Deputatlar eskrou tizimi haqidagi qonunni muhokama qilishga kirishdi
Qurilish bozorida ulushdorlar mablag‘larini himoya qilish hamda developerlar faoliyatini tartibga solishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida muhokama qilinmoqda.
© Getty ImagеsOliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi «Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini dastlabki tarzda muhokama qildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hujjat O‘zbekistonda ulushli qurilish sohasini alohida qonun bilan tartibga solish hamda eskrou tizimini joriy etishni nazarda tutadi. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlari qurilishiga jismoniy va yuridik shaxslar mablag‘larini jalb qilish tartibini qonun darajasida belgilash rejalashtirilmoqda.
Qonun loyihasi ulush kiritish mexanizmini takomillashtirish, ulushdorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning mablag‘lari xavfsizligini kafolatlashga qaratilgan.
Qurilishdagi muammolar
Muhokamada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda qurilish hajmi 17,5 baravarga oshgan. Biroq sohada tizimli muammolar ham saqlanib qolmoqda.
Xususan, ayrim developerlar qurilish-montaj ishlari grafigiga amal qilmayotgani, ulushli shartnomalar orqali jalb qilingan mablag‘lar yetarlicha himoyalanmagani va uy-joylar belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilmayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, tajribasi yetarli bo‘lmagan quruvchilar soni ortishi oqibatida muammoli qurilish obyektlari ko‘payib borayotgani qayd etildi.
Deputatlar fikricha, ulushli qurilish bozorini aniq qoidalar asosida tartibga solish fuqarolar uchun moliyaviy xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Loyiha takomillashtiriladi
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasidagi ayrim normalar yuzasidan aniqlashtiruvchi savollar berib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Qonun loyihasi hozirda mutaxassislar ishtirokida qayta ishlanmoqda. U takomillashtirilganidan keyin Qonunchilik palatasining yalpi majlisi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev eskrou hisobvaraqlari asosida ishlaydigan yangi moliyalashtirish mexanizmini joriy etish tashabbusi bilan tanishgan edi. Unga ko‘ra, xaridorlarning mablag‘lari maxsus bank hisobvarag‘ida saqlanib, quruvchiga faqat qurilish bo‘yicha belgilangan shartlar bajarilgach o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2026-yil 1-apreldan ko‘chmas mulk va avtomobil oldi-sotdisida eskrou tizimi joriy etilgan.





