jarayonda Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazish uchun tranzit davlat sifatida ishtirok etmoqda.





