Logo

AQSH «Tolibon» taklifiga rozi bo‘lmadi

Bugun 11:202 daqiqa

Kobul oldinroq AQSHni Afg‘onistonning tog‘-kon sanoati, infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va savdo sohalariga sarmoya kiritishga chaqirgan edi. Mamlakatning mineral resurslari qiymati qariyb 1 trln dollarga baholanadi.

AQSH «Tolibon» taklifiga rozi bo‘lmadi © Bloomberg

AQSH Davlat departamenti «Tolibon» muvaqqat hukumatining Afg‘oniston mineral resurslarini o‘zlashtirishga Amerika investitsiyalarini jalb qilish haqidagi taklifini rad etdi. Departament AQSHda rasman terrorchilik tashkiloti sifatida tan olingan harakat bilan hamkorlik qilish niyatida emasligini bildirdi. Bu haqda Davlat departamenti vakili Tommi Pigott «Amerika ovozi»ning mintaqaviy xizmatiga bergan bayonotida ma’lum qilgan. Keyinchalik bu ma’lumotni mintaqadagi boshqa OAVlar ham tarqatdi.

«AQSH Davlat departamenti «Tolibon» — alohida belgilangan xalqaro terrorchilik tashkiloti — bilan Afg‘onistonning muhim mineral resurslarini o‘zlashtirish masalasida hech qanday hamkorlik qilishni rejalashtirmayapti», — dedi Pigott.

Rasmiy Vashington «Tolibon» nazoratidagi konlarga sarmoya kiritishi mumkinmi, degan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savolga javoban u bunday qadam «faqat Tolibonga pul beradi va ularning afg‘on xalqiga nisbatan dahshatli munosabatini davom ettirishiga sharoit yaratadi», deya qo‘shimcha qildi.

Bu bayonot «Tolibon» harakatining tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiyning taklifiga javoban yangradi. Muttaqiy 31-avgust kuni «Financial Times» gazetasiga bergan intervyusida AQSHni Afg‘onistonning tog‘-kon sanoati, infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va savdo sohalariga sarmoya kiritishga chaqirgan edi.

Uning aytishicha, Afg‘oniston Amerika investitsiyalarini mamnuniyat bilan qabul qiladi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni «ikki o‘n yillik urush prizmasi orqali» baholamaslik, balki kelajakdagi hamkorlikka e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlagan.

Gap Afg‘onistondagi konlarga ehtimoliy kirish imkoniyati haqida bormoqda. AQSH geologik tadqiqotlari ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning mineral resurslari qiymati qariyb 1 trillion dollarga baholanadi. Afg‘onistonda mis, litiy, noyob yer metallari, kobalt va temir rudalarining katta zaxiralari mavjud.

2021-yilda hokimiyatni qayta qo‘lga kiritganidan beri «Tolibon» umumiy qiymati 7 milliard dollardan ortiq bo‘lgan tog‘-kon shartnomalarini imzolagan. Biroq bu loyihalarning asosiy hamkorlari Xitoy, Eron, Qatar va Turkiya kompaniyalari bo‘lgan. Ular orasida yirik g‘arb investorlari bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bishkekdagi SHHT sammitida bir nechta hukumat vakillari Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator tashabbuslarini muhokama qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid