Eron nega arab davlatlariga zarba bermoqda?
28-fevral tongida AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi boshlangan harbiy harakatlar Yaqin Sharq mintaqaviy xavfsizlik tizimida jiddiy o‘zgarishlar boshlanayotganini ko‘rsatmoqda. Qizig‘i, javob zarbalarida Eron to‘g‘ridan to‘g‘ri AQSH yoki Isroil hududini emas, balki arab davlatlari hududida joylashgan harbiy infratuzilmani nishonga olmoqda. Bu esa mojaro geografiyasini kengaytirdi, strategik xarakteri kuchaytirdi.
Shuningdek, bu bilan mintaqada AQSH harbiy bazalari joylashgan davlatlar amalda mojaroning bilvosita ishtirokchisiga aylandi. Shu nuqtayi nazardan, hozirgi zarbalar hisoblangan harbiy-siyosiy strategiya sifatida baholanmoqda. Xo‘sh, Eron nega bunday yondashuvni tanladi, u qo‘shnilarga hujum orqali nimani reja qilgan? Quyida shu jarayonning sabablari va geosiyosiy mantig‘ini tahlil qilishga harakat qilamiz.
1. Strategik mantiq: markazga emas, tayanch nuqtaga
Har qanday global kuch o‘z hududidan emas, balki tashqi harbiy infratuzilma orqali ta’sir ko‘rsatadi. AQSHning Yaqin Sharqdagi kuch proyeksiyasi aynan bazalar orqali amalga oshiriladi.
Shu sababli Eron boshlangan urushda quyidagi formulani qo‘llamoqda: agar markazga yetib bo‘lmasa, markazning qo‘llarini zaiflashtir.
Bu kuchlar teng bo‘lmagan sharoitidagi tiyib turish strategiyasi hisoblanadi. Maqsad — urushda AQSH ishtirokining narxini imkon qadar oshirish.
2. Qatar: qaror qabul qilish infratuzilmasi
Qatarda joylashgan Al-Udayd bazasi oddiy aerodrom emas. U AQSH Markaziy qo‘mondonligining mintaqaviy boshqaruv markazlaridan biri hisoblanadi.
Bu baza:
havo operatsiyalarini muvofiqlashtiradi,
razvedka ma’lumotlarini qayta ishlaydi,
zarba buyruqlarini uzatadi.
Bu ba’zani AQSHning urushdagi “miyasi” deya atash ham mumkin. Demak, Eronning bu mamlakatga qaratilgan zarbalari ham o‘ylangan va tizimli hujumlar hisoblanadi.
3. Bahrayn: neft yo‘llari nazorati
Bahraynda AQSHning beshinchi floti joylashgan. Uning vazifasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neft yo‘nalishini himoya qilish hisoblanadi.
Bu yerda ikki o‘lcham bor:
1. Harbiy — dengiz nazorati
2. Iqtisodiy — global neft bozori barqarorligi
Eron o‘z zarbalari orqali esa signal bermoqda: agar mamlakat xavfsizligiga bosim kuchayib boraversa, u global energiya xavfsizligiga ta’sir o‘tkazish, narxlarni istagancha o‘ynatib yuborish imkoniga ega.
Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri eskalatsiya emas, balki eskalatsiya potensialini namoyish qilish.
4. Birlashgan Arab Amirliklari: ko‘p vektorli siyosatning cheklanishi
Birlashgan Arab Amirliklari uzoq vaqt “ko‘p vektorli” siyosat yuritib keldi. Amirliklar bir vaqtning o‘zida:
AQSH bilan harbiy hamkorlik,
Xitoy bilan iqtisodiy sheriklik,
mintaqaviy diplomatik muloqot yuritadi.
Ammo hozirgi urush sharoitida bunday siyosat imkoniyati qisqardi. Chunki mamlakatingda urushayotgan tomonning harbiy infratuzilmasi joylasharkan, endi neytrallik ham imkonsiz bo‘lib qoladi.
Bu xavfsizlik dilemmasining klassik ko‘rinishi: ittifoq orqali xavfsizlik izlash — boshqa tomon uchun tahdidga aylanadi.
5. Ibrohim kelishuvlari va yangi bloklashuv
2020 yilda Isroil bilan ayrim arab davlatlari o‘rtasida Ibrohim kelishuvi nomli shartnoma imzolanadi. Bu BAA, Bahrayn, Sudan, Marokash kabi davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilishini nazarda tutgan va munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan kelishuv edi.
Ammo geosiyosiy jihatdan esa bu kelishuvlar amalda Yaqin Sharqda yangi bloklashuv jarayonini boshlab berardi va jarayon Eron uchun strategik tahdid, o‘rab olish sifatida qabul qilindi.
Shu nuqtadan boshlab mojaro ikki davlat o‘rtasida emas, bloklar o‘rtasidagi raqobatga aylandi.
6. Eronning maqsadi aniq
Shunday qilib Eronning qo‘shni davlatlar hududiga zarba berishdan to‘rtta asosiy hisob-kitobi bor:
1. AQSHning operatsiya xarajatlari oshirish
2. Arab monarxiyalarini AQSH bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish, harbiy ba’zalar borasida ikkilanish paydo qilish
3. Isroil bilan aloqalar rivojida muammolar paydo qilish yoki bu aloqalar narhini oshirish
4. To‘g‘ridan to‘g‘ri global urushga kirmasdan bosim o‘tkazish va bu “chegaralangan eskalatsiya” modeli hisoblanadi.
7. Fors ko‘rfazi davlatlari oldidagi strategik tanlov
Hozirgi vaziyatda mojaroning markazida faqat Eron turgani yo‘q. Bunday tushunish xato bo‘ladi. Bu yerda katta geosiyosiy bosim Fors ko‘rfazi davlatlariga ham tushmoqda. Chunki ularning hududida joylashgan AQSH harbiy infratuzilmasi amalda urushning bilvosita frontiga aylanpti.
Bu davlatlar esa yillar davomida xavfsizlikni tashqi kafolat — ya’ni AQSH harbiy himoyasi orqali ta’minlab keldi. Biroq hozirgi sharoitda aynan shu infratuzilma ularni ehtimoliy javob zarbalari uchun legitim nishonga aylantirmoqda. Demak, xavfsizlikni kuchaytirish uchun qilingan qaror boshqa tomondan xavfni oshirishi mumkin — bu xavfsizlik dilemmasining klassik ko‘rinishi.
Shu nuqtada savol tug‘iladi: Fors ko‘rfazi davlatlari bundan keyin ham tashqi harbiy soyabonga to‘liq suyanishda davom etadimi yoki mintaqada kuchlar muvozanatini saqlashga qaratilgan mustaqilroq siyosatga o‘tadimi? Chunki harbiy baza faqat himoya vositasi emas, u mojaro holatida mamlakatni avtomatik ravishda nishonga ham aylantiradi.
Aynan shu tanlov kelgusi yillarda mintaqaning xavfsizlik arxitekturasini belgilab berishi mumkin.
Xulosa
Shunday qilib, hozirgi mojaro geografiyadan ko‘ra ko‘proq infratuzilma ustida kechmoqda. Shuning uchun Eron hujumlari faqat arab davlatlariga emas, balki ularda joylashgan harbiy va strategik obyektlarga ham qaratilgan. Bu esa mintaqadagi an’anaviy xavfsizlik tushunchasini o‘zgartirmoqda: kimning hududida strategik kuchlar joylashsa, shu hudud mojaro maydoniga aylanadi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, urush nafaqat harbiy, balki iqtisodiy va energetik ta’sirlarga ham ega bo‘ladi. Fors ko‘rfazi davlatlari va mintaqadagi energetika hamda transport infratuzilmasiga bo‘lgan zarbalar neft va gaz narxlariga turli darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, global moliyaviy va tovar bozorlari ham bu strategik harakatlardan mustaqil qolmaydi.
Ya’ni, hozirgi mojaro nafaqat harbiy nuqtai nazardan, balki mintaqaviy qudrat muvozanati, energetika xavfsizligi va global iqtisodiy oqimlarni qayta shakllantirish nuqtai nazaridan ham muhim hisoblanadi.
Teglar






