Kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan bankirlar qo‘lga olindi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida bank xodimlari bilan bog‘liq noqonuniy kredit sxemalari fosh etildi.
© iStockBosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida bank xodimlari ishtirokida kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlarini aniqladi.
Ma’lum qilinishicha, imtiyozli va ipoteka kreditlari ayrim fuqarolar nomiga noqonuniy rasmiylashtirilib, jami 1 mlrd 593 mln so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda mas’ul shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
Imtiyozli kredit sxemalari
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida tijorat bankining uch nafar bank xizmatlari markazi xodimi o‘zaro kelishgan holda besh nafar fuqaro nomiga imtiyozli kredit rasmiylashtirgani aniqlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular ushbu sxema orqali 146 mln so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirgan. Avvalroq ham Beruniyda bank xodimlari, yetti nafar hokim yordamchisi va boshqa shaxslar 37 nafar fuqaro nomiga 1,4 mlrd so‘mlik kredit rasmiylashtirib, mablag‘larni talon-toroj qilgani fosh etilgan edi.
Farg‘ona viloyati Rishton tumanida esa bank mas’ullari va boshqa shaxslar «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida 21 nafar fuqaro nomiga 747 mln so‘m imtiyozli kredit ajratgan. Mablag‘lar fuqarolar xabardorligisiz ta’minotchi korxonalar hisob raqamlariga o‘tkazilib, o‘zlashtirilgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, Qo‘shtepa tumanida bankning sobiq bo‘lim boshlig‘i uy-joy xaridi uchun ipoteka krediti ajratish bahonasida qalbaki shartnoma orqali 90 mln so‘m mablag‘ni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani aniqlangan.
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida tijorat bankining sobiq bank xizmatlari markazi rahbar o‘rinbosari va boshqa shaxslar fuqaro nomiga tadbirkorlik subyekti tashkil qilib, soxta hujjatlar asosida 500 mln so‘m kredit rasmiylashtirgan.
Departamentga ko‘ra, ushbu mablag‘ ham o‘zlashtirilgan. Gumonlanuvchilardan biri avval ham talon-torojlik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangani qayd etildi.
Buxoro viloyati Jondor tumanida esa tijorat bankining sobiq rahbari va sobiq mutaxassisi fuqarolarni xabardor qilmasdan ular nomiga 110 mln so‘m kredit rasmiylashtirib, mablag‘ni qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Hozirda barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston talon-toroj va firibgarlik jinoyatlari uchun jazo choralari kuchaytirilishi haqida xabar bergan edik. Bu haqda Prezident 22-iyun kuni imzolagan qonun bilan belgilab qo‘yildi. Endi o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlik, shuningdek firibgarlik uchun hukm qilingan shaxslar yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan bo‘lsa, jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmaydi.





