Afg‘oniston-Pokiston urushi ham davom etmoqda: «Tolibon» Kobul ustida samolyotga o‘t ochganini ma’lum qildi
Bugun, 1-mart kuni Kobulda portlashlar va o‘q ovozlari eshitildi. «Tolibon» buni poytaxtda Pokiston samolyotlariga qarshi havo mudofaa zarbalari amalga oshirilgani bilan izohladi.

Pokiston bilan Afg‘onistondagi «Tolibon» harbiy kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar bugun, 1-mart kuni uchinchi kunga kirdi. Afg‘oniston bugun, 1-mart kuni poytaxt Kobulda portlashlar va o‘q ovozlari eshitilganidan so‘ng Pokiston harbiy samolyotlariga qarshi o‘t ochganini ma’lum qildi. Bu voqea AQSH–Isroilning Eronga zarbalari va unga javoban Ko‘rfaz davlatlaridagi AQSH nishonlariga hujumlar ortidan beqarorlashgan mintaqadagi vaziyatni yanada murakkablashtirdi.
«Reuters» guvohining aytishicha, sahardan oldin Kobulning ayrim hududlarida kuchli portlashlar yangragan, so‘ngra o‘q uzish ovozlari eshitilgan. Nima nishonga olingani va qurbonlar bor-yo‘qligi aniq emas.
«Tolibon» ma’muriyati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid bu ovozlar afg‘on kuchlarining poytaxt ustidagi Pokiston samolyotlariga qarshi hujumi natijasi ekanini bildirdi.
«Kobulda Pokiston samolyotlariga qarshi havo mudofaa zarbalari amalga oshirildi. Kobul aholisi xavotir olmasin», – dedi Mujohid.
Urush boshlanishi
Rasmiylar ma’lum qilishicha, 27-fevral kuni Pokiston tomonidan amalga oshirilgan zarbalar «Tolibon» harbiy inshootlari va postlarini nishonga olgan. Ularning ayrimlari Kobul va Qandahorda joylashgan bo‘lib, bu so‘nggi yillarda Pokistonning g‘arbiy qo‘shnisi hududiga qilgan eng chuqur kirib borishlaridan biri hisoblanadi.
«Tolibon» boshqarayotgan davlat o‘tgan hafta davomida hukumat obyektlariga qaratilgan Pokiston zarbalariga duch kelganini aytdi. Islomobod esa Afg‘oniston hududida jangari guruhlarga panoh berilayotganini iddao qilmoqda, Kobul esa bu ayblovlarni rad etmoqda.
Zo‘ravonliklar shu hafta Afg‘oniston ichida amalga oshirilgan havo zarbalaridan keyin avj oldi. Pokiston ularni jangari infratuzilmasiga qarshi qaratilgan deb aytdi. Kobul esa buni suverenitet buzilishi deb baholab, chegara bo‘ylab javob operatsiyalari boshlanganini ma’lum qildi.
Har ikki davlat bilan chegaradosh Eron mojaro avj olishidan oldin muloqotni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishni taklif qilgan edi. Biroq kecha, 28-fevral kuni Eronning o‘zi ham Isroil va AQSH zarbalariga duch keldi.
Ayblovlar va eskalatsiya
Pokiston «Tahrik-i Tolibon Pokiston» (TTP) jangari guruhi Afg‘onistonda panoh topganini va Pokiston hududida qo‘zg‘olon olib borayotganini bildirmoqda.
Afg‘oniston bu ayblovlarni rad etib, o‘z hududi boshqa davlatlarga qarshi ishlatilishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi hamda Pokiston xavfsizlik muammolarini ichki masala deb atadi.
Pokiston xavfsizlik manbalari «G‘azab lil Haq» («Haq uchun g‘azab») operatsiyasi davom etayotganini, Pokiston kuchlari afg‘on postlari va lagerlarini yo‘q qilganini aytmoqda.
Har ikki tomon og‘ir yo‘qotishlar haqida xabar bergan, ammo qurbonlar soni bo‘yicha raqamlar turlicha. Pokiston 12 nafar harbiysi halok bo‘lgani va 274 nafar «Tolibon» a’zosi o‘ldirilganini bildirdi. «Tolibon» esa 13 nafar jangchisi va 110 nafar Pokiston harbiysi halok bo‘lganini aytdi.
«Tolibon» matbuot kotibi o‘rinbosari Hamidulloh Fitrat Xost va Paktika viloyatlarida 52 nafar tinch aholi halok bo‘lgani, 66 kishi yaralanganini bildirdi.
Diplomatik harakatlar kuchaydi
To‘qnashuvlar 2 600 kilometrlik murakkab tog‘li chegara bo‘ylab uzoq davom etadigan mojaro xavfini oshirdi. Xorijiy hukumatlar xavotir kuchayib borayotganini bildirib, zudlik bilan muzokaralar boshlashga chaqirmoqda.
27-fevral kuni kechqurun diplomatik harakatlar jadallashdi. Afg‘oniston tomonining ma’lum qilishicha, uning tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhan ol Saud bilan telefon orqali muloqot qilib, taranglikni pasaytirish va diplomatik kanallarni ochiq saqlash masalasini muhokama qilgan.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham nizolashayotgan tomonlarning tashqi ishlar vazirlari bilan muloqot qilib, vazminlikka chaqirgan.
Yevropa Ittifoqi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Rossiya va Xitoy ham har ikki tomonni eskalatsiyani to‘xtatishga va muloqotga kirishishga chaqirdi.
AQSH Davlat departamenti esa AQSH «Tolibon» hujumlariga qarshi o‘zini himoya qilish borasida Pokiston huquqini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Ismini oshkor etmaslik sharti bilan gapirgan AQSH rasmiysi Vashington Pokistonni tajovuzkor deb hisoblamasligini va Islomobod xavfsizlik muammolarini hal etish borasida bosim ostida ekanini bildirdi.
Harbiy qudrat borasidagi farq
Pokiston mudofaa vaziri Havaja Muhammad Asif janglarni «ochiq urush» deb ta’rifladi.
«Tolibon» ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy nutqida mojaro «juda qimmatga tushishi»ni ta’kidlab, hozircha faqat jangga jalb etilgan kuchlar ishtirok etayotganini, afg‘on qo‘shinlari keng ko‘lamda safarbar etilmaganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» «dunyoni» harbiy ustunlik orqali emas, balki «birlik va hamjihatlik», shuningdek, «katta sabr va matonat» bilan mag‘lub etgan.
Pokistonning harbiy salohiyati Afg‘onistonnikidan ancha ustun: yuz minglab doimiy armiya va zamonaviy harbiy-havo kuchlariga ega.
«Tolibon» esa an’anaviy harbiy-havo kuchlariga ega emas va asosan yengil qurollar hamda quruqlikdagi kuchlarga tayanadi. Biroq harakat 2021 yilda hokimiyatga qaytishidan oldin AQSH yetakchiligidagi kuchlarga qarshi yigirma yillik qo‘zg‘olon tajribasi orqali janglarda toblangan.





