Shavkat Mirziyoyev Italiya bosh vaziri Jorja Meloniga maktub yo‘lladi
Shavkat Mirziyoyev Italiya bosh vaziri Jorja Meloniga maktub yo‘llab, uni mamlakat tarixida eng uzoq muddat faoliyat yuritgan hukumat rahbariga aylangani bilan tabrikladi.
© governo.itO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Jorja Meloniga maktub yo‘lladi. Davlat rahbari uni Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi lavozimida shu vaqtga qadar eng uzoq muddat faoliyat yuritgan hukumat rahbari sifatida tarix sahifalaridan munosib joy olgani bilan samimiy muborakbod etdi.
Mirziyoyev bu natija Jorja Melonining siyosiy irodasi va qat’iyati, davlatchilik mas’uliyatini chuqur his etishiga Italiya xalqi tomonidan bildirilgan yuksak ishonchning yaqqol tasdig‘i ekanini ta’kidladi.
Hozirgi o‘ta murakkab va tez o‘zgarayotgan sharoitda Italiyaning milliy manfaatlarini qat’iy himoya qilish, mamlakatning Yevropa Ittifoqi va xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori hamda nufuzini yanada mustahkamlash borasida Jorja Meloni olib borayotgan sa’y-harakatlar alohida e’tirof etildi.
Mirziyoyev Jorja Melonining O‘zbekistonga nisbatan do‘stona munosabati va ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni izchil kengaytirishga qaratayotgan doimiy e’tibori uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston Italiya bilan o‘rnatilgan strategik sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlashi ta’kidlandi.
Bugungi kunda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalar tobora sermazmun tus olib, ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Maktub yakunida Shavkat Mirziyoyev Jorja Meloniga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, do‘st Italiya xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladi.





