
Elektrning o‘zgaradigan narxlari, Narxi oshgan bozorlardagi «parkovka» va AQSH sanksiyasiga uchragan O‘zbekiston kompaniyasi — 20-noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Elektr narxi endi «soatga qarab o‘ynaydi»: tig‘iz paytda qimmat, tunda arzon!
O‘zbekistonda I-tarif guruhiga kiruvchi iste’molchilar uchun elektr energiyasi narxi kunning turli vaqt oralig‘iga qarab uch xil stavkada qo‘llanishi belgilandi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, elektr energiyasidan qaysi vaqt oralig‘ida foydalanilganiga qarab narx o‘zgaradi. Bunda:
Yarim tig‘iz davr — sutkaning yorug‘ vaqti (soat 9-00 dan 17-00 gacha belgilangan oddiy tarif bo‘yicha);
Tig‘iz davr — ertalabki va kechki maksimum (yagona elektr energetika tizimining maksimal yuklamalar soatlari soat 6-00 dan 9-00 gacha va soat 17-00 dan 22-00 gacha belgilangan tarifdan 1,5 baravar yuqori);
Tungi davr — sutkaning qorong‘i davri (yagona elektr energetika tizimining minimal yuklamalar soatlari soat 22-00 dan 24-00 gacha va soat 00-00 dan 06-00 gacha belgilangan tarifdan 1,5 baravar arzon).
Davlat korxonalarida «reviziya»: boshqaruvda tozalash bo‘ladi
Prezidentning yangi farmoyishi davlat korxonalarida boshqaruv tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishni boshlab, ortiqcha lavozimlarni qisqartirish va xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan reviziya jarayonini yo‘lga qo‘ydi.
O‘zbekistonda davlat korxonalari boshqaruv xodimlari soni 10 foizgacha qisqartiriladi. Bu prezidentning 18-noyabrdagi farmoyishida ko‘zda tutilgan.
Farmoyishga ko‘ra, davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilmoqda. Unga ikki oy muddatda davlat korxonalari boshqaruv xodimlari sonini 10 foizgacha qisqartirish yuzasidan Prezident administratsiyasiga taklif kiritish topshirildi.
Bozorlardagi avtoturargohlar narxi dam olish kunlari qimmatlashadi
Toshkent shahar hokimligining 18-noyabrdagi qaroriga muvofiq, poytaxt bozorlari va savdo majmualaridagi avtoturargohlar narxlari dam olish kunlari oshirilishi belgilangan edi.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, «Munitsipal aktivlarni boshqarish» davlat unitar korxonasi avtoturargohlarda mashinalarning haqiqiy turish vaqtlarini o‘rgangan. Tahlillar ko‘pchilik xaridorning bozordagi harakatlari uchun ikki soatgacha vaqt yetarli ekanini ko‘rsatgan. Shu bois dastlabki ikki soatlik to‘lov miqdori o‘zgarmagan va oddiy tashrif buyuruvchilar uchun qulaylik saqlab qolingan.
Ikki soatdan ortiq turish, odatda, bozor xodimlari, tadbirkorlar va faoliyati bozor yoki unga tutash hududda bog‘langan shaxslarga tegishli ekani ta’kidlandi. Yangilangan tariflar aynan shu toifaga ko‘proq ta’sir qilishi, xaridorlarning kundalik xarajatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi aytildi.
O‘zbekiston kompaniyasi AQSHning ikkilamchi sanksiyasiga duchor bo‘ldi
AQSH Moliya vazirligi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Unga O‘zbekistonning «Datavice» kompaniyasi va uning rahbari rossiyalik Maksim Makarov kiritildi.
Ma’lum qilinishicha, kompaniya ham, Makarov ham kiberjinoiy guruhlarni infratuzilma bilan ta’minlovchi AEZA Group xosting-provayderiga aloqador ekanligi taxmin qilinmoqda.
«Datavice» MCHJ 2025 yil iyulda Toshkentda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. iHamkor ma’lumotlariga ko‘ra, uning ta’sischisi, rahbari va bosh buxgalteri Maksim Makarov hisoblanadi. Kompaniyaning ustav fondi miqdori 24 million so‘mni tashkil etadi va 31-iyuldan boshlab IT Park rezidenti.
Biroq, OrgInfo ma’lumotlariga ko‘ra, 21-iyul holatiga kompaniya rahbari sifatida Rustam Ochilov ko‘rsatilgan.
Poytaxtda havo sifati inson salomatligi uchun o‘ta xavfli darajaga chiqdi
Toshkentda havo sifati yana keskin yomonlashdi. O‘zgidrometning avtomatlashtirilgan monitoring stansiyalari qayd etishicha, 20-noyabr kuni soat 09:00 holatida Toshkent shahrining atmosfera havosidagi PM2,5-mayda dispersli zarrachalar miqdori 202 mkg/m3 ni tashkil etmoqda. Bu ruxsat etilgan me’yorlardan (60 mkg/m3) 3.4-marta yuqori.
IQAir portalida ham Toshkentdagi havo sifati inson salomatligi uchun o‘ta xavfli darajadagi ko‘rsatkichda turibdi.
O‘zgidromet havo ifloslanishini: «Ko‘rsatkichlarning oshishiga harorat o‘zgarishi ham sabab bo‘lgan. Haroratning keskin o‘zgarishi inversiya jarayonini keltirib chiqaradi, bu esa mayda zarrachalarning to‘planishiga va atmosfera havosidagi kontsentratsiyasining oshishiga olib keladi», — deya izohlamoqda.





