«Asr loyihasi»: Xitoy Rossiyani O‘zbekiston orqali aylanib o‘tmoqda
Qiymati 4,7 milliard dollar bo‘lgan Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilmoqda. Rossiyani chetlab o‘tib, Xitoyni Yevropa va Yaqin Sharq bilan bog‘laydigan bu strategik magistral Qirg‘iziston va O‘zbekiston uchun ulkan iqtisodiy imkoniyatlar ochib, mintaqadagi transport va logistika xaritasini tubdan o‘zgartiradi.
© Ijtimoiy tarmoqlarMarkaziy Osiyoning transport va logistika xaritasini tubdan o‘zgartirishga qodir bo‘lgan «asr loyihasi» — Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi jadal davom etmoqda. Bu yo‘nalish Xitoyga Rossiyani chetlab o‘tib, Yevropaga chiqishning mutlaqo yangi muqobil yo‘lini taqdim etadi. Qolaversa, mazkur loyiha Markaziy Osiyoning geografik jihatdan yopiq hududida joylashgan Qirg‘izistonga bevosita Kaspiy dengizi va Fors ko‘rfaziga chiqish imkonini beradi.
Ta’kidlash joizki, Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni o‘zaro bog‘lovchi mazkur temir yo‘l qurilishi 2024 yilning dekabrida boshlandi. Davlatlararo kelishuvlarga muvofiq, Xitoy Qirg‘iziston bilan bog‘lanish uchun 100 kilometrlik yangi temir yo‘l tarmog‘ini barpo etadi, O‘zbekiston esa o‘zidagi mavjud yo‘llarni to‘liq modernizatsiya qiladi. Yangi magistralning umumiy uzunligi qariyb 500 kilometrni tashkil etib, shundan 300 kilometrdan ortiq qismi Qirg‘iziston hududidan o‘tadi.
Loyihaning umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. Qirg‘iziston hukumatining ma’lumotlariga ko‘ra, bu mablag‘ning taxminan 2,3 milliard dollari Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki ishtirokidagi konsorsium tomonidan 35 yil muddatga imtiyozli kredit sifatida ajratiladi. Qolgan mablag‘ esa ishtirokchi davlatlar tomonidan qo‘shma korxonaning ustav kapitaliga kiritiladi. Unda Xitoyning ulushi 51 foizni, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning ulushi esa 24,5 foizdanni tashkil qiladi.

Loyiha rejasiga ko‘ra, yangi temir yo‘l magistrali Xitoyni Qirg‘iziston va O‘zbekiston orqali Turkmaniston bilan, undan keyin esa Eron va Turkiya orqali Yevropa bilan bog‘laydi. Nazariy jihatdan, bu yo‘nalish bo‘ylab tashiladigan yuklarning bir qismini Kaspiy dengizidagi turkman portlari orqali Bokuga, u yerdan esa O‘rta yo‘lakka yo‘naltirish mumkin bo‘ladi.
Biroq tahlilchilarning fikricha, asosan Xitoy sarmoyasi hisobiga qurilayotgan bu yangi temir yo‘l Pekinga nafaqat O‘rta yo‘lakning janubiy tarmog‘i sifatida, balki Rossiyani chetlab o‘tuvchi yangi muqobil yo‘nalish yaratish uchun ham suv va havodek zarur. To‘g‘ri, Yaqin Sharqdagi bugungi murakkab vaziyat Xitoyning bu rejalarini biroz shubha ostiga qo‘ymoqda. Sababi, yo‘nalishning bir qismi hozirda yirik tranzit tugunidan ko‘ra ko‘proq jang maydonini eslatayotgan Eron hududi orqali o‘tadi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston hududidagi qurilish ishlarini 2028–2030 yillarda yakunlash ko‘zda tutilgan. Agar Eron, Isroil va AQSH o‘rtasidagi harbiy mojarolar yillab cho‘zilib ketmasa, yangi yo‘nalish bo‘ylab yuk tashish jarayonini 2030 yilga borib to‘liq yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda. Bu yo‘l ishga tushgach, Xitoydan Yevropa va Yaqin Sharqqa yiliga 15 million tonna yuk tashish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston tarixda birinchi marta chekka va boshi berk hududdan Yevroosiyoning to‘laqonli logistika markaziga aylanishdek ulkan imkoniyatni qo‘lga kiritmoqda.
Qirg‘iziston uchun bu — mamlakatni Xitoy temir yo‘l tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lovchi va O‘zbekiston sari yangi yo‘lak ochuvchi ilk yirik magistraldir. Mamlakat rahbari Sadir Japarov loyihani «yangilangan Buyuk Ipak yo‘li» deb atab, tranzitdan davlat budjetiga yiliga kamida 400–500 million dollar sof foyda tushishi mumkinligini ta’kidladi.

O‘zbekiston uchun esa mazkur yangi tarmoq Qozog‘iston orqali tranzit qilmasdan, Xitoy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l aloqasini o‘rnatish imkonini beradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu loyihani mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni tubdan o‘zgartirishga qodir «asr qurilishi» deb baholadi.
Joriy yilning avgust oyi boshlarida O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov yo‘l qurilishining qariyb 17 foizi yakunlanganini ma’lum qildi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, loyiha avval belgilangan besh yillik muddatdan kamida bir yil oldin ishga tushirilishi mumkin.
Prezident Japarovning ta’kidlashicha, Qirg‘izistonda temir yo‘l qurish zarurati Sovet Ittifoqi tarqalib ketgan kezlardan buyon muhokama qilib kelinsa-da, loyihani o‘nlab yillar davomida amalga oshirishning iloji bo‘lmagan. 2020 yilda hokimiyatga kelgach, Japarov Xitoyning o‘sha paytdagi elchisi Du Deven bilan uchrashib, loyihani amalda ro‘yobga chiqarishni taklif qilganini eslaydi.
«Men Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini boshlamoqchiman. Keling, shu ishga kirishaylik. Mutaxassislarni chaqiring, texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlab, loyihani ishlab chiqamiz. Kim qancha sarmoya va qanday shartlar asosida kiritishini ko‘rib chiqaylik. Agar moliyalashtirishni o‘z zimmangizga olsangiz, bu qanday shartlarda va necha foizda amalga oshadi? O‘zbekiston bilan ham gaplashamiz», — degan edi u elchiga.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, elchi Xitoyning Yevroosiyo makonida joylashganini, Qirg‘iziston esa Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) a’zo ekanini eslatib, Moskvaning pozitsiyasini hisobga olmay turib bu loyihani amalga oshirib bo‘lmasligini tushuntirgan. Qolaversa, Xitoy tomoni Torugartgacha bo‘lgan qariyb 100 kilometrlik yangi tarmoqni ham qurib berishi kerak edi.
«Modomiki Rossiya bunga qarshi chiqsa va o‘z roziligini bermasa, biz mazkur temir yo‘l qurilishini boshlay olmaymiz», — deya diplomatning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Qirg‘iziston rahbari.
Qirg‘iziston rahbarining ta’kidlashicha, bu suhbatdan keyin u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ishchi uchrashuv o‘tkazishni so‘ragan. Muzokaralar chog‘ida tomonlar naq 35–40 daqiqa mobaynida faqat shu temir yo‘l loyihasini muhokama qilgan.

«Xitoyning yondashuvini ham to‘g‘ri tushunish kerak. Chunki dunyodagi eng yirik va qudratli davlatlar — Xitoy, Rossiya va Amerikadir. Ular o‘zaro manfaatlarni hisobga olmay ishlay olmaydi. Shu bois Xitoy tomoni bu masalani ko‘ndalang qo‘ygach, men to‘g‘ri Vladimir Vladimirovichning oldiga bordim», — deydi Sadir Japarov.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston magistrali to‘liq ishga tushguniga qadar Markaziy Osiyo orqali o‘tuvchi va Rossiyani chetlab o‘tadigan asosiy marshrut sifatida O‘rta yo‘lak, ya’ni Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi (TXTY) saqlanib qoladi. Mazkur yo‘nalish Xitoyni Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarboyjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropa bilan bog‘laydi. Biroq bu yaxlit bir temir yo‘l tarmog‘i emas: yuklar poyezdlardan kemalarga va kemalardan yana vagonlarga bir necha bor qayta ortiladi. Shuning uchun tashuv tezligi ko‘p jihatdan temir yo‘l tizimi, portlar, Kaspiydagi flot hamda bojxona xizmatlarining faoliyatiga bog‘liq.
Shunga qaramay, so‘nggi yillarda bu yo‘nalish jadal rivojlanib bormoqda. Ammo yo‘lakdan hamon asosan yuklarni Sharqdan G‘arbga tashishda foydalanilmoqda. Masalan, 2025 yilda qatnagan jami 433 ta konteyner poyezdining 400 tasi G‘arbga, bor-yo‘g‘i 33 tasi esa ortga qarab harakatlangan.
«Ozodlik radiosi» Osiyo xizmatining yozishicha, ayni paytda Qozog‘iston ham o‘z temir yo‘llarining o‘tkazuvchanligini oshirish ustida izchil ishlamoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi yuk aylanmasini yiliga 28 million tonnadan 48 million tonnaga yetkazish maqsadida Xitoy chegarasida uchinchi temir yo‘l o‘tkazish punkti va 272 kilometrlik «Baxti – Ayagoz» liniyasi barpo etilmoqda. Bundan tashqari, Qozog‘iston 2028 yilga borib Kaspiy dengizidagi savdo floti tarkibini 18 tadan 32 ta kemagacha ko‘paytirishni maqsad qilgan.

O‘rta yo‘lakni rivojlantirish bo‘yicha bu kabi ulkan rejalar, eng avvalo, global logistika xaritasidagi keskin o‘zgarishlar bilan chambarchas bog‘liq. Xususan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi yirik urushi boshlangach, Transkaspiy yo‘nalishiga qiziqish keskin ortdi. 2022 yildan so‘ng siyosatshunoslar va ekspertlar davrasida mazkur yo‘lak Rossiya orqali o‘tuvchi «Shimol — Janub» marshrutiga eng qulay muqobil sifatida tez-tez tilga olinmoqda.
Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar ham mazkur yo‘nalishga Rossiyani chetlab o‘tib, Yevropa va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi asosiy ko‘prik sifatida qarab, uning rivoji uchun alohida e’tibor qaratmoqda.
Ma’lumki, o‘tgan yili Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» sammitida Brussel vakillari O‘rta yo‘lak infratuzilmasini yaxshilash uchun avval va’da qilingan 10 milliard yevroga qo‘shimcha ravishda yana 3 milliard yevro sarmoya ajratishini e’lon qilgan edi.
Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga borib Kaspiy dengizi orqali tashiladigan yuk hajmi 2021 yilga nisbatan uch barobar ko‘payib, 11 million tonnaga yetishi mumkin. Biroq bu yuk aylanmasining 40 foizdan kamigina qit’alararo savdo hissasiga to‘g‘ri keladi. Bank prognozlariga ko‘ra, asosiy o‘sish Qozog‘iston, Ozarboyjon va Gruziyaning o‘zaro hamda Yevropa bilan olib boradigan savdo aloqalari hisobiga ta’minlanadi.
Ozarboyjonning o‘rni yanada barqaror hisoblanadi, chunki Rossiya va Eronni chetlab o‘tuvchi asosiy g‘arbiy yo‘nalishlar aynan uning hududida tutashadi.
Ta’kidlash joizki, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li Ozarboyjon uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Negaki, bu yo‘nalish ham Kaspiy dengizidagi Turkmaniston portlari orqali O‘rta yo‘lakka ulanadi.
Avgust oyining oxirida prezident Ilhom Aliyev Toshkentga amalga oshiradigan davlat tashrifi arafasida O‘zbekiston rasmiy axborot agentligiga bergan intervyusida bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tdi.
«Bizning hamkorligimiz, xususan, transport-logistika sohasidagi aloqalarimiz ulkan istiqbollarni va’da qilmoqda. Ozarboyjonning Janubiy Kavkaz, O‘zbekistonning esa Markaziy Osiyoda joylashgani mamlakatlarimizni Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim strategik yo‘nalishlarda tabiiy sheriklarga aylantiradi. Shu munosabat bilan, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘l loyihasining O‘rta yo‘lak hamda TRIPP bilan integratsiyalashuvi butun mintaqa uchun yangi iqtisodiy va tranzit imkoniyatlarini yaratadi», — dedi prezident Aliyev.





