Logo

«Dom»da biznes ochishning yangi tartibi, 72 mlrd dollardan oshgan davlat zaxirasi va xususiylashtirishga qaytayotgan «oltin aksiya» — 9-sentabr dayjesti

Kecha 23:105 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bair bor esga olamiz.

«Dom»da biznes ochishning yangi tartibi, 72 mlrd dollardan oshgan davlat zaxirasi va xususiylashtirishga qaytayotgan «oltin aksiya» — 9-sentabr dayjesti

«Dom»larning birinchi qavatida biznes ochish soddalashtirilmoqda: endi turar joy toifasini o‘zgartirish shart emas

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish maqsadida ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida biznes ochish tartibi soddalashtirilishi ma’lum qilindi. Endilikda fuqarolar o‘z xonadonlarini noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan turib, faqat xabardor qilish tartibi asosida sartaroshxona, kichik savdo do‘koni va maishiy xizmat ko‘rsatuvchi ustaxonalarni ochishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, ish o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida davlat banklari balansidagi qariyb 10 trillion so‘mlik 2,5 mingta mol-mulkni qayta ishga tushirish yoki sotish orqali 40 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, bandlikni rag‘batlantirish maqsadida 1-oktabrdan boshlab ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonalar uchun ushbu xodimlar bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz etib belgilanadi. Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalar farzandlarini bepul o‘qitish sharti bilan maktab va bog‘chalar quruvchi tadbirkorlarga yerlarni imtiyozli auksionga chiqarish, mahallalardagi bo‘sh binolardan kasb-hunar o‘rgatishda foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu jarayonlarni va «mahalla yettiligi» faoliyatini yagona tizimda samarali boshqarish uchun Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, sohadagi barcha masalalar markazlashgan holda muvofiqlashtirilishi belgilandi.

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkin

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida ziyorat turizmi va turistik almashinuvni kengaytirish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilinmoqda. Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Oqqulov hamda Indoneziya Haj va Umra vaziri Muhammad Irfan Yusuf uchrashuvida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarini Jakarta bilan bog‘lash rejalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Indoneziyadan turist olib keladigan mahalliy turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 dollardan davlat subsidiyasini ajratish imkoniyatlari kelishib olindi.

Muzokaralar doirasida Indoneziya bozoriga mo‘ljallangan «Umra plyus» dasturini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu loyiha orqali har yili Saudiya Arabistoniga yo‘l oladigan 2 milliondan ortiq indoneziyalik ziyoratchilar uchun «Jakarta–Samarqand yoki Buxoro–Jidda–Jakarta» yo‘nalishida qo‘shimcha safarlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning tiklanishi orqali O‘zbekiston 2026–2027 yillarda Malayziya va Indoneziyadan jami 100 ming nafar turist jalb qilishni maqsad qilgan.

Xususiylashtirilgan strategik korxonalarda davlatning maxsus huquqi saqlanib qolishi mumkin

2026 yil 28-avgustdagi prezident farmoniga asosan, strategik ahamiyatga ega korxonalar xususiylashtirilganidan keyin ham davlat ularning faoliyatida ishtirok etish bo‘yicha maxsus huquqni o‘zida saqlab qolishi mumkin. Milliy xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va jamoat manfaatlarini ta’minlash maqsadida qo‘llanadigan ushbu mexanizm haqida xaridor-investorlar savdodan oldin ogohlantirilishi shart. Bu tartib 2022 yilda bekor qilingan va davlatga boshqaruvda ishtirok etish vakolatini beruvchi «oltin aksiya» institutini eslatsa-da, hozircha davlatning aniq vakolatlari va bu huquq tatbiq etiladigan korxonalarning aniq ro‘yxati (avvalgi strategik korxonalar qatorida NKMK, OKMK, «O‘zbekneftgaz», UzAuto Motors kabilar bor edi) ochiqlanmagan.

Mazkur yangilik umumiy qiymati 100 trillion so‘mga baholanayotgan keng ko‘lamli xususiylashtirish dasturining bir qismi hisoblanadi. Dastur doirasida 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushi, 1 242 ta ko‘chmas mulk va qariyb 8 ming gektar yer savdoga chiqarilib, yil yakunigacha kamida 14 trillion so‘m tushum olish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, avvalgi savdolarda sotilmagan 84 ta aktiv 1 million so‘m boshlang‘ich narx bilan qayta auksionga qo‘yiladi hamda davlat ishtirokidagi 85 ta korxona tugatiladi yoki qayta tashkil etiladi.

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 72 mlrd dollardan oshdi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari avgust oyida 7,78 mlrd dollarga (12,1 foizga) oshib, jami 72,13 mlrd dollarga yetdi va fevral oyidan buyon eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu o‘sish asosan jahon bozorida oltin narxining qimmatlashishi hamda zaxiradagi oltinning fizik hajmi 13,85 milliondan 14,11 mln troya unsiyagacha (qariyb 438,8 tonna) ko‘payishi hisobiga ta’minlandi. Natijada, Markaziy bank omborlaridagi oltinning umumiy qiymati qariyb 16 foizga o‘sib, 64,92 mlrd dollarni tashkil qildi.

Oltin zaxiralarining sezilarli o‘sishi fonida mamlakatning valuta aktivlarida qisqarish kuzatildi. Xususan, avgust yakunida valuta zaxiralari hajmi 1,01 mlrd dollarga kamayib, 6,64 mlrd dollarni tashkil etdi (bunda boshqa banklardagi naqd valuta va depozitlar hajmi 17,3 foizga pasayib, 4,87 mlrd dollarga tushgan). Xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi esa deyarli o‘zgarishsiz qolib, 1,76 mlrd dollar atrofida saqlanib qoldi. Ma’lumot o‘rnida, avvalroq «Fitch Ratings» O‘zbekiston xalqaro zaxiralari tarkibidagi oltin ulushi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turishini ta’kidlagan edi.

O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan savdosi qanday o‘zgardi?

2026 yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi to‘rt qo‘shni davlat bilan tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,2 foizga oshib, 5,4 mlrd dollarga yetdi (bu mamlakat umumiy tashqi savdosining 10,9 foizini tashkil etadi). Mintaqa bilan savdo tarkibida eksport 34,5 foizga o‘sib 2 mlrd dollarni, import esa 24,8 foizga ko‘payib 3,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Eksport sur’ati tezroq o‘sayotgan bo‘lsa-da, savdo balansidagi manfiy saldo 1,38 mlrd dollarni tashkil etmoqda.

Mintaqadagi eng yirik savdo hamkori Qozog‘iston bo‘lib, ikki tomonlama savdo 3,3 mlrd dollarga yetgan (mintaqaviy savdoning 61 foizi), biroq unda import (2,4 mlrd dollar) eksportdan (868 mln dollar) qariyb uch baravar ko‘p. Turkmaniston bilan savdoda ham import ustunligi (savdo hajmi 779,4 mln dollar; import 657,5 mln, eksport 121,8 mln dollar) saqlanib qolgan. Aksincha, Qirg‘iziston (jami savdo 776,7 mln dollar; eksport 575,8 mln dollar) va Tojikiston (jami savdo 565 mln dollar; eksport 437,5 mln dollar) yo‘nalishlarida O‘zbekistonning eksporti importdan sezilarli darajada yuqori bo‘lib, eng yuqori o‘sish sur’atlari ham aynan ushbu ikki davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Teglar

Mavzuga oid

«Dom»da biznes ochishning yangi tartibi, 72 mlrd dollardan oshgan davlat zaxirasi va xususiylashtirishga qaytayotgan «oltin aksiya» — 9-sentabr dayjesti | Vaqt.uz