AQSH Kongressi Rossiya va Eronga qarshi keskin sanksiyalar paketini ishlab chiqdi
Hujjat Rossiya neftini sotib oluvchi davlatlarga nisbatan yuqori bojlar joriy etishni ko‘zda tutadi.

Marhum senator Lindsi Gremning Rossiya va Eronga qarshi qat’iy sanksiyalar joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi AQSH Vakillar palatasining kun tartibiga kiritildi. Ushbu hujjat, jumladan, Rossiya neftini sotib oluvchi davlatlarga nisbatan yuqori bojlar joriy etishni ko‘zda tutadi.
Respublikachi kongressmen Jo Uilson, demokrat Steni Xoyer hamda respublikachi Maykl Makkol tomonidan taklif etilgan bu hujjat avvalroq Senatda ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilingan edi. Qonun loyihasi Vakillar palatasi tomonidan ma’qullangach, imzolash uchun prezidentga yuboriladi.
Kongressmen Uilson Rossiya va Eronga nisbatan keskin sanksiyalar qo‘llash masalasida marhum senator Lindsi Grem bilan doimo hamfikr bo‘lganini ta’kidladi.
«Putin suveren Ukrainada mag‘lubiyatga uchramoqda, Eron rejimi tomonidan insoniyatga solinayotgan tahdid esa o‘ta dahshatlidir. Endilikda Kongress insoniyat manfaati yo‘lida Rossiyaning urush mashinasini bo‘g‘ish hamda Tehronning mintaqa va uning tashqarisida beqarorlik urug‘ini sochish imkoniyatlarini falaj qilish uchun prezident Trampga eng ta’sirchan vositalarni taqdim etishi kerak. Do‘stim va hamkasbim ushbu muhim tashabbuslarni ilgari surish yo‘lida tinimsiz mehnat qildi. Men esa ularni Vakillar palatasida oxiriga yetkazishda ko‘maklashish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan minnatdorman», — dedi kongressmen.
O‘z navbatida, Xoyer Kongress Rossiyaning Ukraina ozodligi va suverenitetini yo‘q qilishga qaratilgan urinishlariga qarshi tegishli choralar ko‘rishi shartligini bildirdi.
«Bizning qonun loyihamiz Rossiyaning urushni moliyalashtiruvchi ko‘plab manbalariga, xususan, neft-gaz sektoriga, «soya flot»iga va moliya institutlariga qaratilgan. O‘tgan haftada Senat xuddi shunday qonun loyihasini ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullagani meni ruhlantirmoqda. Bu qarorning qabul qilinishi ancha cho‘zilib ketdi. Umid qilamanki, u Ukrainaning muvaffaqiyatini va Putin tomonidan noqonuniy ravishda boshlangan, o‘n minglab rossiyaliklar hamda ukrainaliklarning o‘limiga sabab bo‘lgan bu urushning tugashini tezlashtiradi. Vakillar palatasida ikki partiya vakillari o‘rtasida konsensusga erishib, Rossiya harbiy mashinasiga pul oqimini to‘xtatadigan va Ukrainaning g‘alabasiga xizmat qiladigan sanksiyalar paketini tezroq qabul qilishimizga ishonaman», — dedi Xoyer.
Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya va Eronning energetika hamda bank sektorlari, «soya flot»lari va harbiy-sanoat korxonalariga qarshi yangi sanksiyalarni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasining qabul qilinishi dunyo bozorida neft narxlarini yanada oshirib yuborishi mumkin. Bunga Eron atrofidagi bugungi murakkab vaziyat ham sabab bo‘lmoqda. Ma’lumki, prezident Donald Tramp Eronga qarshi to‘liq iqtisodiy qamal e’lon qilgan. G‘arb nashrlarining yozishicha, AQSH ma’muriyati Eronning qo‘shni davlatlar bilan savdo va moliyaviy aloqalarini keskin cheklash choralari ustida ishlamoqda. Shubhasiz, qo‘shimcha sanksiyalar Tehronning neft eksportini yanada bo‘g‘ib qo‘yadi va bozordagi neft taqchilligini keskinlashtiradi.
Trampning ushbu bayonoti bozorga darhol o‘z ta’sirini ko‘rsatdi: «Brent» markali neft narxi qariyb 2 foizga qimmatlab, bir barreli 94 dollardan oshdi. Qolaversa, Birlashgan Arab Amirliklarining Eron bilan barcha savdo va moliyaviy operatsiyalarni to‘xtatish haqidagi qarori ham narxlar o‘sishiga turtki bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, BAA bu qarorni Eron o‘z hududi tomon ikkita raketa uchirganiga javoban qabul qilgan edi.
Tahlilchilar neft narxining keskin emas, balki bosqichma-bosqich ko‘tarilishini taxmin qilmoqda. Biroq, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘liq yopilishi hamda kutilayotgan sanksiyalar oqibatida Rossiya neft eksportining cheklanishi bozorda yana haqiqiy beqarorlikни yuzaga keltirishi hech gap emas.
Rossiya neftining asosiy xaridorlaridan biri hisoblangan Hindiston Lindsi Grem qonuni ta’siriga tushib qolmaslik maqsadida muqobil manbalarni izlamoqda. Biroq ayni paytda Fors ko‘rfazi va Afrika davlatlaridan neft sotib olish jarayoni jismoniy jihatdan birmuncha murakkablashgan. Hindiston nashrlarining yozishicha, neft bozoridagi bosim tobora kuchayib bormoqda va bu holat xomashyo yetkazib beruvchilarning muzokaralardagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda. Shu sababli, Hindistonning neftni qayta ishlash zavodlari Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan uzluksiz ta’minotni yo‘lga qo‘yish uchun tobora ko‘proq qimmat spot xaridlariga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.
Zavodlardan birining rahbariga ko‘ra, Fors ko‘rfazidagi yetkazib beruvchilar Dubay—Ummon etalon narxiga nisbatan har bir barrel uchun 3–4 dollar miqdorida ustama haq talab qilmoqda. Bu etalon narxning o‘zi esa «Brent» markasidan 6–7 dollarga qimmatroq baholanmoqda. Natijada, Hindistonning neftni qayta ishlash zavodlari uchun Fors ko‘rfazi neftining asl narxi «Brent»ga nisbatan bir barrel uchun o‘rtacha 10 dollarga qimmatga tushmoqda.
Sulh davrida Rossiya va Venesuela neftiga berilgan chegirmalar hozirda deyarli yo‘qqa chiqqan. 60 kunlik sulh muddatining tugashi Hindiston zavodlari uchun neft xarid qilish jarayonini yanada qiyinlashtirishi mumkin. Ayniqsa, AQSH Rossiya neftini sotib oluvchi davlatlarga nisbatan sanksiyalarni baribir kuchaytiradigan bo‘lsa, vaziyat yanada chigallashadi.


