«Anthropic» laboratoriya ochdi: «Claude» endi biologik tajriba o‘tkazadi
Kompaniya laboratoriya yangi dori vositalarini yaratish maqsadida tashkil etilmaganini ta’kidlamoqda.

Aksariyat sun’iy intellekt kompaniyalari faqat dasturiy modellarni rivojlantirish bilan band bo‘lgan bir paytda, «Anthropic» amaliy biologik tadqiqotlar o‘tkaziladigan markaz tashkil qildi. Kompaniyaning hayot haqidagi fanlar bo‘limi rahbari Erik Kauderer-Abrems yangi laboratoriya ish boshlaganini «Reuters» agentligiga tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, biologiya yo‘nalishida haqiqiy laboratoriya sinovlari hamon eng muhim va yakuniy bosqich bo‘lib qolmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, San-Fransiskoda tashkil etilgan ushbu laboratoriya yordamida kompaniya biologiya sohasidagi izlanishlarni endilikda faqat komputerdagi hisob-kitoblar bilan cheklamay, amaliy tajribalar orqali ham sinovdan o‘tkazmoqda.
«Anthropic» laboratoriyada nima bilan shug‘ullanyapti?
Erik Kauderer-Abremsга ko‘ra, yangi laboratoriya ichki tadqiqotlarni tashqi hamkorlar bilan birgalikdagi ishlar bilan uyg‘unlashtiradi. U mazkur yondashuvni biotexnologiya kompaniyalaridagi tajribaga qiyoslagan.
«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, «Anthropic» laboratoriya jarayonlarini «Claude» sun’iy intellekt tizimi yordamida avtomatlashtirish ustida ish olib bormoqda. Kompaniyaning bosh maqsadi — biologiyada sun’iy intellekt imkoniyatlaridan faqat ma’lumotlarni tahlil qilishda emas, balki amaliy tajriba jarayonlarida ham keng foydalanishdan iborat.
Shu bilan birga, «Anthropic» vakili muhim bir jihatga aniqlik kiritdi: mazkur laboratoriya aynan yangi dori vositalarini yaratish maqsadida tashkil etilmagan. Kompaniya uning aniq vazifalari xususida qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqlamagan.
Shunga qaramay, «Reuters» xabarida «Anthropic» hayot haqidagi fanlar yo‘nalishida kam o‘rganilgan hamda kam uchraydigan kasalliklarni davolash yo‘llarini izlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygani aytilgan.
«Claude»ning biologiyadagi roli kengaymoqda
So‘nggi oylarda «Anthropic» kompaniyasi fanlar sohasida sun’iy intellekt imkoniyatlarini bir necha yo‘nalishda kengaytirdi.
Jumladan, kompaniya 2026 yilning iyun oyida ilmiy tadqiqotlarga mo‘ljallangan «Claude Science» platformasini taqdim etgan edi. Qayd etilishicha, mazkur tizim tadqiqotchilar uchun turli vositalarni yagona muhitda jamlash, hisoblash resurslaridan oqilona foydalanish va tekshirish mumkin bo‘lgan ishonchli natijalarni tayyorlash imkonini beradi.
Avgust oyida esa kompaniya «Claude» modelining oqsil dizayni va analitik kimyodagi salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. «Anthropic»ning ta’kidlashicha, tizim 15 ta turli maqsad uchun noldan boshlab oqsil bog‘lovchilarini yaratish jarayoniga jalb qilingan va ularning 14 tasida muvaffaqiyatli natija qayd etilgan.
Shuningdek, 17-sentabr kuni «Anthropic» hayot haqidagi fanlar mutaxassislari uchun «Life Sciences Verification Program» maxsus dasturini ishga tushirdi. Ta’kidlanishicha, ushbu dastur orqali «Mythos», «Opus» va «Sonnet» modellaridan biologiyaga oid vazifalarda, xavfsizlik talablariga moslashtirilgan holda foydalanish mumkin. Mazkur dastur doirasida yangi dori vositalarini kashf qilish, biologik tadqiqotlar, klinik ishlanmalar va ishlab chiqarish kabi muhim yo‘nalishlar qamrab olingan.
Kompaniya nega amaliy laboratoriya ishiga o‘tdi?
«Anthropic» rahbariyati biologiya sohasida faqat komputer modellari bilan cheklanish yetarli emasligini ta’kidlamoqda.
Xususan, Erik Kauderer-Abrems «Reuters» agentligiga bergan intervyusida real laboratoriyadagi amaliy ishlar biologiya sohasi uchun «yakuniy sinov» bo‘lib qolishini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u «Anthropic» ayrim tadqiqotlarni o‘z laboratoriyalarida olib borayotgan bo‘lsa, qolganlarini tashqi hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirayotganini qo‘shimcha qilgan.
Kompaniyaning o‘zi esa sun’iy intellektning ilmiy tadqiqotlardagi o‘rnini kengaytirishni alohida yo‘nalish sifatida ko‘rsatmoqda. Shuningdek, joriy yilning avgust oyida «Anthropic» dunyo bo‘ylab olimlarning «Claude» modelidan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida qo‘shimcha 10 mingta o‘rin ochishini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, 17-sentabr kuni kompaniya biomolekulyar modellashtirish yo‘nalishida yana bir muhim natijani e’lon qildi. «Anthropic» xabariga ko‘ra, «Claude» tizimi qariyb to‘rt hafta ichida 30 dan ortiq ochiq kodli modelni optimallashtirishga erishib, ularning ishlash tezligini o‘rtacha to‘rt barobargacha oshirgan.
Bu hali dori ishlab chiqarishni anglatmaydi
Garchi «Anthropic» kompaniyasi biologiya sohasiga kirib borayotgan bo‘lsa-da, uning laboratoriyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dori vositalarini ishlab chiqaruvchi fabrika hisoblanmaydi.
«Reuters» agentligining yozishicha, kompaniya laboratoriyasi maxsus ravishda yangi dori vositalarini kashf qilishga mo‘ljallanmagan. Shuningdek, «Anthropic» hozircha hech qanday klinik sinovlar o‘tkazmayotganini va o‘zini farmatsevtika kompaniyalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchi sifatida ko‘rmasligini ma’lum qilgan.
Ҳозирги bosqichda «Anthropic» o‘zining sun’iy intellekt modellarini nazariy tadqiqotlardan real biologik tajribalarga yaqinlashtirmoqda. Kompaniyaning «Claude Science», «Life Sciences Verification Program» dasturlari hamda amaliy laboratoriyasiни aynan shu yo‘nalishda tashlangan qadamlar sifatida ko‘rish mumkin.





