Logo

Afg‘onistondagi eng yirik xorijiy bank mamlakatdagi faoliyatini butunlay to‘xtatdi

Kecha 09:002 daqiqa

Boshqa bir bank uning mol-mulk va qarz majburiyatlarini o‘z zimmasiga oldi. 20 yil oldin ish boshlagan bank mijozlarga islomiy bank xizmatlarini ham taklif qilgandi.

Afg‘onistondagi eng yirik xorijiy bank mamlakatdagi faoliyatini butunlay to‘xtatdi © X

Pokistonning «Bank Alfalah» banki Afg‘onistondagi faoliyatini butunlay to‘xtatdi. Bank o‘zining Afg‘onistondagi barcha bank biznesini mahalliy «Ghazanfar Bank»ga topshirdi. Bu haqda «Ariana News» nashri xabar berdi.

«Business Recorder» nashrining yozishicha, «Ghazanfar Bank» «Bank Alfalah»ning Afg‘onistondagi biznesi bilan birga unga tegishli mol-mulk va qarz majburiyatlarini ham o‘z zimmasiga olgan.

Bank 6-noyabr kuni aksiyadorlariga yuborgan xabarnomasida kelishuv 5-noyabr kuni yakunlanganini ma’lum qilgan. Ushbu bitimga Pokiston va Afg‘oniston markaziy banklari ruxsat bergan. Shuningdek, kelishuv uchun zarur bo‘lgan boshqa talablar ham bajarilgan.

«Bank Alfalah» Afg‘onistondagi bank xizmatlarini to‘xtatganini rasman e’lon qildi. Endi uning Kobul va Hirotdagi filiallari ham qonuniy tartibda yopiladi.

Bank 2005-yilda Afg‘oniston poytaxti Kobulda ish boshlagan edi. U mijozlarga oddiy bank xizmatlari bilan birga islomiy bank xizmatlarini ham taklif qilgan. Keyinchalik Hirot shahrida ham o‘z filialini ochgan. Bankning Afg‘onistondan chiqib ketishi haqidagi qaror qariyb bir yil davomida tayyorlangan.

«Business Recorder» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning dekabr oyida «Bank Alfalah» direktorlar kengashi «Ghazanfar Bank»ning bank biznesini sotib olish bo‘yicha taklifini dastlabki bosqichda ma’qullagan. 2026-yilning yanvar oyida esa Pokiston va Afg‘oniston markaziy banklari ushbu bitimni tekshirish uchun dastlabki ruxsat bergan.

Bank o‘z mijozlariga ham oldindan xabar bergan. Kobul va Hirotdagi hisob egalari 2-noyabrgacha hisoblaridagi pullarni «Ghazanfar Bank»ga o‘tkazish yoki naqd pul qilib olib, hisoblarini yopishi kerak edi. Agar mijozlar belgilangan muddatgacha hech qanday javob bermagan bo‘lsa, ularning hisobida qolgan pullar avtomatik ravishda «Ghazanfar Bank»ga o‘tkazilgan. «Bank Alfalah» o‘z mijozlariga yuborgan xabarida o‘zini Afg‘onistondagi eng yirik xorijiy bank deb atagan.

Afg‘onistonda bank tizimi hamon og‘ir ahvolda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston xalqaro bank tizimidan uzilib qolgan, mamlakat markaziy bankining xorijdagi zaxiralari esa muzlatilgan. Bir qator nashrlarning xabarlariga ko‘ra, bank tizimidagi muammolar sababli mamlakatdagi 12 ta davlat va xususiy bankning ayrimlari yopilgan, boshqalari esa cheklangan tartibda ishlashga majbur bo‘lgan.

«8am.media» nashrining yozishicha, 2021-yildan keyin Afg‘onistondagi xususiy banklarning aksiyadorlari va egalari katta qismining o‘zi ham mamlakatni tark etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Paragvayda «Ueno Bank» faoliyati to‘xtatilganidan keyin prezident iste’foga chiqqandi.

Teglar

Mavzuga oid