Logo

Enterprise Uzbekistan qonuni Senatdan o‘tmadi: hujjat qayta ishlanadi

Bugun 22:551 daqiqa

Senat Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni qayta ishlash uchun qaytardi. Hujjat IT sohasiga investitsiya jalb qilish, maxsus huquqiy rejim yaratish va ayrim faoliyat turlarini 2100 yilgacha soliqlardan ozod qilishni nazarda tutadi.

Enterprise Uzbekistan qonuni Senatdan o‘tmadi: hujjat qayta ishlanadi

Oliy Majlis Senati «Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi» (Enterprise Uzbekistan) to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni amaldagi tahririda ma’qullamadi va qayta ishlash uchun Qonunchilik palatasiga qaytardi.

Qonun loyihasi O‘zbekistonda maxsus huquqiy rejimga ega raqamli texnologiyalar markazini tashkil etishni nazarda tutadi. Markaz orqali investitsiya muhitini yaxshilash, xorijiy kapital jalb qilish va mamlakatni global raqamli iqtisodiyotga integratsiya qilish maqsad qilingan.

Hujjatda markaz ishtirokchilari uchun alohida tartiblar, «tartibga soluvchi qumdon», soddalashtirilgan davlat xizmatlari, soliq, bojxona va valuta rejimlari belgilangan.

Senatorlar muhokama davomida Boshqaruv kengashi va Markaz ma’muriyati vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, investorlar huquqlari va ularning sarmoyalarini xalqaro standartlarga muvofiq yanada kuchliroq himoya qilish zarurligini ta’kidladi.

Enterprise Uzbekistan markazi 2025 yil noyabrda tashkil etilgan. Uning hududida ayrim faoliyat turlari 2100 yilgacha soliqlardan ozod qilinishi, texnologiyalar va uskunalar importi soddalashtirilishi rejalashtirilgan.

Markaz faoliyati Konstitutsiya, Angliya va Uels umumiy huquqi elementlari hamda yetakchi xalqaro moliya markazlari standartlari asosida tartibga solinishi ko‘zda tutilmoqda.

Senat qaroriga ko‘ra, hujjat bo‘yicha senatorlar va deputatlardan iborat kelishuv komissiyasi tuziladi hamda qonun manfaatdor davlat tashkilotlari ishtirokida qayta ishlanadi.

Teglar

Mavzuga oid