
BMT daxlsizligi poymol bo‘ldi: Isroil buldozerlari Sharqiy Quddusdagi UNRWA binolarini buzib tashlamoqda
Isroil BMTning falastinlik qochqinlarga yordam agentligi shtab-kvartirasini buzishni boshladi. Isroil rasmiylari buni «tarixiy kun» deb atadi.

Isroil bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ishlari agentligi (UNRWA) shtab-kvartirasi hududidagi binolarni buldozerlar bilan buzishni boshladi. Bu haqda «Al-Jazeera» nashri xabar berdi. Isroilning o‘ng qanot hukumati ayni paytda G‘azodagi falastinliklarga o‘ta zarur yordam ko‘rsatadigan gumanitar guruhlar faoliyatiga nisbatan qat’iy choralar qo‘llamoqda.
Xalqaro huquqqa ochiqcha zid harakat
UNRWA e’lon qilgan bayonotida aytilishicha, Isroil kuchlari agentlik xodimlarining qurilmalarini musodara qilgan va ularni Shayx Jarroh mahallasidagi shtab-kvartiradan majburan chiqarib yuborgan.
«Bu nafaqat UNRWA va uning binolariga nisbatan misli ko‘rilmagan hujum, balki xalqaro huquqning, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining imtiyoz va daxlsizlik huquqlarining jiddiy buzilishidir», — deyiladi bayonotda.
Falastin ma’muriyatining keskin bayonoti
Ramallohda joylashgan Falastin milliy ma’muriyati ushbu buzish ishlarini qoralab, UNRWAga qarshi qaratilgan qasddan amalga oshirilayotgan eskalatsiya xavfidan ogohlantirdi. Ma’muriyatning ta’kidlashicha, bu harakatlar agentlikning roli va BMT mandatini tizimli ravishda nishonga olish hamda falastinlik qochqinlarni xalqaro himoya qilish tizimiga putur yetkazishga urinishdir.
20-yanvar kuni kechroq Isroil kuchlari bosib olingan Sharqiy Quddusdagi yana bir BMT obyekti — Falastin hunarmandchilik maktabiga qarata ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi.
Falastinning «Wafa» axborot agentligi xabariga ko‘ra, mahalliy manbalar Isroil armiyasi guruhi buldozerlar hamrohligida atrofdagi ko‘chalarni yopib, hududda harbiy mavjudlikni kuchaytirganidan so‘ng UNRWA majmuasiga bostirib kirgan va hudud ichidagi inshootlarni buzishga kirishgan.
Lazzarini: «Bu tizimli siyosat»
UNRWA rahbari Filipp Lazzarinining so‘zlariga ko‘ra, hujum paytida Isroil qonun chiqaruvchilari va hukumat a’zolari ham ishtirok etgan. U ushbu hujumni Isroil rasmiylari tomonidan «Falastinlik qochqinlik identifikatsiyasini (o‘zligini) yo‘q qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan boshqa choralarning davomi» deb atadi.
«Bugun UNRWA bilan sodir bo‘layotgan voqealar ertaga dunyoning istalgan nuqtasida boshqa xalqaro tashkilot yoki diplomatik missiya bilan ham takrorlanishi mumkin», — deya ogohlantirdi u.
Isroil ayblovlari
Isroil UNRWA agentligini falastinparastlikda va «Hamas» guruhi bilan aloqadorlikda ayblab, tashkilotga bir necha bor hujum qilgan, biroq bu borada biron bir dalil taqdim etmagan. BMT agentligi ushbu ayblovlarni qat’iyan rad etib kelmoqda. Isroil Tashqi ishlar vazirligi buzish ishlari tashkilot faoliyatini taqiqlovchi yangi qonun ijrosi doirasida amalga oshirilayotganini bildirdi.
Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir shtab-kvartiraga brigadalar bilan birga kelganini aytib, buni «tarixiy kun» deb atadi.
Isroil parlamenti 2024 yil oktabr oyida UNRWAning Isroil hududida faoliyat yuritishini taqiqlovchi va Isroil rasmiylarining agentlik bilan aloqa qilishini man etuvchi qonun qabul qilgan edi. O‘tgan oyda qonunga UNRWA obyektlariga elektr energiyasi va suv yetkazib berishni taqiqlovchi o‘zgartirish kiritildi. Shuningdek, Isroil rasmiylari o‘tgan oyda UNRWAning bosib olingan Sharqiy Quddusdagi ofislarini egallab olgan edi. BMT Sharqiy Quddusni Isroil tomonidan bosib olingan hudud deb hisoblaydi, Isroil esa butun Quddusni o‘z mamlakatining bir qismi deb biladi.





